Tojikiston va Eron to‘liq vizasiz tartibga o‘tdi

Tojikiston va Eron fuqarolari umumiy chegarani nafaqat havo yo‘li orqali, balki quruqlikdagi nazorat-o‘tkazish punktlari orqali ham vizasiz kesib o‘tish huquqiga ega bo‘ldi. Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga tayangan holda «Xovar» xabar berdi.

5 oktyabrdan boshlab amaldagi umumfuqarolik xorijiy pasportlariga ega fuqarolar 90 kunlik davr mobaynida 30 kungacha boshqa tomon hududiga vizasiz kirishi, uni kesib o‘tishi yoki vaqtincha bo‘lishi mumkin.

Endilikda vizasiz tartib barcha xalqaro chegara o‘tish punktlariga, jumladan, quruqlikdagi nazorat-o‘tkazish punktlari va xalqaro aeroportlarga, shuningdek, uchinchi davlatlardan amalga oshiriladigan aviaqatnovlarga ham tatbiq etiladi.

Tojikiston va Eron o‘rtasidagi vizasiz tartib 2023 yil 8 noyabrda Dushanbe shahrida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi asosida joriy etilgan. 2024 yil 10 avgustdan kuchga kirgan birinchi bosqichda mazkur tartib faqat Dushanbe — Tehron va Tehron — Dushanbe aviaqatnovlari orqali harakatlanayotgan fuqarolarga nisbatan amal qilgandi. Quruqlikdagi chegaralarni kesib o‘tish yoki uchinchi davlatlar orqali kirish uchun viza talab etilgandi.

Rejimning kengaytirilishi uzoq tanaffusdan so‘ng to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarning tiklanishi fonida amalga oshirilmoqda. 2026 yil boshida Yaqin Sharq havo hududidan foydalanishdagi cheklovlar sababli parvozlar vaqtincha to‘xtatilgan edi, ammo 31 may kuni Dushanbe va Tehron o‘rtasidagi aviaqatnovlar qayta tiklandi.

Vizasiz tartib uzoq muddat yashash yoki ishlash huquqini bermaydi. Bu maqsadlar uchun har ikki davlat qonunchiligida belgilangan alohida talablar amal qilishda davom etadi. Eronda 30 kundan ortiq qolishni rejalashtirayotgan Tojikiston fuqarolari Eronning Dushanbe shahridagi elchixonasidan oldindan viza olishlari kerak bo‘ladi.