O‘zbek rejissyori Rashid Malikovning «Paxta» filmi Moskvada bo‘lib o‘tgan X Xalqaro «Yevroosiyo ko‘prigi» kinofestivalida badiiy filmlar yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi deb topildi. Bu haqda «Rossiyskaya gazeta» xabar berdi.
Badiiy filmlar dasturiga saralab olingan kartinalarni o‘zbek rejissyori va ssenarist Yusup Roziqov raisligidagi hakamlar hay’ati baholadi. G‘olib va sovrindorlarni aniqlashda unga xitoylik hamkasbi Lam San Chjao, shuningdek, rossiyalik prodyuser va ssenarist Mariya Borodyanskaya hamrohlik qildi.
Borodyanskayaning ta’kidlashicha, «Paxta» filmi turli mamlakatlardagi tomoshabinlarga tushunarli bo‘lgan bir nechta muhim ijtimoiy masalalarni ko‘taradi. Uning qo‘shimcha qilishicha, «Yevroosiyo ko‘prigi» kinofestivalidagi bosh mukofot filmning yanada keng auditoriyaga yetib borishiga yordam beradi.
Vetnamlik rejissyor Leon Lining «Ki Nam restorani» filmi hakamlar hay’atining maxsus e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Eng yaxshi rejissura uchun mukofot esa rossiyalik Vladimir Zaxarenkoga Ikkinchi jahon urushi voqealariga bag‘ishlangan «Bolalik ostonasida» tarixiy dramasi uchun berildi.
Eng yaxshi hujjatli film deb rossiyalik Yuliya Bobkovaning «Farishtalar maqomi» filmi topildi. Ushbu yo‘nalishda hakamlar hay’atining maxsus e’tirofiga turkiyalik rejissyor Alkan Avjiog‘lu suratga olgan «Posthaqiqat» filmi sazovor bo‘ldi. Ushbu filmning o‘ziga xos jihati shundaki, u to‘liq sun’iy intellekt yordamida yaratilgan. Unda inson va texnologiyalar o‘rtasidagi munosabatlar, raqamli davrda voqelik haqidagi tasavvurlarning o‘zgarishi tahlil qilinadi.
O‘zbek rejissyori Rashid Malikovning «Paxta» filmiga qaytsak, u «Farg‘ona» nashriga bergan intervyusida bosh qahramon obrazi orqali o‘zbek ayolining eng yaxshi fazilatlarini ko‘rsatishni istaganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, qahramon har qanday vaziyatda ham hayotdan ma’lum darajada quvonishda davom etadi.
«Yevroosiyo ko‘prigi» xalqaro kinofestivali 2016 yildan buyon Rossiya Madaniyat vazirligi ko‘magida o‘tkazib kelinmoqda. Bu yil Moskvada Bolgariya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Ispaniya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Shveysariya va boshqa mamlakatlardan jami 14 davlatning 28 ta filmi namoyish etildi. Festivalning asosiy dasturi yakunlanganidan so‘ng, filmlar Rossiya poytaxtidan tashqari Qrimda ham «Festival sadosi» dasturi doirasida namoyish etiladi.



