QMET ofisi yo‘lagidagi uchta konditsioner. «Qirg‘iziston Milliy elektr tarmog‘i» kompaniyasining Facebook sahifasidagi fotosurat
17 iyul kuni Bishkek shahrida va Qirg‘izistonning boshqa viloyatlaridagi qator aholi punktlariga ta’sir qilgan blekautga ikki yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalarining avariyaviy o‘chishi sabab bo‘lgan. Bu haqda «Qirg‘iziston Milliy elektr tarmog‘i» (QMET) kompaniyasi o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.
«220 kV kuchlanishli “Qora-Balta – Bosh” va “Bosh – Cho‘y” elektr uzatish liniyalari o‘chdi. Natijada yuklamani o‘chirish bo‘yicha tizim avtomatikasi ishga tushdi», — deyiladi energetika korxonasi xabarida.
Kompaniya qo‘shimcha qilishicha, elektr ta’minotini tiklash ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, «texnologik buzilish» sabablari ham aniqlanmoqda.
17 iyul kuni taxminan soat 14:30 da Bishkek shahrining deyarli barcha hududlarida elektr ta’minoti uzildi. Bundan oldin ko‘plab uylar va muassasalarda chiroqlarning miltillashi kuzatilgan, bu odatda kuchlanishdagi sakrashlardan dalolat beradi.
Ko‘p o‘tmay, elektr ta’minoti uzilishi haqida boshqa shaharlar aholisi ham shikoyat qila boshladi — Kant, Norin va Jalolobod shaharlarida. Shuningdek, O‘sh viloyatining ayrim hududlarida, xususan, Qorasuv shahrida, shuningdek Cho‘y va Issiqko‘l viloyatlarining ayrim aholi punktlarida ham elektr yo‘qligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
Ayni paytda respublika poytaxtida elektr ta’minotidagi uzilishlar sovuq va issiq suv ta’minotining ham to‘xtashiga olib kelgan. Bishkek aholisi ishlamayotgan svetoforlar, mobil aloqa bilan bog‘liq muammolar va to‘xtab qolgan liftlar haqida xabar berdi. Shaharda tirbandliklar yuzaga kelmasligi uchun ayrim chorrahalarga Patrul xizmati boshqarmasi xodimlari chiqqan.
Suv ta’minoti masalasiga poytaxt ma’muriyati izoh berdi. Amaldorlar elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar sabab suv olish inshootlari ishida uzilishlar yuzaga kelganini tushuntirdi.
«Suv ta’minoti bosqichma-bosqich tiklanadi, chunki nasos stansiyalarini qo‘lda ishga tushirish talab etiladi. “Bishkeksuvkanal” mutaxassislari uskunalarni navbatma-navbat ishga tushirmoqda. Bu ishlar imkon qadar qisqa muddatlarda amalga oshiriladi», — deya va’da berdi shahar hokimligi.
Avariyadan taxminan yarim soat o‘tgach, elektr energiyasi qisman tiklanayotgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘la boshladi. Biroq ayrim fuqarolar chiroqlar qisqa vaqtga yoqilgani va ko‘p o‘tmay yana o‘chgani haqida shikoyat qilgan.
Poytaxtning janubida yashovchi bishkeklik ayolning«Farg‘ona» nashriga aytishicha, uning hududida elektr ta’minoti tiklangan — natijada chiroq taxminan bir soat bo‘lmagan. Biroq suhbatdosh qo‘shimcha qilishicha, «qarshidagi ko‘p qavatli uylarda hali ham elektr yo‘q». Shuningdek, shahar chatlarida aholi o‘rtasida holatni aniqlash uchun xabarlashuvlar olib borilmoqda va ko‘plab foydalanuvchilar haligacha ularga elektr berilmaganini yozmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, elektr ta’minoti uzoq davom etmagan. Mahalliy vaqt bilan soat 15:05 da, poytaxt aholisining xabar berishicha, Bishkek yana ommaviy elektr uzilishidan zarar ko‘rgan.
Xabar e’lon qilingan paytga qadar QMET yangi izoh bilan chiqmagan edi.
Bu joriy yildagi birinchi shunday yirik avariya emas. Masalan, 6 iyun kuni Bishkekning katta qismi elektrsiz qolgan edi. O‘shanda mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, shahar aholisi poytaxt issiqlik elektr markazi (IEM) hududidan kelayotgan g‘alati gumburlagan ovozlar haqida xabar bergan. Mazkur IEM mamlakat shimolidagi eng yirik elektr energiyasi ishlab chiqarish manbai hisoblanadi. Keyinroq Qirg‘iziston Energetika vazirligi blekautga elektr uzatish liniyasi simlarini uzib ketgan yuk mashinasi sabab bo‘lganini ma’lum qilgandi.
Ushbu voqeadan bir necha kun o‘tib, respublika prezidenti Sadir Japarov Energetika vaziri Taalaybek Ibrayevni lavozimidan ozod qildi.



