Kane Uest Qozog‘istonda konsert beradi

Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

Amerikalik reper Ye, ko‘proq Kane Uest nomi bilan tanilgan, Qozog‘istonda konsert beradi. Konsent 14 avgust kuni Olmaotadagi Markaziy stadionda bo‘lib o‘tadi, deya xabar beradi tadbir tashkilotchilaridan — First Media Group kompaniyasi.

Dastur tafsilotlari keyinroq e’lon qilinishi kutilmoqda. Biroq bloger Sirim Itqulovning yozishicha, bo‘lajak shou Markaziy Osiyo tarixidagi eng yirik musiqiy voqeaga aylanishi mumkin.

Chiptalar savdosi 20 iyul kuni soat 12:00 da Freedom Ticketon platformasida boshlanadi. Chiptalar narxi tanlangan toifaga qarab 120 mingdan 350 ming tengegacha (255–744 dollar) bo‘ladi.

Bo‘lajak konsert haqidagi ma’lumotni Kane Uest bilan YEEZY loyihalari va musiqiy menejment yo‘nalishida hamkorlik qiluvchi menejer Jozef Karre tasdiqladi. U Instagram'da Olmaotadagi konsert anonsi tushirilgan hikoyani e’lon qildi.

Ko‘pchilik bo‘lajak konsertni Kane Uestning Qozog‘istondagi ilk chiqishi deb atayapti. Biroq. 2013 yilda ham reper Olmaotaga kelgan va u yerda Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning nabirasi Aysulton Nazarboyev hamda Alima Boranbayeva nikoh to‘yida shaxsiy chiqish qilgan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Royal Tulip mehmonxonasidagi yopiq tadbirdagi chiqishi uchun artist taxminan 3 million dollar olgan. Shundan so‘ng u bir qator g‘arb nashrlarining tanqidiga uchragan.

So‘nggi yillarda Uest o‘zining ommaviy bayonotlari va xatti-harakatlari sababli bir necha bor xalqaro mojarolar markazida bo‘ldi. Eng katta aks-sado bergan holatlar uning antisemit bayonotlari va Adolf Gitlerni bir necha bor ochiqchasiga maqtagani bilan bog‘liq bo‘ldi. Shundan so‘ng Adidas, Balenciaga va Gap kabi bir qator xalqaro brendlar musiqachi bilan hamkorlikni to‘xtatgan. Shuningdek, ayrim Yevropa mamlakatlarida, jumladan Buyuk Britaniya va Polshada uning konsertlarini o‘tkazish rejalari bekor qilingan yoki amalga oshmay qolgan. Yeezy brendi orqali svastika tasviri tushirilgan futbolkalar sotuvga chiqarilgani ham qo‘shimcha tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Ko‘plab mojarolarga qaramay, Kane Uest dunyodagi eng talabgir artistlardan biri bo‘lib qolmoqda. Tashkilotchilar ma’lumotlariga ko‘ra, uning Istanbuldagi Otaturk nomidagi Olimpiya stadionida bo‘lib o‘tgan so‘nggi konsertiga taxminan 118 ming tomoshabin kelgan va aytishlaricha, u stadiondagi konsertlar tashrifi bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgan.