Rossiya IIV: har bir kelayotgan migrant elektron profilli telefon sotib olishga majbur bo‘ladi

RIA Novosti fotosurati

Rossiyaga ishlash yoki uzoq muddatga kelayotgan xorijiy fuqarolar elektron profilga ega mobil telefon sotib olishga majbur bo‘ladi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Igor Zubov Federatsiya Kengashining Xalqaro ishlar qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qildi, deb xabar beradi RBK nashri.

«Bu yerga kelgan har bir migrant, ayniqsa ishlash uchun yoki uzoq muddatga kelgan bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tish chog‘ida telefon sotib olishga majbur bo‘ladi. Ushbu telefonda uning elektron profili bo‘ladi. Biz har bir migrantning qayerda ekanini bilib turamiz. U bir aholi punktidan boshqasiga nazoratsiz ko‘chib o‘ta olmaydi, yashash joyini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartira olmaydi. Bu tizimning asosi bo‘ladi», — dedi Zubov. Uning so‘zlarini RBK nashri keltirgan.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, mazkur telefon xorijiy fuqaroni, masalan, hujjatlarining amal qilish muddati yakunlanayotgani yoki tegishli idoraga kelishi zarurligi haqida oldindan ogohlantirish imkonini ham beradi. «Shunda odam biror narsani o‘tkazib yuborgani yoki bilmagani uchun kutilmagan holat yuzaga kelmaydi», — dedi u.

Zubovning bayonoti Rossiya hokimiyatining migrantlar ustidan nazoratni raqamlashtirishga qaratilgan umumiy siyosatiga mos keladi. 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab Moskva shahri va Moskva viloyatida foydalanuvchining geolokatsiya ma’lumotlarini Rossiya IIVga uzatuvchi «Amina» mobil ilovasi sinov tariqasida joriy etilgan. Uni o‘rnatish Rossiyaga vizasiz tartibda keladigan voyaga yetgan xorijiy fuqarolar uchun majburiy hisoblanadi. Agar shaxsning joylashuvi haqidagi ma’lumotlar uch ish kunidan ortiq vaqt davomida tizimga kelib tushmasa, u migratsiya ro‘yxatidan chiqariladi. Rossiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oyining o‘rtalariga kelib shu tartibda 139 mingdan ortiq kishi migratsiya hisobidan chiqarilgan.

Bundan tashqari, 2026 yil 30 iyundan boshlab Rossiyada Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi «Xorijiy fuqaroning raqamli profili» davlat axborot resursi ishga tushirildi. Unda xorijiy fuqarolarning hujjatlari, migratsiya hisobi, mehnat faoliyati, ta’limi, tibbiy sug‘urtasi, mol-mulki hamda huquqbuzarliklari haqidagi ma’lumotlar jamlangan. Mazkur reyestrni shu muddatga qadar yaratish vazifasini Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2025 yil iyul oyida IIVga topshirgan edi.

Yangi talablar, avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari — O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelayotgan mehnat migrantlariga taalluqli bo‘ladi. Chunki ushbu mamlakatlar fuqarolari Rossiyadagi xorijiy ishchi kuchining asosiy qismini tashkil etadi.