Qirg‘iziston MXQDning sobiq rahbari Tashiyev 2027 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishdan voz kechdi

Kamchibek Tashiyev va Sadir Japarov. . O‘tkurbek Rahmanovning Facebook sahifasidagi fotosurati

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ)ning sobiq raisi Kamchibek Tashiyev 2027 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etmasligini va unda amaldagi davlat rahbari Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Generalning xalqqa murojaati uning safdoshi, «Region» telekanalining sobiq direktori O‘kturbek Rahmanov tomonidan Facebook sahifasida e’lon qilindi.

Tashiyevning aytishicha, keyingi vaqtlarda uning Qirg‘iziston prezidenti saylovlarida ishtirok etishiga oid turli mish-mishlar va yolg‘on ma’lumotlar tarqatilgan. Shu munosabat bilan MXDQning sobiq rahbari vatandoshlariga ochiq murojaat qilishga qaror qilgan.

«Men 2027 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etmayman. Bu haqda avval ham bir necha bor aniq aytganman va general sifatida bergan so‘zimdan qaytmayman. Mening pozitsiyam o‘zgarmagan va o‘zgarmaydi», — deb yozgan maxsus xizmatning sobiq rahbari.

Shundan so‘ng u saylovlarda Sadir Japarovni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan. Bu haqda u avval ham bir necha bor ma’lum qilganini eslatadi. Shu bilan birga, Tashiyev amaldagi prezidentni «do‘stim» deb atab, Japarovni qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakat barqarorligi, davlat taraqqiyoti, xalq birligi va Qirg‘iziston kelajagi tarafini tanlayotganini bildirgan.

«Men bundan keyin ham xalqim va davlatimga halol xizmat qilishda davom etaman», — deydi MXDQning sobiq raisi.

Murojaatida u, shuningdek, fuqarolarni generalning nomidan foydalanib yolg‘on ma’lumotlar tarqatayotgan, mish-mish va g‘iybatlar orqali odamlarni chalg‘itishga, jamiyatda tartibsizlik keltirib chiqarishga hamda xalq birligiga rahna solishga urinayotgan shaxslarga ishonmaslikka chaqirdi.

«Har qanday sharoitda ham do‘stlikdek muqaddas qadriyatni saqlab qolsak, kelajak avlodlar uchun namuna bo‘lamiz. Faqat birligimizni asray olsakgina davlatimiz kuchli bo‘ladi, xalqimizning kelajagi esa yorug‘ bo‘ladi!» — deb yozadi Tashiyev.

ℹ️ Joriy yilning 10 fevralida Sadir Japarov Kamchibek Tashiyevning Bosh vazir o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi lavozimlaridan ozod etilganini e’lon qilgan edi. O‘sha paytda general Germaniyada tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan bo‘lgan. Sobiq Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, ishdan bo‘shatilgani haqidagi xabar uning uchun kutilmagan hol bo‘lgan. Shu bilan birga, u qanday vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar, prezident qarorlarini bajarish zarurligini ta’kidlagan.

Aprel oyida maxsus xizmatning sobiq rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. Biroq, Tashiyev tarafdorlarini xotirjamlikni saqlashga chaqirib, «qonun oldida pokman», deya ta’kidladi. Shu bilan birga, mazkur ish bo‘yicha respublika sobiq Bosh prokurori Qurmanqul Zulushev va parlamentning sobiq spikeri Nurlanbek Turgunbek uulu kabi boshqa taniqli shaxslar ham ayblanuvchi sifatida o‘tayotgani ma’lum qilindi. Ularga ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish hamda tergov tomonidan hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallashga urinish sifatida baholangan harakatlar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.

Iyul oyida sud hukmi chiqarildi. Tashiyev ham, boshqa ayblanuvchilar kabi, to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Biroq mahkumlar jazoni koloniyada o‘tamaydi — ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘rniga uch yillik probatsiya nazorati tayinlandi.