Sud qozogʻistonlik faol Sanjar Boqaevni 10 yilga ozodlikdan mahrum qildi

Sanjar Boqaev matbuot anjumanida, 2024 yil. Foto: respublika.kz.media saytidan

Olmaotaning Olmali tuman sudi jamoat arbobi va bloger Sanjar Boqaevni xavfsizligi oʻrtacha muassasada jazoni oʻtash sharti bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda Ulysmedia.kz xabar beradi.

Bundan tashqari, sud Boqaevga OAVda chiqish qilish, munozaralarda qatnashish va izoh berishni taqiqladi. Faolning jiyani Madiyar Qalmenov olti yil-u olti oyga ozodlikdan mahrum etildi. Videograf Ulan Nusipqoja esa ikki yil-u olti oyga ozodlikni cheklash jazosini oldi.

26 noyabrdagi muzokaralar davomida davlat ayblovi Boqaev uchun 12 yil, Qalmenov uchun etti yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini soʻragan edi. Nusipqojaga esa prokuratura 2,5 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanishini iltimos qilgandi.

«Odam oʻldirganlik uchun bundan kamroq berishadi», — deya soʻralgan muddat haqida aytgandi Boqaev.

Jamoat arbobi Jinoyat kodeksining beshta moddasi: firibgarlik, pul yuvish, oʻgʻrilik, bila turib yolgʻon axborot tarqatish hamda daraxtlarni noqonuniy kesish boʻyicha ayblandi.

Ayblov epizodlaridan biri «KazTransGaz» AJ kasaba uyushmasi tashkiloti mablagʻlarining ehtimoliy talon-toroj qilinishi boʻldi. 2018 yilda kompaniya «Gʻarbiy Xitoy — Gʻarbiy Evropa» xalqaro avtopoygasini tashkil etgan edi. Uni oʻtkazish uchun kasaba uyushmasi orqali 86,8 mln tenge ($190 ming) ajratilgan. Oʻsha paytda kompaniya bosh direktori maslahatchisi lavozimini egallab turgan Sanjar Boqaev loyihani nazorat qilgan.

Asosiy pudratchi sifatida tergov Boqaevning jiyani Madiyar Qalmenov bilan bogʻlayotgan BM Trust kompaniyasi jalb qilingan. Tergov va prokuratura talqiniga koʻra, avtopoygani tashkil etishda smetalar oshirib koʻrsatilgan, etkazilgan zarar miqdori esa 42,2 mln tengedan ($92 ming) oshgan.

Ayblovning yana bir epizodi Ulken Almati (Katta Olmaota) daryosi sohilboʻyini qayta qurish vaqtida granit plitalarning oʻgʻirlanishi bilan bogʻliq. Prokuratura talqiniga koʻra, Boʻqaev 12 ta granit plitani oʻgʻirlab, ularni qabrtosh tayyorlash ustaxonasiga olib borishi uchun Ahliddin Hamraqulovga pul toʻlagan.

Ayblov taʼkidicha, Boqaev videograf Ulan Nusipqoja bilan birgalikda jarayonni videoga olib, voqeani goʻyoki oʻgʻrilikni tasodifan payqab qolgandek koʻrsatib, izohlab borgan. Keyinchalik video Boqaevning Instagram sahifasida eʼlon qilingan boʻlib, sodir boʻlgan voqea uchun javobgarlik pudratchi tashkilotlar hamda hokimlik mansabdor shaxslari zimmasiga yuklangan.

Prokurorning soʻzlariga koʻra, keyinroq Boqaev va Nusipqoja Hamraqulovni yana jalb qilishgan — bu safar Baum bogʻidagi daraxtlarni noqonuniy kesishni uyushtirish uchun.

Videograf hali oktyabr oyidayoq aybini tan olib, sobiq ish beruvchisiga qarshi koʻrsatma bergan edi. Boʻqaev oʻziga qoʻyilgan barcha ayblovlarni rad etdi.

Sanjar Boqaev — jamoat arbobi, bloger, roʻyxatdan oʻtmagan «Namys» raqamli partiyasi etakchisi. U birinchilardan boʻlib utilizatsiya yigʻimiga qarshi ochiq chiqish qila boshlaganidan soʻng keng tanilgan.

Boqaev turli yillarda Olmaota hokimligining Yoshlar siyosati boʻyicha boshqarmasi hamda Ichki siyosat boshqarmasini boshqargan. «KazTransGaz» kompaniyasi boshqaruvi raisi maslahatchisi va Senat raisining jamoatchilik asosidagi maslahatchisi boʻlgan, keyinchalik mebel ishlab chiqarish bilan shugʻullangan.

Boqaev AQShdagi Kolumbiya universiteti, Lomonosov nomidagi MDU va Rossiya prezidenti huzuridagi Rossiya davlat xizmati akademiyasini tamomlagan. U siyosatshunos, siyosat fanlari doktori (PhD).

Shuningdek, Boqaev «Nur Otan» partiyasi Olmaota shahar filiali raisi oʻrinbosari lavozimida ishlagan. 2020 yil yozida «etika kodeksi va partiya ustaviga rioya qilmagani, shuningdek badallarni oʻz vaqtida toʻlamagani fakti» sabab koʻrsatilib, u erdan chiqarib yuborilgan.