Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning Shanxayga ishchi tashrifi doirasida qozog‘istonlik va xitoylik kompaniyalar umumiy qiymati 15 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 70 dan ziyod tijorat kelishuvlarini imzoladi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hujjatlar sun’iy intellekt, raqamlashtirish, transport infratuzilmasi, mashinasozlik, moliya, agrosanoat majmuasi va logistika kabi keng yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Xitoyning yirik yuqori texnologiyali kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvda To‘qayev xitoylik tadbirkorlarni Qozog‘istonni raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishga taklif qildi. U ustuvor yo‘nalishlar qatorida Ekibastuz shahrida Data Center Valley innovatsion klasteri tashkil etilishini qayd etdi. Ushbu loyiha ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, bulutli xizmatlar va sun’iy intellekt infratuzilmasi bo‘yicha mintaqaviy markazga aylanishi kerak.
Bundan tashqari, prezident xitoylik investorlarni yangi Alatau shahrini «aqlli shahar» loyihasi sifatida rivojlantirishga, qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni joriy etishga, shuningdek, muhim minerallarni qazib olish va chuqur qayta ishlash bo‘yicha loyihalarga jalb etishni taklif qildi.
«Bizning maqsadimiz faqat kapital jalb qilish emas. Biz yangi texnologiyalarni birgalikda ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish, yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish va bilimlar iqtisodiyotini rivojlantiradigan inson kapitalini yuksaltirishga intilmoqdamiz», — dedi To‘qayev.
Imzolangan eng muhim hujjatlar orasida Qozog‘iston Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi hamda Huawei Technologies o‘rtasidagi strategik hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv, «Samruk-Qazina» jamg‘armasi, Freedom Holding Corp., Ostona shahar hokimligi va Geely Auto Group o‘rtasida elektromobillar infratuzilmasini rivojlantirish hamda avtomobil sohasiga sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha kelishuv, shuningdek, Allur guruhi va Li Auto o‘rtasida Xitoy brendidagi avtomobillarni Qozog‘istonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish haqidagi kelishuv bor.
Shuningdek, Quriq porti ko‘p funksiyali terminalining birinchi bosqichini qurish, Data Center Valley loyihasini rivojlantirish, tekshiruv uskunalarini mahalliylashtirilgan holda ishlab chiqarish, OMODA va JAECOO avtomobillarini ishlab chiqarish, robototexnika, sun’iy intellekt, telekommunikatsiyalar, logistika va oliy ta’lim sohalarida qo‘shma loyihalar yaratish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
Oqo‘rda ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda Qozog‘istonda Xitoy kapitali ishtirokidagi 8,5 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Xitoyning respublika iqtisodiyotiga kiritgan umumiy investitsiyalari hajmi 30 milliard dollardan oshgan, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi esa 2025 yil yakunlariga ko‘ra 49 milliard dollarga yetgan. Qozog‘iston prezidenti xitoylik investorlarni mamlakat biznes yuritish uchun qulay sharoitlarni, jumladan investitsiyalarni himoya qilish va maxsus soliq rejimlarini ta’minlashga tayyor ekaniga ishontirdi.



