«Hayotim sizning qo‘lingizda edi»

Chechenistonlik faol Mansur Movlayevning Olmaotadagi tergov hibsxonasidan yo‘llagan video murojaati

19 oydan beri hibsda saqlanayotgan va hozirda Olmaotadagi tergov izolyatorida qolayotgan chechen faoli Mansur Movlayev videomurojaat yozdi. 26 noyabr kuni videoni Qozog‘istonning muxolifatdagi BASE kanali e’lon qildi. Yozuv qachon amalga oshirilgani noma’lum — yaqinda huquq himoyachilari Movlayevning Rossiyaga ekstraditsiya qilinishi ehtimoli borligini ma’lum qilgan edi.

Videoda faol Qozog‘iston Bosh prokuraturasi va sudlari himoya tomonining vajlarini, shuningdek, BMT Qo‘mitasining Rossiyaga topshirilgan taqdirda unga qiynoqlar va sudsiz qatl qilinish xavfi borligi haqidagi ogohlantirishlarini e’tiborsiz qoldirganini ta’kidladi.

«Afsuski, Bosh prokuratura bunga dalil topmaganini bildirdi. Shuningdek, ularga diplomatik kafolatlar berilganini aytishdi... Ammo agar bu kafolatlar ish berganida, Salman Tepsurkayev va yerto‘lalaru qamoqxonalarda qiynoqqa solinib, o‘ldirilgan yuzlab boshqa chechen yigitlari hozir tirik bo‘lardi», — dedi faol.

Movlayevning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiyaga qaytarilgan taqdirda o‘lim kutayotganiga shubha qilmayapti. «Gap faqat buni qanday amalga oshirishlari va qanday talqin qilishlarida. Balki harbiy harakatlarga shartnoma imzolashga majburlashar, amalda esa qayerdadir o‘ldirib, bedarak yo‘qoldi deyishar. Yoki o‘z joniga qasd qildi deyishar — yaqindagi urinishlarimdan so‘ng buni shunday ko‘rsatish ular uchun oson bo‘ladi», — deya bayonot berdi u (joriy yilning sentyabr oyida Qozog‘istonda ekstraditsiya qamog‘ida bo‘lgan Movlayev ikki marta o‘z joniga qasd qilishga uringan edi — «Farg‘ona» izohi).

Movlayev ishini ko‘rib chiqishda ishtirok etgan prokuror va sudyalarga alohida murojaat qildi.

«Men bu prokurorlar va sudyalar — ayniqsa menga: “Sen shahid bo‘lasan-ku”, degan inson ushbu videoni ko‘rishini xohlayman. Ular uchun inson hayoti hech qanday ahamiyatga ega emas. Lekin Qiyomat kuni hammasi uchun javob berishingizga to‘g‘ri keladi (...) Hayotim sizning qo‘lingizda edi, Yaratgan uni sizga ishonib topshirgan edi. Ammo siz o‘z bilganingizni qildingiz», — deya ta’kidladi u.

Murojaati yakunida faol Qozog‘istonda uni qo‘llab-quvvatlayotgan insonlardan minnatdor ekanini va qozoq xalqiga hech qanday e’tirozi yo‘qligini aytdi. Shu bilan birga, u hatto umrbod qamoq jazosini anglatsa ham, mazkur respublikada hibsda qolishni afzal ko‘rishini bildirdi.

Mansur Movlayev — Ramzan Qodirov rejimiga qarshi chiquvchi «Adat» muxolifat harakati ishtirokchisi. 2020 yilda faol Rossiya Federatsiyasida giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasi bo‘yicha ayblanib, sudlangan bo‘lib, huquq himoyachilari bu ishni soxtalashtirilgan deb ataydilar. Shartli ravishda muddatidan ilgari ozod qilinganidan so‘ng, Movlayev chechen xavfsizlik kuchlari tomonidan bir necha bor o‘g‘irlab ketilgan va qiynoqlarga duchor bo‘lgan. Uning qarindoshlari ham ta’qibga uchragan.

Faol Qirg‘izistonga, u yerdan esa Qozog‘istonga qochishga muvaffaq bo‘lgan. Bu orada Rossiyada unga nisbatan ekstremizm bo‘yicha ish qo‘zg‘atilib, federal qidiruv e’lon qilingan. 2025 yilning may oyida faol Moskvaning so‘roviga binoan Olmaotada hibsga olinib, ekstraditsiya qamog‘iga joylashtirilgan. Movlayev Qozog‘istondan qochqin maqomini olishga harakat qilgan, biroq unga rad javobi berilgan.

O‘tgan qishda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi faolning shikoyatini ro‘yxatga olib, murojaat ko‘rib chiqilgunga qadar Qozog‘istonni uni Rossiyaga ekstraditsiya qilishdan tiyilishga chaqirgan edi. Oktyabr oyida Qo‘mita Qozog‘iston hukumatiga faol Mansur Movlayev ishi bo‘yicha shoshilinch ta’minlash choralari o‘z kuchida qolayotganini eslatib o‘tdi.