Qirg‘iziston sobiq prezidentining o‘g‘li ommaviy tartibsizliklarni tayyorlash ishi bo‘yicha sudlandi

Qodir Atambayev (chapda) va Temirlan Sultonbekov. akipress.org sayti fotosurati

Bishkek shahrining Pervomayskiy tuman sudi 8 oktyabr kuni hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olishga tayyorgarlik ko‘rish ishi bo‘yicha hukm chiqardi. Ushbu ishda «Sotsial-demokratlar» partiyasi vakillari, jumladan, Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevning o‘g‘li Qodir Atambayev ham ayblanuvchi sifatida qatnashgan. Bu haqda Akipress xabar berdi.

«Sotsial-demokratlar» partiyasi rahbari Temirlan Sultonbekov va uning o‘rinbosari Qodir Atambayev sud tomonidan hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olishga tayyorgarlik ko‘rishni tashkil etgan deb topildi. Ularga mol-mulkni musodara qilish bilan birga 4 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shu bilan birga, Sultonbekovning 2025 yil 24 aprelda Bishkek shahri Sverdlov tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukm bo‘yicha o‘tab bo‘lmagan jazosi (ovozlarni sotib olish ishi) hisobga olingan holda, uning yakuniy jazo muddati 7 yilni tashkil etdi. Ular jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tashadi.

«Sotsial-demokratlar» partiyasi a’zosi Ermek Ermatov jinoyatni yashirishda aybdor deb topilib, bir yil muddatga probatsiya nazoratiga yuborildi.

Parlament sobiq deputati Kubanichbek Kadirov to‘liq oqlandi.

Qozog‘iston fuqarosi Serikbay Kabilanbek 1 yil 9 oyga ozodlikdan mahrum etildi. U qamoqda saqlangan vaqtida tayinlangan jazo muddatini amalda o‘tab bo‘lgani munosabati bilan hibsdan ozod qilindi. Ozodlikka chiqqach, u Qirg‘izistondan chiqarib yuboriladi.

Yana bir ayblanuvchi — Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqaroligiga ega Abdurahim Abdraxmanov hokimiyatni egallab olishga tayyorgarlik ko‘rishga undaganlikda aybdor deb topildi. Ushbu ish bo‘yicha unga mol-mulkini musodara qilish bilan 2 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Biroq 2022 va 2023 yillarda boshqa ishlar bo‘yicha unga chiqarilgan hukmlar hisobga olingan holda, yakuniy jazo muddati mol-mulkni musodara qilish bilan umumiy tartibdagi koloniyada 8 yilni tashkil etdi.

Sud jarayoni sudya Iskander Sargaldakov raisligida yopiq tarzda o‘tkazildi.

Mamlakat sobiq prezidentining o‘g‘li va uning tarafdorlari qo‘lga olingani haqida o‘tgan yil 24 noyabrda xabar berilgan edi. O‘shanda kuch ishlatar tuzilmalar bir nechta shaxsga nisbatan 30 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan parlament saylovlaridan so‘ng boshlanishi rejalashtirilgan ommaviy tartibsizliklarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi. Ichki ishlar vazirligi «destruktiv guruh» haqida ma’lumot bergan bo‘lib, uning tarkibiga siyosatchilar, sobiq deputatlar, sobiq davlat xizmatchilari va kuch ishlatar tuzilmalari xodimlari kirgani aytilgandi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ular provokatsiyalar va kuch ishlatish bilan bog‘liq to‘qnashuvlar uchun tarafdorlarni, jumladan, uyushgan jinoiy guruhlar (UJG) va sport jamoalari vakillarini jalb qilishgan.

Dastlab barcha gumonlanuvchilar qamoqqa olingan, biroq keyinchalik ayrim shaxslarga nisbatan ehtiyot chorasi yengillashtirilgan. Kubanichbek Kadirov va Shayloobek Atazov uy qamog‘iga o‘tkazilgan, Damir Musakeyev esa tilxat asosida ozod qilingan. 2026 yil iyul oyida uch nafar ayblanuvchi — Atazov, Musakeyev va Urmat Bariktabasovga nisbatan materiallar alohida ish yurituviga ajratilgan.