Rossiyadagi bir guruh qozog‘istonliklar urushga jo‘natilish xavfi tufayli Ostonadan vataniga qaytarishlarini so‘rashdi

ulysmedia.kz sayti fotosurati

Rossiyaga ishlash uchun kelgan bir guruh qozog‘istonliklar Qozog‘iston hukumatiga murojaat qilib, ularni vataniga qaytarishni so‘rashdi. Erkaklarning aytishicha, ularni aldov yo‘li bilan Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majbur qilishgan, shundan so‘ng Ukrainadagi jangovar harakatlar hududiga jo‘natishga tayyorlay boshlashgan. Bu haqda Ulysmedia.kz xabar berdi.

Yigitlarning ta’kidlashicha, dastlab guruhda 15 nafar qozog‘istonlik bo‘lgan. Hozir, ularning so‘zlariga ko‘ra, to‘qqiz yoki o‘n kishi qolgan — qolganlarni urushga jo‘nata boshlashgan.

Jangovar harakatlar hududiga borib qolganlardan biri — 1999 yilda tug‘ilgan Jusip Shaxnazar Yerbolatuli bo‘ladi. Uning yaqinlari aytishicha, u Rossiyaga vaxta usulida ishlash uchun kelgan.

«Men Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda qolib ketgan qozog‘istonliklardan biriman. Men bilan birga yana sakkiz nafar yigit bor. Biz sizdan har qanday yordam ko‘rsatishingizni so‘raymiz. Bizda atigi uch kun qoldi», — dedi u video murojaatida.

Rossiyada qolib ketgan yana bir qozog‘istonlik, 19 yoshli Qaysar Almaz ham xuddi shunday bayonot bergan. «Urushga jo‘natish boshlandi. Guruhimizdan bir yigitni olib ketishdi. Bizda atigi uch kun qoldi. Qozog‘istonning butun xalqidan yordam so‘raymiz», — deydi u.

Qaysarning so‘zlariga ko‘ra, yoshlar elchixona va advokatlarga murojaat qilgan. Ularning ta’kidlashicha, ular urushda ishtirok etishni rejalashtirmagan, hujjatlarni esa bosim ostida imzolagan.

«Bizni aldashdi. Biz hech narsani o‘z xohishimiz bilan imzolamadik. Bizga kuch ishlatib, majburan imzo qo‘ydirishdi», — deydi u.

Ulysmedia.kz avvalroq ushbu qozog‘istonliklar guruhi haqida yozgan edi. Ularning aytishicha, Rossiyaga qo‘riqlash agentligida ishlash uchun kelgan, biroq hujjatlarni rasmiylashtirgandan so‘ng shartlar boshqacha ekanini bilib qolishgan: yo urushga borishadi, yoki uzoq muddatga qamoq jazosini olishadi.

Ular orasida Shimkentlik 19 yoshli Aynabek Keldebek ham bo‘lgan. U harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, lombardda qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, 27 avgust kuni esa do‘stlari bilan birga Rossiyaga jo‘nab ketgan.

Uning onasi Perizat Yeleusizovaning aytishicha, o‘g‘li rus tilini yaxshi tushunmaydi va unga imzolash uchun berilgan hujjatlarni tushunib yetmagan. U «Baris» qo‘riqlash agentligiga ishga kirayotganiga ishongan.

«Qo‘riqlash agentligi haqida do‘stimdan eshitdim. Biz uch kishi bo‘lib keldik. Bizni ishlaysizlar, deb aytishdi. Bizni aldashdi va hujjatlarni imzolatishdi. Keyin esa: bo‘ldi, endi urushga borasizlar, deyishdi. Yo urushga borasizlar, yoki 15 yil qamalasizlar. Biz qo‘rqib ketdik, boshqa chora qolmagani uchun shu yerda qolib ketdik», — deb aytgan Aynabek.

Onasi so‘zlariga ko‘ra, yosh yigit poligonda bo‘lgan va deyarli har kuni uni qachon olib ketishlari mumkinligini so‘ragan. U qochish haqida ham o‘ylagan, biroq onasi uni bu fikridan qaytargan. Uning aytishicha, oila boshqa bir yosh yigit qochishga uringanida unga oyog‘idan o‘q uzilgani haqida eshitgan.

Dastlabki murojaatlardan so‘ng Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomoniga diplomatik nota yubordi.

2 oktyabr kuni Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi Rossiyaning Qozog‘istondagi muvaqqat ishlar vakili Aleksandr Komarov bilan uchrashgan. O‘shanda Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, tomonlar jangovar harakatlar hududida qolib ketgan qozog‘istonliklar bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilgan va «ularni Vatanga qaytarish bo‘yicha qo‘shma harakatlarni ishlab chiqishga kelishgan».

Bu jarayonga Qozog‘istonning Rossiyadagi elchixonasi ham qo‘shilgpn — elchi Dәuren Abayev Rossiya Tashqi ishlar va Mudofaa vazirliklari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi kerak.

Ayni paytda yoshlarning o‘zlari vaqt tobora kamayib borayotganini aytishgan. So‘nggi murojaatdan ko‘rinishicha, guruh asta-sekin qisqarmoqda va qolganlar yaqin kunlarda jangovar harakatlar hududiga jo‘natilishi mumkin.