Qozog‘iston Tengizdagi avariya va KQK bilan bog‘liq «muammolar» tufayli 6 million tonna neft qazib olish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi

Tengizda 2026 yil 18 yanvarda sodir bo‘lgan yong‘in. Videodan olingan skrinshot

2026 yilda Qozog‘istonning neft qazib olish hajmi Kaspiy quvurlar konsorsiumi (KQK) bilan bog‘liq muammolar va Tengiz konidagi avariya tufayli taxminan 6 million tonnaga kamaydi. Bu haqda 13 oktyabr kuni brifingda Bosh vazir o‘rinbosari — Milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin ma’lum qildi, deb xabar beradi TASS.

«Yil boshida Tengizda sodir bo‘lgan avariya, KQK bilan bog‘liq muammolar — biz taxminan 6 million tonna neft yo‘qotdik. Qanday yo‘qotdik? Qazib olmadik. Aniqroq aytganda, u yer ostida qolib ketdi, iqtisodiy jarayonlarda ishtirok etmayapti», — deb tushuntirdi Jumangarin.

Bugun Qozog‘iston Energetika vaziri o‘rinbosari Yerlan Akbarov ham 2026 yil yanvar — sentyabr oylarida mamlakatda 69,4 million tonna neft qazib olinganini ma’lum qildi. Bu 2025 yilning shu davridagi hajmning 91,7 foizini tashkil etadi.

Yetishmay qolgan hajmni qoplash uchun hukumat Qashag‘an va Tengiz konlaridagi rejali profilaktik ta’mirlash ishlarini boshqa muddatga ko‘chirgan. Bundan tashqari, neft qazib olishni ko‘paytirish choralari bo‘yicha yirik yer qa’ridan foydalanuvchi kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda. 2026 yil yakuni bo‘yicha prognoz 96 million tonna neftni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, 2025 yilda Qozog‘iston 99,55 million tonna neft qazib olgan.

Avvalroq Qozog‘iston Energetika vazirligi 2026 yil uchun neft qazib olish rejalari Tengizdagi ishlab chiqarishdagi uzilish va KQK infratuzilmasiga qilingan hujumlarni hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqilganini ma’lum qilgan edi.

Milliy iqtisodiyot vaziri Tengizdagi faqat bitta avariyani tilga olgan bo‘lsa-da, joriy yilda u yerda uchta jiddiy hodisa yuz berdi. 18 yanvar kuni kondagi GTES-4 elektr stansiyasining transformatorlarida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu neft qazib olishni qariyb bir oyga to‘liq to‘xtatib qo‘ydi. 11 mart kuni kaustik neytrallash qurilmasida yong‘in chiqdi, biroq o‘sha paytda ishlab chiqarishni to‘xtatmaslikka erishildi. Nihoyat, 26 may kuni Tengizda yana bir avariya yuz berdi — «Tengizshevroyl» operatori konda ishlab chiqarish jarayonida uzilish sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Kaspiy quvurlar konsorsiumi (KQK) Tengiz va Qozog‘istonning yana ikkita yirik koni — Qashag‘an hamda Qarachig‘anoqdan qazib olingan neftni Novorossiysk yaqinidagi dengiz terminaliga tashishni ta’minlaydi. 2026 yilda Qora dengizdagi konsorsium infratuzilmasi, shuningdek, xomashyo tashiyotgan tankerlar bir necha bor Ukraina dronlari hujumiga uchradi. Buning oqibatida neft yuklash vaqtincha to‘xtatildi va Qozog‘iston uglevodorodlar qazib olish hajmini kamaytirishga majbur bo‘ldi.