Intriga keyinga qoldirildi

Kuzatuvchilar va ekspertlar — Qozog‘istondagi yangi parlament — Qurultoyga ilk saylovlar haqida
akorda.kz sayti fotosurati

3 avgust kuni Qozog‘istonda Qurultoyga ilk saylovlar bo‘lib o‘tdi. Mamlakatning yangilangan bir palatali parlamenti endi shu nom bilan ataladi. Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, prezident Qosim-Jomart To‘qayevga tayanch sifatida o‘tgan bahorda tashkil etilgan «Әdіlet» («Adolat») partiyasi 71,17 foiz ovoz olgan, umumiy saylovchilar faolligi esa 74 foizdan biroz yuqori bo‘lgan. Bu raqamlar qanchalik real va ovoz berish jarayonini kuzatuvchilar qanday baholadi — «Farg‘ona» materialida.

Tabrikdan tanqidgacha

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ovoz berish jarayoni misli ko‘rilmagan darajada yuqori saviyada tashkil etilganini aytdi. «Markaziy saylov komissiyasi katta ishlarni amalga oshirdi. Saylov jarayoniga puxta o‘ylangan yechimlar, jumladan, sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etilmoqda, bu esa ish sifatini sezilarli darajada oshirdi», — dedi davlat rahbari.

U xorijiy kuzatuvchilar tomonidan ovoz berish jarayoniga katta qiziqish bildirilganini ta’kidladi. Shuningdek, xalqaro hamjamiyat saylov natijalarini tan olganini va ular «milliy qonunchilik hamda barcha belgilangan talablarga to‘liq muvofiq kelishini tasdiqlaganini» aytdi.

MDH davlatlari, Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT), MDH davlatlari Parlamentlararo assambleyasi mamlakatlaridan kelgan kuzatuvchilar, haqiqatdan ham, ovoz berish jarayoni qonun talablariga muvofiq o‘tgan degan xulosaga kelgan. To‘qayevni saylovlarni muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan o‘nlab davlat rahbarlari, jumladan, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Rossiya prezidentlari tabrikladi. Biroq, Qozog‘iston rahbari tilga olishni ma’qul ko‘rmagan boshqa, unchalik maqtovga sazovor bo‘lmagan baholar ham bo‘ldi.

☝️ Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YEXHT DIIHB) o‘zining dastlabki hisobotida Qurultoy saylovlarini tanqid qilib, ularda «siyosiy plyuralizm bo‘lmagani»ni qayd etdi. Gap shundaki, saylovda ishtirok etgan yetti partiyaning barchasi amaldagi prezident siyosatini qo‘llab-quvvatlagan, o‘zini o‘zi nomzod sifatida ko‘rsatgan shaxslar uchun esa parlamentga yo‘l yopiq bo‘lgan.

YEXHT DIIHB kuzatuvchilari saylovning boshqa ishtirokchilariga nisbatan «Әdіlet» partiyasiga berilgan ustunlikka alohida e’tibor qaratdi. «Әdіlet» 2023 yildan buyon Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan birinchi yangi siyosiy partiya bo‘ladi. Shu bilan birga, boshqa partiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazishga bo‘lgan urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

Avval hukmron partiya bo‘lgan Amanat bilan birlashganidan so‘ng, «Әdіlet» uning infratuzilmasi, partiya apparati, tashkiliy tajribasi, siyosiy aloqalari va resurslariga ega bo‘ldi. Kuzatuvchilar fikricha, bu borada «Әdіlet»ning imkoniyatlari saylovdagi boshqa ishtirokchilarnikidan ancha ustun bo‘lgan. Hisobotda ta’kidlanishicha, ushbu omillarning yig‘indisi partiyaga «asossiz ustunlik» bergan va davlat bilan siyosiy tashkilot o‘rtasidagi chegaraning xiralashishiga olib kelgan.

Ovoz berishdan sal oldin qabul qilingan saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar ham tanqid qilindi. YEXHT DIIHB bahosiga ko‘ra, keng ko‘lamli tuzatishlar qisqa muddat ichida kiritilgan, ularni jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish imkoniyatlari esa cheklangan.

Kuzatuvchilar saylovchilarning ovoz berishdagi ishtirokiga ham alohida e’tibor qaratgan.

YEXHT DIIHB kuzatuvchilari qayd etganidek, tashrif buyurilgan uchastkalarning aksariyatida ovoz berish belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq o‘tgan. Biroq rasman e’lon qilingan va amaldagi saylovchilar ishtiroki ko‘rsatkichlari o‘rtasida tafovutlar kuzatilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi saylovchilarning ishtirokini 74,19 foiz deb baholagan. Biroq, kuzatuvchilar tashrif buyurgan uchastkalarda ro‘yxatdan o‘tgan va ovoz bergan fuqarolar soni haqida ma’lumotlarni mustaqil ravishda to‘plagan. Ularning bahosiga ko‘ra, amalda ovoz berganlar soni rasman e’lon qilingan ko‘rsatkichdan ancha past bo‘lgan.

Tashrif buyurilgan uchastkalarning 6 foizida saylovchilar byulletenlarni suratga olgan. Ayrim saylovchilarning aytishicha, suratlar ish beruvchilarga hisobot berish uchun kerak bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqdan olingan fotosurat

☝️ Kuzatuvchilar eng jiddiy muammolarni ovozlarni hisoblash jarayonida aniqlagan. Ular hozir bo‘lgan 119 ta saylov uchastkasidan 40 tasida jiddiy qoidabuzarliklar tufayli jarayonga salbiy baho berilgan. Sakkizta uchastkada saylov qutilaridagi byulletenlar soni ovoz bergan saylovchilar sonidan ko‘p bo‘lgan.

Bundan tashqari, to‘rtta uchastkada bayonnomalar oldindan imzolangan, 37 ta holatda ular jamoatchilik tanishishi uchun ochiq joyga ilib qo‘yilmagan, 32 ta holatda esa kuzatuvchilarga belgilangan nusxalar berilmagan. Hisobotda qayd etilishicha, qator uchastkalarda komissiyalar saylovchilar soni, imzolar va foydalanilmagan byulletenlar miqdoriga oid muhim ma’lumotlarni ham tasdiqlay olmagan.

YEXHT DIIHB avval ham Qozog‘istondagi saylovlarni, jumladan, 2023 yilda ikki palatali parlamentning quyi palatasi — Majilisga bo‘lib o‘tgan saylovlarni tanqid qilgan edi. 2025 yilda prezident Qosim-Jomart To‘qayev Qatarning Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida tashkilot xulosalariga munosabat bildirib, uni xolis emas deb atagan va uning faoliyati samaradorligini shubha ostiga qo‘ygan.

Yevropa Ittifoqi bunday bahoga qo‘shilmadi. Bryussel Qozog‘iston hukumatining saylovlarni tayyorlash va o‘tkazish bo‘yicha sa’y-harakatlarini e’tirof etdi. Biroq, ayni paytda YEXHT DIIHBning siyosiy va media plyuralizmi cheklangani, shuningdek, saylov tizimi xalqaro demokratik saylov standartlariga mos emasligi haqidagi xuloslarini «inobatga olganini» bildirdi.

YEI Qozog‘istonni demokratik islohotlar ustida ishlashni davom ettirishga chaqirdi. Shu bilan birga, Bryussel Ostona bilan «umumiy qadriyatlar va o‘zaro hurmatga asoslangan strategik sheriklikni yanada mustahkamlash maqsadida» hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Bryusselning bu boradagi bayonoti yetarlicha ehtiyotkorona bo‘ldi: Yevropa Ittifoqi saylovlarga mustaqil ravishda keskin baho berishdan voz kechib, xalqaro kuzatuvchilar xulosalariga havola qilish va islohotlarni davom ettirishga chaqirish bilan cheklandi.

Raqamlar bilan «o‘yinlar»

Ta’kidlash lozim, ovozlarni hisoblash jarayoni bo‘yicha savollar nafaqat xalqaro kuzatuvchilarda paydo bo‘lgan. Qozog‘istonlik huquq himoyachisi Tatyana Chernobil Olmaotadagi o‘z hududida joylashgan beshta saylov uchastkasining bayonnomalarini o‘rganib, natijalardagi g‘ayrioddiy o‘xshashlikka e’tibor qaratdi.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, beshta uchastkaning barchasida saylovchilarning ishtiroki deyarli bir xil bo‘lgan — foizlardagi farq atigi 0,36 foiz atrofida bo‘lgan. U partiyalar o‘rtasida ovozlarni taqsimlashda ham shunga o‘xshash manzarani aniqlagan.

«Agar barcha yetti partiya natijalarini, ularga “Barchaga qarshi” variantini va haqiqiy emas deb topilgan byulletenlar ko‘rsatkichini qo‘shib solishtirsak, bir-biridan mustaqil bo‘lgan beshta uchastka o‘rtasidagi natijalarning o‘rtacha farqi saylov varaqasidagi barcha to‘qqizta band bo‘yicha... 0,29 foizni tashkil etadi», — deb yozgan Chernobil Facebookda.

«Nega ko‘lami jihatidan mutlaqo farq qiladigan beshta uchastka deyarli bir xil natija ko‘rsatdi? Bunday nihoyatda aniqlik nimadan dalolat beradi? IT mutaxassislari tilida: bu bagmi yoki fichami?» — deya savol qo‘yadi huquq himoyachisi.

Shunga qaramay, so‘nggi vaqtlarda ancha «tozalangan» Qozog‘iston axborot maydonida bunday savollar va mustaqil tekshiruvlar tobora kamayib bormoqda. Qozog‘istonlik siyosatshunoslar va ekspertlarning mutlaq ko‘pchiligi saylovlarga yuqori baho berdi. E’tiborlisi, bu safar ularga Rossiyalik hamkasblari ham qo‘shildi.

Rossiyada — ma’qullashdi

Siyosatshunos Vladimir Vinogradovning fikricha, saylovlar prezident Qosim-Jomart To‘qayevga «kuchli ichki va tashqi xavf-xatarlarni yuzaga keltirmagan holda siyosiy konstruksiyani mustahkamlash» imkonini berdi.

Ekspertning fikricha, Moskva uchun saylov natijalari To‘qayevning mamlakat ichidagi mavqei mustahkamlanganini anglatadi. Uning aytishicha, Kreml Qozog‘iston prezidentiga moslashishi uchun ma’lum vaqt talab qilindi, biroq Rossiya uchun Qozog‘istondagi tushunarli va barqaror siyosiy tizim yangi va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan tizimdan afzal.

Vinogradov hokimiyat partiyasi almashganiga ham e’tibor qaratdi. 71,17 foiz ovoz olgan «Әdіlet» 2023 yilgi saylovlarda «Amanat» olgan 53,9 foizdan ancha yuqori natija qayd etdi.

«Moskva nazarida bu xuddi “Yedinaya Rossiya 2.0”ning o‘zi. Ayniqsa, Nazarboyevning “Nur Otan” partiyasi negizida shakllangan “Amanat” muxolifatga o‘tib ketmay, yangi favoritga qo‘shilgani bunga yaqqol misol. Eski partiya brendi avvalgi siyosiy sikl bilan haddan tashqari bog‘liq bo‘lib ko‘rindi, yangi qobiq esa boshqaruvchanlikni saqlab qolish va “yangi davr”ga o‘tishni ramziy jihatdan rasmiylashtirish imkonini berdi», — deb yoazdi Vinogradov o‘zining Telegram-kanalida.

Siyosatshunos Konstantin Kalachyov esa Qozog‘iston tajribasi kelajakda Rossiya uchun ham foydali bo‘lishi mumkin, deb taxmin qiladi. Uning fikricha, saylovlar «siyosiy texnologiyalarning yuqori darajasi va ko‘p bosqichli yechimlar»ni namoyish etgan.

Kalachyov ta’kidlashicha, respublika hukumati jamiyat talablarini inobatga olish va barqarorlikni taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirish mumkinligini namoyish eta oldi. Natijada partiyaviy-siyosiy tizim ichki va tashqi legitimlikka ega bo‘ldi, ovoz berish natijalari esa saylovchilarning siyosiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlayotganini tasdiqladi.

Nihoyat, Siyosiy ekspertlar guruhi eksperti Vladimir Kuznetsov Qozog‘iston tajribasiga Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ham e’tibor qaratishi kerak, deb hisoblaydi.

«Keskin liberallashuv yoki konservatsiya ssenariylaridan farqli o‘laroq, Ostona boshqaruvchanlikni saqlab qolgan holda institutlarni bosqichma-bosqich yangilash mumkinligini namoyish etmoqda. Qurultoyga saylovlar hokimiyat vakuumini yuzaga keltirmagan va vorisiylikni buzmagan holda yangi siyosiy konfiguratsiyani shakllantirdi», — dedi u.

Qarshi ovoz

Bo‘lib o‘tgan saylovlarni tanqid qilgan kam sonli ekspertlardan biri qozog‘istonlik siyosatshunos Dosim Satpayev bo‘ldi. U Deutsche Wellega bergan intervyusida Qozog‘istonda saylov jarayoni hanuz to‘liq nazorat ostida qolayotganini, saylovchilar esa hamon haqiqiy tanlovga ega emasligini aytdi.

Dosim Satpayev. Videodan skrinshot

«Hech qanaqa intriga yo‘q», — deya ta’kidlaydi Satpayev. Unga ko‘ra, ikki palatali parlamentdan bir palatali parlamentga o‘tish siyosiy o‘yin qoidalarida jiddiy o‘zgarishlarga olib kelmagan.

Uning fikricha, hukumat Nazarboyevdan keyingi siyosiy tizimni shakllantirishga urinmoqda, biroq avvalgi modelning ko‘plab elementlari saqlanib qolinmoqda. Bunga misol sifatida u hukmron partiyalarning almashishini — «Nur Otan» va «Amanat»dan «Әdіlet»ga o‘tishini keltirdi.

Satpayev, shuningdek, Qurultoyga saylovlar hokimiyatning kelgusi tranziti bilan bog‘liq kengroq jarayonning bir qismi, deb hisoblaydi. U vitse-prezident lavozimi paydo bo‘lganiga e’tibor qaratadi. Ushbu lavozim ehtimol To‘qayevning ehtimoliy vorisini tayyorlash jarayoni bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, siyosatshunos amaldagi prezident hokimiyatni saqlab qolishga urinishi ehtimolini ham istisno qilmaydi. Uning 2029 yilgi saylovlarda ishtirok etish imkoniyati bor, Konstitutsiyaviy sud esa buning uchun huquqiy asos yaratgan.

Ko‘rinishidan, bu masala bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilinmagan. Shu bois asosiy intrigalar saylovdan keyin boshlanadi. Eng katta qiziqishlar kadrlar bo‘yicha qarorlar, xususan, vitse-prezident lavozimini kim egallashi, shuningdek, To‘qayevning yangi muddatga nomzodini qo‘yish-qo‘ymasligi haqidagi qaror bilan bog‘liq.

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Rossiya matbuoti «nato» snaryadlari tufayli Qozog‘istonga hujum qila boshladi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor

  • YouTubeda tinchlik davrida halok bo‘lgan qozog‘istonlik askarlar haqida film e’lon qilindi