Toshkentdagi Human House galereyasi hududida yongʻin yuz berdi — oshxona butunlay yonib ketdi

Lola Sayfining Facebook sahifasidagi videodan lavha

27 noyabrga oʻtar kechasi Toshkentdagi Human House madaniy markazida yongʻin sodir boʻldi. Olov galereya va hovliga zarar yetkazmagan, ammo oshxonani butunlay kulga aylantirgan, deb xabar berаdi Human House asoschisi Lola Sayfi oʻzining Facebook sahifasida.

Sayfining qoʻshimcha qilishicha, yongʻin nafaqat madaniy makon hududiga, balki yonginasidagi «Bagration» qahvaxonasiga ham taʼsir qilgan, shu bois endilikda faqat oʻz joyini tiklash emas, qoʻshnilarga ham yordam berish vazifasi turibdi.

Galereya asoschisining yozishicha, Human House yaqindagina eski bino uchun qarzlaridan qutulib, uni rekonstruksiya qilishga kirishgan edi. Buzib, qaytadan qurilishi rejalashtirilgan oshxonadan tashqari, deyarli butun uyda elektr simlari allaqachon yangilab chiqilgandi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, aynan oʻsha yerda qisqa tutashuv yuz bergan, deya yongʻin sababini keltiradi Sayfi.

Madaniy makon asoschisi bu falokat sayyohlik mavsumi susaygan, qahraton arafasida va moliyaviy imkoniyatlar cheklangan bir paytda roʻy berganidan afsusda. Holbuki, Human House odatdagidek keng koʻlamli dasturlarni — koʻrgazmalar, maʼruzalar, mahorat darslari va boshqa tadbirlarni rejalashtirib qoʻygandi.

«Shu yillar davomida biz odamlar qoʻllab-quvvatlov, ilhom, yangi bilimlar, doʻstlar, ijod va kasbiy rivojlanish uchun imkoniyat topa oladigan makon yaratishga intildik. Biz hunarmandlarga tadbirkor boʻlishda koʻmaklashdik, yosh dizaynerlarni qoʻllab-quvvatladik, oʻz maydoniga ega boʻlmaganlarga gʻoyalarini amalga oshirish uchun sharoit yaratdik. Bugun esa Human House’ning oʻzi koʻmakka muhtoj», — deb yozаdi loyiha asoschisi.

Hozirda madaniy markaz oldida yongʻindan soʻng hududni tozalash, yetkazilgan zararni baholash va imkon qadar qisqa vaqt ichida har ikkala — oʻz oshxonasi hamda qoʻshni qahvaxona oshxonasini tiklash choralarini topish vazifasi turibdi.

Shu munosabat bilan Sayfi befarq boʻlmagan insonlardan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etishda yordam soʻradi.

«Biz eng turli takliflar va yordam shakllariga tayyormiz: qurilish kompaniyalari, arxitektorlar, muhandislar va mutaxassislar koʻmagidan tortib, qurilish materiallari, oshxona jihozlari taqdim etish, moliyaviy yordam va birgalikda maqbul yechimlarni izlashgacha», — deya taʼkidladi u.

Galereya asoschisi, shuningdek, hudud tozalanib borgan sari ishlarning borishi va tiklanish uchun aynan nimalar zarurligi haqida jamoatchilikni xabardor qilib borishini maʼlum qildi.

«Human House men uchun hech qachon shunchaki biznes boʻlmagan. Bu yillar davomida koʻplab insonlarning mehnati bilan yaratilgan tirik organizmdir. Bu yuzlab insonlarning hikoyalari, taqdirlari, isteʼdodlari va umidlari tutashgan Uy boʻlib, biz ular haqida doimo soʻzlab kelamiz, — deya soʻzida davom etadi Sayfi. — Biroq hamjamiyatning kuchi nafaqat birgalikda boshdan kechirgan goʻzal voqealar soni bilan, balki ogʻir damlarda bir-birini qoʻllab-quvvatlash qobiliyati bilan ham oʻlchanadi».

Agar Human House madaniy markazi taqdiriga befarq boʻlmasangiz, Lola Sayfiga mablagʻ oʻtkazishingiz mumkin.

Bank kartalari rekvizitlari quyidagicha:
UzCard 8600 4904 7985 3541
Visa 4604 7200 0492 4135
Lola Sayfi

  • Tojikiston poytaxti maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan tekshiruv o‘qituvchilar soni ko‘paygani, ammo bilim darajasi pasayganini ko‘rsatdi

  • Qochqinlar sabab Britaniyaning kriket sport o‘yini qanday qilib Afg‘onistonda mashhur bo‘lib ketgani haqida

  • «Rosatom» Markaziy Osiyoda yadro tibbiyotini qanday rivojlantirayotgani va loyihalar qaysi bosqichda ekani haqida

  • Rossiya targ‘iboti qozog‘istonliklarga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani haqida