Qozog‘iston hukumati Shimoliy Orol dengizida suv sathini 44 metrga ko‘tarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda respublika hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
Kelgusi besh-olti yil davomida suv yuzasi maydonini 3,9 ming kvadrat kilometrga, suv hajmini esa 34 milliard kub metrga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bunday ko‘rsatkichlar hukumat Jahon banki bilan hamkorlikda ishlab chiqqan Shimoliy Orol dengizini tiklashning navbatdagi bosqichiga kiritilgan. Loyiha Ko‘koral to‘g‘onini rekonstruksiya qilish, shuningdek, suv resurslaridan yanada samarali foydalanish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Hozirgi vaqtda Shimoliy Orol dengizidagi suv hajmi 23,4 milliard kub metrni tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 19 milliard kub metr, 2023 yilda — 21 milliard, 2024 yilda — 22 milliard, 2025 yil yakunlariga ko‘ra esa 23 milliard kub metrni tashkil etgan.
Hokimiyat organlari suv hajmining oshishini Qozog‘istonda 20 yildan ortiq vaqt davomida olib borilayotgan tizimli ishlar bilan bog‘lamoqda. Bu davrda Shimoliy Orol dengizining maydoni 36 foizga kengaygan, suv hajmi deyarli ikki baravarga oshgan, minerallashuv darajasi esa ikki barobarga kamaygan. Qayd etilishicha, bu suv havzasi ekotizimining tiklanishiga xizmat qilgan.
Erishilgan ko‘rsatkichlarni saqlab qolish maqsadida Suv resurslari va irrigatsiya vazirligi har yili Sirdaryo orqali Shimoliy Orol dengiziga kamida 2 milliard kub metr suv yo‘naltirishni rejalashtirmoqda.
Shu bilan birga, Turkiston va Qizilo‘rda viloyatlarida Orol — Sirdaryo havzasida irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish va avtomatlashtirish bo‘yicha 160 dan ortiq loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Kutilishicha, bu suv yo‘qotishlarini kamaytirish va tejalgan suv hajmini Shimoliy Orol dengiziga yo‘naltirish imkonini beradi.
Parallel ravishda Qozog‘iston Orolning qurib qolgan tubida o‘simlik qoplamini tiklash ishlarini ham davom ettirmoqda. Bugungi kunga qadar u yerda 3,4 ming tonna saksovul va galofit o‘simliklar urug‘i ekildi, 56,2 million tup saksovul ko‘chati o‘tqazildi. O‘rmonlarni tiklash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar umumiy maydoni 1,1 million gektarga yetdi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, saksovul va boshqa o‘simliklar plantatsiyalari maydonini 1–1,5 million gektarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Orol dengizi — Markaziy Osiyoda, Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasida joylashgan sobiq oqimsiz sho‘r ko‘l. 1960-yillardan boshlab dengiz sathi tez sur’atlarda pasaya boshlagan. Bunga, jumladan, uning asosiy suv manbalari bo‘lgan Amudaryo va Sirdaryo suvlarining sug‘orish maqsadlarida olib qo‘yilishi sabab bo‘lgan. 1989 yilda dengiz bir-biridan ajralgan ikki suv havzasiga — Shimoliy (Kichik) va Janubiy (Katta) Orol dengizlariga bo‘lindi. Dengizning qurishi butun Markaziy Osiyo uchun ekologik falokatga aylandi va mintaqa davlatlariga jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy zarar yetkazdi.



