2026 yil boshidan buyon O‘zbekistonda beshta yangi gaz koni ochildi. Bu haqda 5 oktyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan neft va gaz tarmog‘ida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar yuzasidan taqdimoti yakunlari bo‘yicha davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ushbu konlardan biri Qoraqalpog‘istonda joylashgan Ustyurt platosidagi Qoratau konidir. «O‘zbekneftegaz» aksiyadorlik jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, bu yerda chuqurligi 4860 metrgacha bo‘lgan 1-sonli qidiruv qudug‘i burg‘ilandi. 3 oktyabr kuni sinov ishlari davomida 3273–3213 metr chuqurlik oralig‘ida quyi yura qatlamlaridan sanoat miqyosida tabiiy gaz va kondensat oqimi olindi. Bu Qoratau yangi gaz-kondensat koni ochilganini anglatadi.
Taqdimotda qayd etilishicha, gaz zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida geologiya-qidiruv ishlari kengaytirilmoqda. Jumladan, joriy yilda 3D seysmik razvedka ishlarining hajmi o‘tgan yilga nisbatan 5 barobarga oshirish rejalashtirilmoqda. Yil boshidan beshta yangi gaz konlari ochildi, hududlarda 6000 metrgacha va undan ortiq chuqurliklarga 80 ta quduq burg‘ilangan bo‘lsa, to‘rtinchi chorakda ushbu quduqlardan yana 40 tasini burg‘ilash reja qilingan.
Geologiya-qidiruv ishlarining faollashishi gaz qazib olish hajmining pasayishi fonida kechmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning sakkiz oyida O‘zbekistonda 24,2 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olingan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,3 foizga kam.
Taqdimot davomida «O‘zbekneftgaz» AJ va uning yirik korxonalarining moliyaviy natijalari tahlil qilindi. To‘qqiz oy yakunlariga ko‘ra, ularning jami sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshgan. Kredit portfelini optimallashtirish qarzdorlikni kamaytirish imkonini bergan, foiz stavkalari yuqori bo‘lgan kreditlar shartlarini qayta ko‘rib chiqish esa ularga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qisqartirgan.
Gaz tashish tizimining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirishga qaratilgan loyihalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Ular yangi magistral gaz quvurlarini qurish va kompressor stansiyalarini modernizatsiya qilishni nazarda tutadi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish, jumladan, ayrim stansiyalarda zamonaviy elektr dvigatellaridan foydalanish gaz ta’minoti barqarorligini oshirish va yiliga 125 million kub metrgacha tabiiy gazni tejash imkonini beradi.
Taqdimotdagi boshqa mavzular qatorida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida (FNQIZ) ishlab chiqarish hajmini oshirish va korxonaning moliyaviy holatini sog‘lomlashtirish bo‘yicha ishlar borishi ham ko‘rib chiqildi. Asosiy texnologik qurilmalar ta’mirlanishi natijasida zavodda dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish 30 foizga, bitum ishlab chiqarish 60 foizga, aviakerosin ishlab chiqarish esa besh baravar oshgan. Yil oxiriga qadar zavod quvvatlaridan foydalanish darajasini 40 foizdan 65 foizgacha oshirish, keyinchalik esa yanada ko‘tarish rejalashtirildi.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi Markaziy Osiyodagi yirik yoqilg‘i-moylash materiallari ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. 2022 yilda zavod Saneg kompaniyasiga 100 million dollarga sotilgan, biroq investor mablag‘ni to‘liq to‘lamagan va 2026 yil iyun oyida korxona davlat nazoratiga qaytarilgan.



