Rossiyada benzin kamaydi

Bu Qirg‘iziston va umuman Markaziy Osiyoga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Nijegorod viloyati Kstovodagi neftni qayta ishlash zavodidagi yong‘in. Rossiya FVV fotosurati

Ko‘p yillar davomida butun Markaziy Osiyoni yonilg‘i bilan ta’minlab kelgan Rossiya ilk bor o‘zi yoqilg‘i tanqisligiga duch kelgan mamlakatga aylanib qoldi. Ukraina tomonidan neftni qayta ishlash zavodlariga berilgan zarbalar ortidan Moskva neft mahsulotlari eksportiga cheklovlarni kuchaytirdi. Bu qarorning ta’siri esa Bishkek, Ostona, Toshkent va Dushanbeda yaqqol sezilmoqda.

Rossiya Federatsiyasi hukumati benzin eksportiga to‘liq taqiqni ilk bor 2025 yil 31 avgust kuni narxlarning keskin oshib ketishi sababli joriy etgandi. 2026 yil yanvar oyi oxirida ushbu taqiq benzin ishlab chiqaruvchi neft kompaniyalari uchun bekor qilindi, ammo vositachilar uchun saqlab qolindi. Biroq, 2026 yil 2 apreldan boshlab taqiq yana ishlab chiqaruvchilarga ham tatbiq etildi. Shu kundan e’tiboran benzin eksporti bozorning barcha ishtirokchilari uchun to‘liq yopildi. Hozircha ushbu cheklov 2026 yil 31 iyulgacha uzaytirilgan.

30 maydan boshlab aviatsiya kerosini eksportiga ham embargo joriy etildi va u 2026 yil 30 noyabrgacha amal qiladi. Hukumat dizel yonilg‘isi eksportini ham to‘liq taqiqlash masalasini muhokama qilmoqda. Biroq, 2026 yil 29 iyun kuni Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak dizel bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilinmaganini ma’lum qildi. Mamlakat ichida esa cheklovlar allaqachon qat’iylashtirilgan. Ellikdan ortiq hududda avtotransportga bir martada 30–40 litrdan ortiq yonilg‘i quyishga limit joriy qilingan. Qrimda esa aholiga benzin va dizel sotuvi butunlay to‘xtatildi.

Rossiya joriy etgan eksport taqiqi boshidanoq Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlarga yetkazib berishga tatbiq etilmagan. Bu ittifoq tarkibiga Rossiya bilan birga Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Armaniston va Belarus kiradi. Biroq, bu imtiyoz faqat hukumatlararo bitimlar doirasida amalga oshiriladigan yetkazib berishlarga nisbatan qo‘llaniladi. Rasman Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lmagan O‘zbekiston esa Rossiya benzinini 2023 yil noyabr oyida imzolangan ikki tomonlama hukumatlararo bitim asosida import qiladi. Shu sababli Rossiyaning amaldagi eksport cheklovlari O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmayapti.

Biroq, bu huquqiy istisnolar ortida amaldagi jiddiy cheklov yashiringan. 2025 yil oktyabr oyidan Rossiya hukumati istisnolar ro‘yxatini o‘zgartirdi. Endi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari, Abxaziya va Janubiy Osetiyaga yonilg‘i yetkazib berish erkin tarzda emas, balki faqat indikativ balanslar va hukumatlararo bitimlarga ilova qilingan bayonnomalarda oldindan belgilangan hajmlar doirasida amalga oshirilishi mumkin. Boshqacha aytganda, qo‘shni mamlakatlar hujjatlarda ko‘rsatilgan miqdordagina yonilg‘i oladi va bir litr ham ortiq emas. Rossiyaning o‘zida yonilg‘i tanqisligi kuchaygan sari esa hatto shu belgilangan hajmlarni ta’minlash ham tobora qiyinlashmoqda.

Asosiy muammo rasmiy taqiqning o‘zida emas, balki yonilg‘ining jismoniy tanqisligidadir. Iyun oyining ikkinchi o‘n kunligi oxiriga kelib, bir qator neftni qayta ishlash zavodlari faoliyati to‘xtagani sababli Rossiyada benzin ishlab chiqarish hajmi taxminan chorakka qisqardi.

Qirg‘iziston uchun bu masalaning ahamiyati ayniqsa katta. Mamlakat yonilg‘ining deyarli barchasini Rossiyadan oladi. Respublika Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda yiliga taxminan 1,6 million tonna yonilg‘i-moylash materiallari iste’mol qilinadi. Shundan 90–95 foizi Rossiyadan import qilinadi. Benzin bo‘yicha esa Rossiyaning ulushi qariyb 100 foizga yetadi.

2026 yil uchun taxminan 1,5 million tonna neft mahsulotlarini bojsiz yetkazib berish kvotasi kelishib olingan. Unga 650 ming tonna benzin, 550 ming tonna dizel yonilg‘isi va 150 ming tonna aviatsiya kerosini kiradi. Hozircha mamlakat rasmiylari vaziyatga xotirjam qaramoqda. Qirg‘iziston nefttreyderlar assotsiatsiyasi rahbari Kanat Eshatovning ta’kidlashicha, «Barcha mahsulotlar yetkazib berilmoqda. Zaxiralarimiz bir yarim oydan ortiq muddatga yetarli». Shu bilan birga, u mamlakatda AI-95 va AI-98 markali benzin tanqisligi sezilayotganini ham tan oldi. Eng ko‘p iste’mol qilinadigan AI-92 benzini va dizel yonilg‘isi bo‘yicha hozircha muammo yo‘q. Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida taqchillik kuzatilmayapti, narxlarning keskin oshib ketishining oldi esa davlat tomonidan tartibga solish orqali olinmoqda. Chegaraviy narxlar sentyabr oyi oxirigacha belgilangan bo‘lib, Bishkekda AI-92 benzinining bir litri 79,90 somdan sotilmoqda.

Eng katta zarba esa Rossiya yonilg‘isiga mutlaq qaram bo‘lgan mamlakatlarga tegmoqda. Mutaxassislar fikricha, mintaqada eng zaif davlatlardan biri hisoblangan Tojikistonda 2025 yilda import qilingan neft mahsulotlarining 84 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mamlakatda benzin va dizel narxlari allaqachon oshgan, ammo hukumat bu holatni aniq sabablarni aytmasdan, «tashqi omillar» bilan izohlamoqda. O‘zbekistonda esa aviatsiya kerosini tanqisligi tufayli Uzbekistan Airways Rossiyaga amalga oshiriladigan bir nechta reyslarni bekor qilishga majbur bo‘ldi. Mahalliy iqtisodchilar esa yonilg‘i yetkazib berishning muqobil manbalarini zudlik bilan izlashga chaqirmoqda.

Qizig‘i shundaki, aynan shu paytda Rossiyaning o‘zi Qozog‘istondan yordam so‘rashga majbur bo‘ldi. Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Moskva ichki bozordagi yonilg‘i tanqisligini yumshatish maqsadida taxminan 50 ming tonna AI-92 benzinini import qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Biroq, Ostona bu borada rasmiy so‘rov bo‘lganini inkor etmoqda. Qozog‘iston Energetika vaziri Yerlan Akkenjenov 2026 yil 26 iyun kuni «Rossiya tomonidan hech qanday rasmiy murojaat bo‘lmagan», deya bayonot berdi. Shu bilan birga, u Qozog‘istonning o‘zida ham ayni paytda aviatsiya kerosini yetishmayotganini ta’kidladi. Bundan tashqari, Qozog‘iston ham neft mahsulotlari eksportiga cheklovlar kiritdi. 2026 yil 1 iyuldan 31 dekabrgacha mamlakat Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidan tashqari davlatlarga benzin, aviatsiya kerosini va dizel yonilg‘isini eksport qilishni taqiqladi. Shu bilan birga, Ostona uchinchi mamlakatlardan, avvalo Xitoydan yonilg‘i import qilish uchun boj stavkalarini bir yil muddatga nol darajaga tushirishni rejalashtirmoqda.

Shunday qilib, Markaziy Osiyo uchun vaziyat ikki xil ma’no kasb etmoqda. Huquqiy jihatdan Rossiyaning eksport taqiqi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi qo‘shni davlatlar hamda O‘zbekistonga tatbiq etilmaydi va hukumatlararo bitimlar doirasidagi yetkazib berishlar rasman davom etmoqda. Lekin, Rossiyaning mintaqa uchun asosiy energetika ta’minotchisi sifatidagi an’anaviy o‘rni ilk bor jiddiy sinovga duch keldi. Rossiyaning ichki bozorida tanqislik kuchaygan sari indikativ balanslarda nazarda tutilgan hajmlarni ta’minlash tobora qiyinlashmoqda. Natijada qo‘shni davlatlar oldindan muqobil ta’minot manbalarini izlashga majbur bo‘lishmoqda — Xitoy benzinidan tortib, Ozarbayjon va Turkmaniston aviatsiya kerosinigacha.

Bu yilgi yoz Bishkek, Toshkent va Dushanbega muhim bir saboq berdi va u benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqning o‘zi emas, balki yagona yetkazib beruvchiga haddan tashqari qaramlik qanchalik qimmatga tushishi mumkinligini anglash bo‘ldi.

  • Nima uchun Oʻzbеkiston yana bir bor gaz taqchilligiga duch kеlgani va yana bir bor yoqilgʻi quyish shoxobchalari faoliyatini chеklagani haqida

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Rossiya matbuoti «nato» snaryadlari tufayli Qozog‘istonga hujum qila boshladi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor