Ispaniyalik olimlar Orol dengizini tiklash usulini taklif qilishdi

Ispaniyalik olimlar O‘zbekistonda. El País nashri fotosurati

Ispaniyalik olimlar XX asrdagi eng yirik ekologik fojialardan biri markaziga aylangan Orol dengizini qisman tiklash uchun uglerod kreditlari mexanizmini qo‘llashni taklif qildi. Science jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, qurib qolgan sobiq dengiz tubi karbonat angidrid (CO₂) chiqindilarining yirik manbaiga aylangan va hozirgacha atmosferaga yuzlab million tonna CO₂ chiqargan.

Ispaniyaning Ilg‘or tadqiqotlar markazi olimi Rafael Marse rahbarligidagi tadqiqotchilarning baholashicha, 1960-yillardan buyon, ya’ni Amudaryo va Sirdaryo suvlarini paxta maydonlarini sug‘orish uchun keng ko‘lamda burish boshlanganidan so‘ng, Orol dengizi atmosferaga taxminan 748 million tonna CO₂ chiqargan. Bu ko‘rsatkich Ispaniya, Fransiya va Belgiyaning bir yillik umumiy chiqindilariga teng. Olimlarning ta’kidlashicha, kelajakda yana taxminan 605 million tonna CO₂ atmosferaga chiqishi mumkin.

Ushbu tadqiqot qurib borayotgan suv havzalari haqidagi an’anaviy tasavvurni o‘zgartiradi. Odatda ko‘llar uglerodni yutuvchi manba deb hisoblanadi, ammo ular qurishi bilan vaziyat butunlay teskarisiga aylanadi. Suv chekingach, tubdagi cho‘kindilar kislorod bilan aloqaga kiradi, organik moddalarni parchalovchi mikroorganizmlar faollashadi va natijada atmosferaga CO₂ ajralib chiqadi. Mualliflarning ta’kidlashicha, bu jarayon faqat Orol dengizigagina xos emas, balki dunyo bo‘ylab qurib borayotgan boshqa suv havzalarida ham kuzatiladi. Jumladan, Erondagi Urmiya ko‘li va AQSHdagi Katta Tuzli ko‘l shular jumlasidandir.

Ispaniyalik olimlar O‘zbekistonda. El País nashri fotosurati

Ispaniyalik olimlar jamoasi 2022 yilda dala tadqiqotlarini o‘tkazib, sobiq dengiz sohilidan uning markazi tomon harakatlanish jarayonida tuproq namunalarini to‘plashgan. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, yaqinda qurigan hududlarda organik uglerod miqdori ko‘proq bo‘lib, mos ravishda ularning CO₂ chiqarish salohiyati ham yuqoriroq. Bu esa olimlarga so‘nggi o‘n yilliklardagi chiqindilar dinamikasini qayta tiklash imkonini bergan.

Tadqiqotning eng muhim xulosalaridan biri shu bo‘ldiki, mintaqada amalga oshirilayotgan qurib qolgan dengiz tubini ko‘kalamzorlashtirish loyihalari uglerodning yutilishiga deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Rafael Marsening ta’kidlashicha, CO₂ chiqindilarini to‘xtatishning yagona samarali yo‘li — ushbu hududlarni yana suv bilan qoplashdir.

Buning uchun olimlar uglerod kreditlari mexanizmini qo‘llashni taklif qilmoqda. G‘oyaning mohiyati shundaki, oldi olingan CO₂ chiqindilarini iqtisodiy aktiv sifatida baholash va shu orqali xalqaro moliyalashtirish mablag‘larini jalb etish mumkin. Bunday uglerod kreditlarining ehtimoliy qiymati 3,1 milliard yevrodan 15,8 milliard yevrogacha baholanmoqda. Ushbu mablag‘lar bugungi kunda suvning 90 foizigacha yo‘qotilayotgan irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish xarajatlarini qoplashi mumkin.

Mualliflarning hisob-kitoblariga ko‘ra, taxminan 8,5 milliard yevro miqdoridagi investitsiya Orol dengizining 1960 yildagi maydonining yarmigacha bo‘lgan qismini tiklash imkonini beradi. Shu bilan birga, bu katta hajmdagi uglerod kreditlarini shakllantirishga ham xizmat qiladi. Olimlar mazkur mexanizmning o‘zi ham bahsli ekanini, chunki u ko‘pincha yetarli darajada shaffof emasligi uchun tanqid qilinishini tan oladi. Biroq ularning fikricha, aynan ushbu holatda uni qo‘llash o‘zini oqlashi mumkin.

Ilmiy tadqiqot Markaziy Osiyoda ekologik hisob-kitoblar bilan bog‘liq yanada kengroq masalani ham ko‘tarmoqda. An’anaviy yondashuvga ko‘ra, sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari uglerodni yutuvchi hududlar sifatida baholanadi. Biroq, agar Orol dengizining qurishiga qo‘shilgan hissa ham inobatga olinsa, umumiy uglerod balansi salbiy bo‘lishi mumkin. Mualliflar fikricha, bu holat mintaqaning iqlimga ta’sirini baholashga oid yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi.