Qozog‘iston Bosh prokuraturasi Movlayevni Rossiyaga berishga to‘sqinlik qiladigan asoslarni ko‘rmayotganini ma’lum qildi

Mansur Movlayev. Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi Olmaotadagi tergov izolatorida saqlanayotgan chechenistonlik faol Mansur Movlayevni Rossiyaga topshirishga to‘sqinlik qiladigan huquqiy asoslarni ko‘rmayotganini bildirdi. Bu haqda «Azattik Aziya»ga Movlayevning advokati Yelena Jigalyonok ma’lum qildi.

Avvalroq u Bosh prokuraturaga BMT Inson huquqlari qo‘mitasining vaqtinchalik choralariga rioya etilishini ta’minlash va Movlayevni ekstraditsiya maqsadidagi hibsdan garov evaziga ozod qilish masalasini so‘rab murojaat qilgan edi.

1 oktyabr kuni Bosh prokuratura bergan javobda Movlayevga vakolatli organ tomonidan qochqin maqomi berish rad etilgani aytilgan. Rad etish haqidagi qarorlar birinchi instansiya, apellyatsiya va kassatsiya sudlarida shikoyat qilingan, biroq shikoyatlar qanoatlantirilmagan.

«Shunday qilib, boshpana berishni rad etish haqidagi sud hujjatlari qonuniy kuchga kirgani munosabati bilan uni ekstraditsiya qilish va ekstraditsiya maqsadidagi hibsdan ozod qilish haqidagi qarorni ijro etishga to‘sqinlik qiladigan huquqiy asoslar mavjud emas», — deya advokat prokuratura javobidan iqtibos keltiradi.

Bosh prokuratura shuningdek, avvalroq Rossiya Bosh prokuraturasining Movlayevni berish haqidagi so‘rovini qanoatlantirganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan ekstraditsiya hibsini garov bilan almashtirish uchun ham asoslar yo‘q.

«Qozog‘iston Respublikasining jinoyat-protsessual qonunchiligi shaxsni berish (ekstraditsiya qilish) haqida qaror qabul qilinganidan keyin ekstraditsiya maqsadidagi hibsdan tashqari muqobil ehtiyot choralarini qo‘llashni nazarda tutmaydi», — deyiladi javobda.

Bosh prokuratura, shuningdek, BMT Inson huquqlari qo‘mitasining vaqtinchalik choralari «tavsiyaviy xususiyatga ega» ekanini ma’lum qildi.

«Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, sud hujjatlari va Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasining qarori qonuniy kuchga kirgani, shuningdek, BMT Inson huquqlari qo‘mitasi so‘rovining tavsiyaviy xususiyatini hisobga olsak, M. Movlayevni ekstraditsiya maqsadidagi hibsdan ozod qilish va uni so‘rov yuborgan tomonga topshirishga to‘sqinlik qiladigan huquqiy asoslar mavjud emas», — deya xulosa qiladi nazorat mahkamasi.

Movlayevning advokati Qozog‘iston hukumatining bu pozitsiyasidan xavotir bildiradi.

«Shaxsan mening fikrimcha, bu javob Bosh prokuratura xalqaro huquq normalariga, xususan, Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning 3-moddasiga rioya qilmasligini ko‘rsatmoqda. Ushbu modda qiynoqlar xavfi yoki inson huquqlarining qo‘pol ravishda poymol bo‘lishi amaliyoti mavjud bo‘lgan davlatlarga odamlarni topshirishni taqiqlaydi», — dedi u.

Advokat BMTning Rossiyadagi inson huquqlari holati bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Mariana Katsarova ikki marta hisobot e’lon qilganini va ularda Mansur Movlayev shaxsan qiynoqlarga duch kelish xavfi borligi qayd etilganini eslatadi.

«Endi nima bo‘lishi noma’lum. Yo har qanday vaqtda [Rossiya Federatsiyasiga] topshirib yuborishlari mumkin, yoki... biz hali ham davlatimiz xalqaro shartnomaga rioya qiladi, deb umid qilamiz», — deya ta’kidlaydi Jigalyonok.

Advokat Oliy sudga murojaat qilgan. Uning aytishicha, istisno holatlarda kassatsiya sudi va quyi instansiya sudlarining qochqin maqomini berishni rad etish haqidagi qarorlari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Mansur Movlayev Ramzan Qodirov rejimiga qarshi chiqqan «Adat» muxolifat harakati ishtirokchisidir. 2020 yilda faol Rossiyada giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi ishi doirasida sudlangan. Chechenistonlik faollar bu ish soxtalashtirilganini ta’kidlaydi.

2022 yilda shartli muddatidan oldin ozod qilinganidan so‘ng Movlayevning aytishicha, u chechen politsiyasi xodimlari tomonidan o‘g‘irlangan va maxfiy qamoqxonada saqlangan. Keyinchalik u qochib, Qirg‘izistonga, u yerdan esa Qozog‘istonga o‘tgan. Shu orada Rossiyada u ekstremizm ishi bo‘yicha federal qidiruvga berilgan.

2025 yil may oyida faol Moskva so‘roviga ko‘ra Olmaotada qo‘lga olingan va ekstraditsiya maqsadidagi hibsxonaga joylashtirilgan. Movlayev Qozog‘istonda qochqin maqomini olishga uringan, biroq unga rad javobi berilgan. 23 fevral kuni BMT Inson huquqlari qo‘mitasi uning shikoyatini ro‘yxatga olgan va murojaat ko‘rib chiqilgunga qadar Qozog‘istonni faolni Rossiyaga ekstraditsiya qilishdan tiyilishga chaqirgan.

Hibsda saqlanayotgan Movlayev ikki marta o‘z joniga qasd qilishga uringan. Uning o‘lim oldidan qoldirgan xatida faol bu qarorini Rossiyaga ekstraditsiya qilinishi mumkinligi bilan bog‘lagan.