Nazarboyev jiyanining kompaniyasidan chiqindilar uchun $6,5 mln jarimani majburiy undirish boshlandi

pixabay.com saytidan olingan surat

Qozogʻistonning «JAN i KS» neft kompaniyasidan 3 mlrd tengedan ($6,5 mln) ziyod ekologik jarima undirilmoqda, sud ijrochilari Atirau viloyati byudjetiga 490 mln tengedan ($1 mln) ortiq mablagʻni oʻtkazib berdi, deb xabar qiladi Ulysmedia.kz.

Qonunbuzarlikni Atirau viloyatining tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi aniqladi. Mahkama maʼlumotlariga koʻra, quduqlarni burgʻilash jarayonida kompaniya burgʻilash shlamini hamda ishlatilgan burgʻilash qorishmasini noqonuniy ravishda toʻplab borgan.

Burgʻilash shlami — burgʻilash vaqtida quduqdan chiqarib olinadigan maydalangan togʻ jinsidir. U burgʻilash dolotosini sovitish va jinslarni yuzaga chiqarish uchun qoʻllaniladi. Foydalanilgandan keyin bu materiallar tarkibida neft mahsulotlari va kimyoviy moddalar boʻlishi mumkin, shu sababli ular alohida utilizatsiya qilinishni talab etadi.

Kompaniya atrof-muhitga yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan antropogen taʼsir meʼyorlarini buzganligi uchun Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 328-moddasi 6-qismi boʻyicha maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

Xabarda qayd etilishicha, «JAN i KS»ga jarima hali 2024 yilda tayinlangan edi. Kompaniya uni sudda bahsli qilib bekor qilishga urindi, ammo shikoyatlari rad etildi. Qaror qonuniy kuchga kirdi va endilikda undiruv majburiy tartibda amalga oshirilmoqda. Qolgan mablagʻni — qariyb 2,5 mlrd tengeni ($5,4 mln) — prokuratura nazoratda ushlab turibdi.

«JAN i KS» Atirau viloyatidagi «Pribrejnoye» konida neft va gaz qazib olish bilan shugʻullanadi. Korxona yoʻl qurilishi, gidrotexnika inshootlarini barpo etish, qurilish materiallari va foydali qazilmalarni olish sohasida faoliyat yurituvchi Aytei Group xoldingi tarkibiga kiradi. Ushbu xoldingga Nursulton Nazarboyevning jiyani Ahmetjan Yesimovning ukasi Seyitjan Yesimov egalik qiladi (Ulysmedia.kz Seyitjan Yesimovni ham birinchi prezidentning jiyani deb ataydi — «Fargʻona» izohi). Katta Yesimov oʻz vaqtida Olmaota hokimi, EKSPO-2017 rahbari va «Samruk-Qazina» boshqaruvi raisi boʻlgan.

Qozogʻiston hukumati ekologiyaga yetkazilgan zarar uchun neftchilarga muntazam ravishda jarimalar soladi. 2025 yilning yanvarida oqova suvlarni yer qaʼriga oqizganlik, belgilangan limitlardan ortiqcha burgʻilash chiqindilarini toʻplaganlik va meʼyordan ortiq chiqarilmalar uchun «Mangistaumunaygaz» korxonasi umumiy hisobda 32,2 mlrd tenge (qariyb $61 mln) miqdorida jarimaga tortildi. Oʻsha vaqtning oʻzida sud Qashagʻan koni operatori — North Caspian Operating Company kompaniyasidan tegishli ruxsatnomasiz mashʼalalarda gaz yoqqanligi uchun 3,55 mlrd tenge ($6,7 mln) undirish toʻgʻrisida qaror chiqardi.

2026 yilda «Karachaganak Petroleum Opereyting» meʼyordan ortiq chiqarilmalar va oqova suvlarni tashlaganlik uchun 2,07 mlrd tenge ($4,5 mln) jarima oldi. Avvalroq esa «Embamunaygaz» Atirau viloyatidagi konlarda yoʻldosh gazni noqonuniy yoqqanligi sababli 6,6 mlrd tenge (oʻsha vaqtda $17,8 mln) toʻlagandi.

  • Nima uchun Rossiyadagi data — markazlaridagi muammolar Qozog‘istondagi odatiy servislar faoliyatini izdan chiqarib yubordi va respublika bu vaziyatdan foydalana oladimi?

  • 1916 yilgi qo‘zg‘olondan Ukrainadagi urushga qadar

  • O‘nlab qozog‘istonliklar Rossiyaga ishlash uchun ketishgan, ammo u yerda urushga jalb etilgan

  • Qozog‘iston sun’iy intellekt poygasida AQSH va Xitoy o‘rtasida qanday muvozanat saqlamoqda