«Tolibon»* harakati vakillari, Eron hamda Tojikiston hukumatlari uch tomonlama quruqlik transport yo‘lagini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Unga ko‘ra, Afg‘oniston hududi ushbu mamlakatlardan boshqa davlatlarga yuboriladigan tijorat yuklari uchun tranzit yo‘lagi sifatida foydalaniladi. Bu haqdagi kelishuvlar Eronning Mashhad shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tasdiqlangani haqida «Ozodi» radiosi ( Ozodlik radiosining tojik xizmati) toliblarning Transport va fuqaro aviatsiyasi vazirligiga tayanib xabar berdi.
Rejaga ko‘ra, avgust oyidayoq Eron Afg‘oniston orqali Tojikistonga tovarlarning birinchi sinov partiyasini jo‘natadi. Tehronning fikricha, ushbu sinov tashuvi mazkur yo‘nalishning xarajatlarini va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan logistik muammolarni baholash imkonini beradi.
Eron ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar kelgusida ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, yuk mashinasi haydovchilariga maxsus vizalar berish tartibini soddalashtirish, chegaralarda kutish vaqtlarini qisqartirish hamda yuklarni o‘zaro sug‘urtalash tizimini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzadi. Mazkur masala, shuningdek transport yo‘lagini ishga tushirishga oid boshqa tashkiliy muzokaralarning ikkinchi bosqichida muhokama qilinadi. Ushbu uchrashuv Afg‘oniston poytaxti Qobul shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Tojikiston hukumati uch tomonlama kelishuv haqida izoh bermagan. Biroq, «Xovar» agentligi Markaziy Osiyo respublikasi delegatsiyasi Tehronga tashrif buyurgani haqida xabar bergan. Delegatsiyaga Tojikiston Transport vaziri o‘rinbosari Shoista Saidmurodzoda rahbarlik qilgan. Uchrashuvda Portlar va dengiz kemachiligi tashkiloti hamda Eron temir yo‘llari rahbariyati bilan logistika sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilingan. Jumladan, tranzit yo‘nalishlari orqali yuk tashish hajmini oshirish va Eronning Chobahor portida xab tashkil etish haqida so‘z borgan.
Hozirgi vaqtda Eron va Tojikiston o‘rtasidagi tovar tashish ishlari asosan Markaziy Osiyo davlatlari hududi orqali o‘tuvchi quruqlik yo‘nalishlari orqali amalga oshirilmoqda. Rasmiy statistikaga ko‘ra, joriy yilning dastlabki uch oyida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 119,6 million dollarga yetgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8 foizga ko‘pdir.
Eron Islom Respublikasidan Tojikistonga asosan oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan sut mahsulotlari, shakar, mevalar, sabzavotlar, shuningdek qurilish materiallari va yuvish vositalari yetkazib beriladi. Qayta yo‘nalishda esa katta partiyalarda paxta tolasi va qayta ishlanmagan alyuminiy eksport qilinadi.
Ta’kidlanishicha, toliblar qo‘shni Pokiston bilan munosabatlar keskin yomonlashganidan so‘ng Afg‘onistonning shimoli va g‘arbi orqali o‘tuvchi muqobil savdo yo‘nalishlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qarata boshlagan. Bu munosabatlar chegarada tez-tez sodir bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlar hamda aviatsiya va og‘ir harbiy texnika qo‘llangan zarbalar almashinuvi bilan yanada keskinlashgan.
*Tashkilot terrorchilik tashkiloti deb tan olingan va qator mamlakatlarda taqiqlangan.



