Qora dengizda Qozog‘iston neftini tashiyotgan navbatdagi tanker hujumga uchradi

cpc.ru sayti fotosurati

Qora dengizdagi Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) dengiz terminaliga neft yuklash uchun yo‘l olgan Nordic Zenith neft tankeri 17 iyulga o‘tar kechasi hujumga uchradi. Bu haqda KQK vakili RIA Novosti agentligiga ma’lum qildi.

Konsorsium ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida kema bortida yong‘in chiqqan.

«Tanker KQK terminaliga yuk ortish uchun yetib kelishi kerakligini tasdiqlaymiz. Kemaga ikki marta hujum qilingach, uning bortida yong‘in chiqdi va favqulodda yordam signali berildi. Ekipajning 13 nafar a’zosi KQK kemalari tomonidan evakuatsiya qilindi, yana 9 nafari esa o‘z xohishiga ko‘ra kemada qoldi», — deyiladi kompaniya xabarida.

Yong‘in ekipaj kuchlari tomonidan o‘chirildi.

Biroq, hujum oqibatida tanker KQK terminalida neft yuklash uchun yaroqsiz holga kelgan.

MarineTraffic xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Nordic Zenith tankeri Liberiya bayrog‘i ostida qatnaydi.

Bu Qora dengiz orqali Qozog‘iston neftini tashuvchi tankerlarga qilingan birinchi hujum emas. Yanvar oyida dronlar ikki kemaga zarar yetkazgan edi. Ularning biri Amerikaning Chevron kompaniyasi, ikkinchisi esa «QazMunayGaz»ning sho‘ba korxonasi tomonidan charter asosida ijaraga olingan.

Bundan tashqari, iyul oyi boshida ham Chevron tomonidan charter qilingan va KQK dengiz terminaliga yuk ortish uchun yo‘l olgan Yasa Polaris tankeri uchuvchisiz uchish apparati hujumiga uchragan. Keyinchalik kema jiddiy shikastlanmagani ma’lum qilingan.

Kaspiy quvur konsorsiumi Kaspiy mintaqasidan jahon bozorlariga neft tashish bo‘yicha eng yirik yo‘nalishni boshqaradi. Qozog‘iston neft eksportining 80 foizdan ortig‘i KQK tizimi orqali amalga oshiriladi. Uzunligi taxminan 1,5 ming kilometr bo‘lgan quvur G‘arbiy Qozog‘istondagi neft konlarini Qora dengiz sohilidagi dengiz terminali bilan bog‘laydi. U yerdan neft tankerlarga yuklanadi. KQK aksiyadorlari qatoriga Rossiya (31 foiz), Qozog‘iston (20,75 foiz), Chevron (15 foiz) hamda xususiy kompaniyalar kiradi.

  • Qozog‘iston sun’iy intellekt poygasida AQSH va Xitoy o‘rtasida qanday muvozanat saqlamoqda

  • Toliblarga qarshi muxolifat yetakchilari mamlakat kelajagi borasida turlicha fikr bildirdi

  • Mashhur san’atkorning Japarov oldida o‘zini qanday tutgani Qirg‘izistonda hokimiyatga sig‘inish va siyosiy o‘zgarishlar haqidagi bahslarga sabab bo‘ldi

  • Muhim minerallar, sun’iy intellekt — «Markaziy Osiyo — Koreya» formatidagi uchrashuvda yana nimalar muhokama qilindi?