UNCITRAL arbitraj tribunali Qozog‘iston hukumatiga Qashag‘an koni operatori — North Caspian Operating Company (NCOC) konsorsiumidan 2,3 trillion tenge (4,8 milliard dollar) miqdoridagi ekologik jarimani majburiy undirish choralarini ko‘rishni taqiqladi. Bu haqda Reuters kompaniya bayonotiga tayanib xabar berdi.
NCOC kompaniyasi jarimani asossiz deb hisoblaydi va unga qarshi da’vo qilmoqda — ham Investitsiya nizolarini hal qilish xalqaro markazida (ICSID), ham UNCITRAL arbitrajida.
«Arbitraj tribunali yakuniy arbitraj qarori chiqarilguniga qadar Qozog‘iston Respublikasiga jarimani majburiy undirish bo‘yicha har qanday choralarni ko‘rishni taqiqlovchi ta’minlov chorasini qabul qildi», — deya ma’lum qildi kompaniya.
Konsorsium Qozog‘iston hukumati ta’minlov choralariga rioya qilishi va xalqaro sud jarayonlarining borishiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan harakatlarni amalga oshirmasligiga umid bildirdi.
Avvalroq Qozog‘iston Adliya vaziri o‘rinbosari Daniyel Vaisov NCOC 20 iyulga qadar jarimani to‘lashi kerakligini, aks holda davlat majburiy undirish jarayonini boshlashini aytgan edi.
Qozog‘iston va Qashag‘an koni operatori o‘rtasidagi nizo 2022 yildan beri davom etmoqda. O‘sha paytda hukumat tomonidan o‘tkazilgan ekologik tekshiruv obyektda 1,2 million tonnadan ortiq oltingugurtning me’yordan ortiq saqlanganini, shuningdek, tabiatni muhofaza qilish qonunchiligining boshqa buzilishlarini aniqlagan. Ular qatoriga yetarlicha tozalanmagan oqova suvlarni chiqarish va zarur ruxsatnomalarsiz gaz yoqish holatlari ham kiritilgan.
Qozog‘iston sudlari, jumladan Oliy sud ham, ushbu masalada hukumat tomonini oldi va NCOC kompaniyasining tekshiruv natijalari hamda qo‘llanilgan jarimani bekor qilish haqidagi da’volarini qanoatlantirishni rad etdi.
Shuni ta’kidlash lozim, hozirgi sud jarayoni — Qozog‘iston hukumati konsorsium ishtirokchilariga qarshi boshlagan bir nechta ishlarning faqat biri hisoblanadi. Qozog‘iston, shuningdek, Qashag‘an loyihasini ishlab chiquvchilarga qarshi xalqaro arbitrajda zararni qoplash bo‘yicha da’volar kiritgan. Bloomberg yozishicha, ularning umumiy miqdori 160 milliard dollardan oshadi. Bu summaning katta qismi yo‘qotilgan daromaddan iborat, ammo unga atrof-muhitga yetkazilgan deb taxmin qilinayotgan zarar va korrupsiya bilan bog‘liq yo‘qotishlar ham kiritilgan.
Qashag‘an — Qozog‘istonning Kaspiy dengizidagi sektorida joylashgan birinchi dengiz neft-gaz koni hisoblanadi. Uning qazib olinadigan neft zaxiralari 9 milliarddan 13 milliard barrelgacha baholanadi. NCOC — Qashag‘an koni operatori. Konsorsium tarkibiga quyidagi kompaniyalar kiradi: KMG Kashagan B.V. (16,877%), Shell Kazakhstan Development B.V. (16,807%), Total EP Kazakhstan (16,807%), AgipCaspian Sea B.V. (16,807%), ExxonMobil Kazakhstan Inc. (16,807%), CNPC Kazakhstan B.V. (8,333%) va Inpex NorthCaspian Sea Ltd.



