«Vaziyat juda nozik»

O‘nlab qozog‘istonliklar Rossiyaga ishlash uchun ketishgan, ammo u yerda urushga jalb etilgan
ulysmedia.kz sayti fotosurati

So‘nggi kunlarda Rossiyaga ishlash uchun borib, oxir-oqibat urushga tushib qolgan qozog‘istonliklar haqidagi hikoyalar OAV diqqat markazida bo‘ldi. Kuni kecha ularning oilalari yaqinlarini imkon qadar tezroq uyga qaytarishni so‘rab, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi binosi oldiga yig‘ildilar. Ularning aytishicha, bir necha kundan beri yaqinlarining taqdiri haqida hech qanday ma’lumot ololmayapti. Tafsilotlar — «Farg‘ona» materialida.

Putinga maktub

7 oktyabr kuni bir guruh ayollar Ostona markazida, Tashqi ishlar vazirligi binosi qarshisidagi yo‘lakda yig‘ilishdi. Qozog‘iston OAVlari tarqatgan videoda aksiya ishtirokchilaridan biri — qora kurtka va oq ro‘moldagi ayol yerda o‘tirib yig‘layotgani, ikki ayol esa uni tinchlantirayotgani ko‘zga tashlanadi. Orqa fonda harakatlanayotgan avtomobillar aks etgan. Yig‘ilganlar — Rossiyaga ishlash uchun ketgan, ammo oxir-oqibat urushga tushib qolgan qozog‘istonliklarning qarindoshlari. Ular hukumatdan farzandlarini uyga qaytarishni so‘rashmoqda.

Qarindoshlari bilan birga TIV binosi oldiga huquqshunos Meyrman Shekeyev ham kelgan, deb xabar beradi ulysmedia.kz. U jurnalistlarga ayrim yoshlar bilan aloqada ekanini aytgan. Ularning aksariyati hozir Luganskda.

Videodan skrinshot

Shekeyevning so‘zlariga ko‘ra, unga murojaat qilayotgan oilalar soni ortib bormoqda.

Hozirda Rossiyadan qaytishni istagan kamida 21 nafar Qozog‘iston fuqarosi haqida ma’lum. Biroq, ro‘yxat bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Huquqshunos yoshlarning hujjatlarini o‘rganib chiqqan va ular urushda ishtirok etish niyatida bo‘lmagan, deb hisoblaydi. Uning aytishicha, ayrimlarga qo‘riqlash sohasida ish va’da qilingan. Yoshlarning ba’zilari rus tilini yaxshi bilmagani bois imzolayotgan hujjatlarining mazmunini tushunmagan. Shekeyev, shuningdek, bu masala yuzasidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat yo‘llaganini ma’lum qildi. Maktub manzilga yetib borish-bormasligini u bilmaydi.

«Bizda uch kun qoldi»

O‘tgan hafta «Ozodlik» radiosi Ostona shahrida yashovchi 25 yoshli Miras Tasharganovning hikoyasini yoritdi. U OLX orqali oyiga 90 ming rubl maosh taklif qilingan ishni topgach, Rossiyaga ishlash uchun yo‘l olgan.

20 avgust kuni Miras Kurskka ketgan. Onasi Guljan Tasharganovaning so‘zlariga ko‘ra, u go‘sht kombinatida qadoqlovchi bo‘lib ishlashi kerak bo‘lgan. Ayolning ta’kidlashicha, Miras va boshqa ishchilar mehnat sharoitidan norozi bo‘lib shikoyat qilganidan so‘ng, ularni harbiy xizmat saralash punktiga olib ketishgan.

Miras Tasharganov onasi bilan. azattyqasia.org sayti fotosurati

Tasharganov onasi bilan suhbatlarida Rossiya Qurolli kuchlarida bir yil xizmat qilish uchun shartnoma imzolaganini va bunga majburlanganini aytgan. Shundan so‘ng ayol o‘g‘lini uyga qaytarishga yordam berishni so‘rab, Qozog‘iston davlat organlariga murojaat qilgan.

Yaqinda yana 15 kishidan iborat guruh haqida ma’lum bo‘ldi. Yoshlar videomurojaat yozib, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnomalarni aldov yo‘li bilan imzolashga majburlanganini, shundan so‘ng ularni jangovor hududga yuborishga tayyorlay boshlashganini aytishgan. Ulardan biri — 1999 yilda tug‘ilgan Jusip Shaxnazar Yerbolatuli. Yaqinlarining aytishicha, u ham Tasharganov kabi Rossiyaga vaxta usulida ishlash uchun borgan.

«Men Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda qolib ketgan qozog‘istonliklardan biriman. Men bilan birga yana sakkiz nafar yigit bor. Sizdan har qanday mumkin bo‘lgan yordamni so‘raymiz. Bizda atigi uch kun qoldi», — deydi u videomurojaatida.

Uyga qaytishga imkon qadar tezroq yordam berishlarini so‘rab, 19 yoshli Kaysar Almaz ham gapirgan.

«Urushga jo‘natish boshlandi. Guruhimizdagi bir yigitni allaqachon olib ketishdi. Bizda atigi uch kun qoldi. Butun Qozog‘iston xalqidan yordam so‘raymiz», — deydi u.

Kaysarning so‘zlariga ko‘ra, yoshlar elchixona va advokatlarga murojaat qilishgan. Ular urushda ishtirok etish niyatida bo‘lmaganini, hujjatlarni bosim ostida imzolaganini ma’lum qilishgan.

«Bizni aldashdi. Biz hech narsani o‘z xohishimiz bilan imzolamadik. Bizni kuch ishlatib, imzo qo‘yishga majburlashdi», — deydi u.

Shunga o‘xshash vaziyatga Chimkentlik 19 yoshli Aynabek Keldebek ham tushib qolgan. U armiyada xizmat qilganidan so‘ng lombardda qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, 27 avgust kuni esa do‘stlari bilan birga Rossiyaga jo‘nab ketgan.

Uning onasi Perizat Yeleusizovaning aytishicha, o‘g‘li rus tilini yaxshi tushunmaydi va unga imzolash uchun berilgan hujjatlarning mazmuniga tushunmagan. U «Baris» qo‘riqlash agentligiga ishga kirayotganiga ishongan.

«Qo‘riqlash agentligi haqida do‘stimdan eshitgandim. Biz uch kishi bo‘lib keldik. Bizga ishlaysizlar, deyishdi. Bizni aldashdi va hujjatlarga imzo qo‘ydik. Keyin esa: bo‘ldi, endi urushga borasizlar, deyishdi. Yo urushga borasizlar, yoki 15 yilga qamalasizlar, deyishdi. Biz qo‘rqib ketdik, boshqa ilojimiz yo‘q edi, shuning uchun shu yerga kelib ketdik», — deydi Aynabek.

Onasiga ko‘ra, uning o‘g‘li poligonda bo‘lgan va deyarli har kuni uni qachon olib ketishlarini so‘ragan. U qochib ketish haqida ham o‘ylagan, biroq onasi uni bu fikridan qaytargan. Uning aytishicha, oilasi boshqa bir yosh yigit qochishga uringanida oyog‘idan o‘q yegani haqida eshitgan.

Hukumat munosabati

Dastlabki murojaatlardan so‘ng Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Rossiya armiyasi tarkibida qolib ketgan fuqarolarni vatanga qaytarishga ko‘maklashishni so‘rab nota yuborgan. 2 oktyabr kuni Tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi Qozog‘istondagi Rossiyaning vaqtinchalik ishlar vakili Aleksandr Komarov bilan uchrashib, yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qilgan.

TIV yoshlarning qarindoshlarini yordam ko‘rsatish jarayonini tezlashtirish uchun OAVga emas, balki bevosita vazirlikka murojaat qilishga chaqiradi. Shu bilan birga, ulardan to‘liq ma’lumot taqdim etish so‘ralgan: familiya va ismlar, tug‘ilgan sanalar, taxmin qilinayotgan joylashuvi hamda yoshlar tuzgan mehnat shartnomalarining shartlari haqidagi ma’lumotlar.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Janbolat Usenov. Videodan skrinshot

«Ijtimoiy tarmoqlarda videomurojaatlarni yozib qoldirgan fuqarolarga nisbatan zarur choralar ko‘rilmoqda. Ularni Vatanga qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Ishonch telefoniga murojaatlar kelib tushishi davom etmoqda. Ularning har biri bo‘yicha ma’lumotlar tekshirilmoqda. Tekshiruv yakunlangach, shakllantirilgan ro‘yxat Rossiya tomoniga yuboriladi», — deya ma’lum qildi vazirlik.

Qurultoy deputati Yerlan Sairov esa hukumat ushbu masala bo‘yicha «yopiq diplomatik kanallar orqali» ish olib borayotganini ma’lum qildi.

«Vaziyat juda nozik bo‘lgani sababli, hozircha ommaga biror tafsilotni ma’lum qila olmaymiz», — deya qo‘shimcha qilgan u. Shuningdek, u fuqarolarni xorijga chiqishdan oldin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni baholashga chaqirgan.

«Xalqaro vaziyat kun sayin o‘zgarib bormoqda, xavf va tahdidlar juda ko‘p. Har bir fuqaro biror qadam tashlashdan oldin juda ehtiyotkor bo‘lishi kerak. Agar fuqarolar boshqa davlatlarga borishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, qonun va tartibga rioya qilishi hamda o‘zlari ham ehtiyotkor bo‘lishi zarur», — deya ta’kidlaydi u.

Urushdagi qozog‘istonliklar

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida Rossiya qo‘shinlari tomonida ishtirok etayotgan Qozog‘iston fuqarolari soni haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Avvalroq Ukrainaning «Xochu jit» davlat loyihasi kamida 2389 nafar Qozog‘iston fuqarosi Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgani haqida xabar bergan edi.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Yerjan Ashikbayev tushuntirishicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro hududidan qozog‘istonliklarni qaytarish jarayoni nihoyatda murakkab. Asosiy to‘siq — asirlarni almashishning amaldagi xalqaro mexanizmlari bo‘lib, ular faqat mojaro tomonlari tomonidan tartibga solinadi.

Agar shaxsning Rossiya fuqaroligi ham borligi aniqlansa, vaziyat yanada murakkablashadi. Bunday hollarda uning huquqiy maqomi o‘zgaradi va qozog‘istonlik diplomatlarning uni Qozog‘istonga qaytarishga ko‘maklashish imkoniyatlari sezilarli darajada cheklanadi.

Ayrim harbiy xizmatchilar yarador bo‘lib, gospitallarda davolanganidan so‘ng o‘zlari Qozog‘istonga qaytib keladi. Shundan keyin ularga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atiladi.

Qozog‘iston Jinoyat kodeksida yollanma askarlik uchun javobgarlik belgilangan. 170-moddaga ko‘ra, yollanma askarning qurolli mojaroda ishtirok etishi mol-mulkni musodara qilish bilan yoki musodarasiz 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Agar yollanish odamlarning halok bo‘lishi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa, jazo 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosini tashkil etadi.

Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 172-moddasi mavjud, u Qozog‘iston fuqarolarining xorijiy davlatlar hududidagi qurolli mojarolarda ishtirok etishi uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Bu qilmish 5 yildan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

«Yolg‘on ma’lumot tarqatish»

Qozog‘istonliklarni Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga jalb qilish holatlari haqida avval ham xabar berilgan, ammo ilgari bunday voqealar bu qadar katta jamoatchilik e’tiborini tortmagandi. 2025 yil bahorida Facebookda «Uralskaya nedelya» gazetasining sobiq bosh muharriri Lukpan Axmedyarovning sahifasida, shuningdek, «Prosto jurnalistika» YouTube-kanalida G‘arbiy Qozog‘istonning bir nechta aholisi Rossiyaga, go‘yoki Stariy Oskoldagi go‘sht ishlab chiqarish korxonasida ishlash uchun olib ketilgani haqida ma’lumot paydo bo‘lgandi. Biroq, chegarada ularning pasportlari olib qo‘yilgan va ularga «ish shartnomalari deb atalgan, aslida esa maxsus harbiy operatsiyada ishtirok etish bo‘yicha shartnomalar» tarqatilgan. Bu voqeani Axmedyarovga erkaklardan birining singlisi aytib bergan va jurnalistdan akasini uyga qaytarishga yordam berishni so‘ragan.

Lukpan Axmedyarov. Videodan skrinshot

Biroq ko‘p o‘tmay, bu voqea kutilmagan tus oldi. Qozog‘istonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi qozog‘istonliklarni harbiy shartnomalar tuzishga majburlash haqidagi xabarlarni rad etdi. Konsulxona ma’lum qilishicha, Uralsk shahri aholisi Rossiyaning «Sibir grupp» kompaniyasida ishlash uchun hujjatlarni rasmiylashtirgan va ularning hech biri maxsus harbiy operatsiyaga yuborilmagan. Axmedyarovga akasi haqida ma’lumot bergan ayol esa jurnalist ustidan politsiyaga ariza berib, uni yolg‘on ma’lumot tarqatishda ayblagan.

Axmedyarovning so‘zlariga ko‘ra, keyinchalik ayol unga qo‘ng‘iroq qilib, arizani politsiya xodimlarining bosimi ostida va «jinoiy ta’qibga uchrash qo‘rquvi bilan» yozganini aytgan. Jurnalist ayol bilan bo‘lgan suhbatni yozib olgan va audioni o‘z kanalida e’lon qilgan. Axmedyarovning suhbatdoshi unga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini bir necha bor takrorlagan va akasi uyiga qaytib kelgani uchun unga minnatdorchilik bildirgan.