Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov navbatdagi kadrlar o‘zgarishlarini amalga oshirib, «Turkmangeologiya» davlat korporatsiyasi rahbari, Madaniyat vaziri va bir qator hududlar rahbarlarini almashtirdi. Bu o‘zgarishlar haqida 10 iyul kuni respublika hukumatining kengaytirilgan majlisida ma’lum qilindi, deb xabar beradi Turkmen.news.
Ishdan bo‘shatish mamlakat uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan neft-gaz sohasiga ham daxl qildi. Uch yil davomida ishlab kelgan «Turkmangeologiya» rahbari Gurbangeldi Garliyev o‘z vazifasidan ozod etildi. Ta’kidlash joiz, ushbu lavozim vazir maqomiga tenglashtiriladi. Amaldor «boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan» degan izoh bilan lavozimidan bo‘shatildi.
Shuningdek, Prezident davlat korporatsiyasiga endi Berdimurat Amanov rahbarlik qilishini ma’lum qildi. U bunga qadar «Turkmangaz» davlat konserni raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Madaniyat vaziri Atageldi Shamirodov esa «ish faoliyatida yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar uchun» lavozimidan ozod etildi. Ushbu amaldor hukumat tizimida to‘qqiz yil ishlagan. Ma’lum bo‘lishicha, u avvalgi davlat rahbari — Gurbanguli Berdimuhamedov tomonidan ham ogohlantirishlar olgan.
Biroq, Prezident qarori «yangi kamchiliklar» bilan bog‘liqmi yoki Shamirodov avvalgi faoliyati davomidagi barcha holatlar majmuasi asosida lavozimidan chetlatildimi — bu aniq emas. Endi vazirlikka avval vazir o‘rinbosari lavozimida ishlagan Gurbanmurat Miradaliyev rahbarlik qiladi. Unga olti oylik sinov muddati belgilandi.
Kadrlar o‘zgarishlari hududiy amaldorlarga ham taalluqli bo‘ldi. Mari viloyati rahbari Dovranberdi Annaberdiyev «boshqa ishga o‘tkazildi», uning o‘rniga Batir Orazg‘ildijov tayinlandi. OAV yozishicha, viloyatning sobiq rahbari bir yillik faoliyati davomida elektr ta’minotidagi uzilishlar, qishloq xo‘jaligidagi korrupsiya, yoqilg‘i tanqisligi va boshqa muhim muammolarni hal qila olmagan.
Bu holatda ishdan bo‘shatish nisbatan yumshoq chora sifatida ko‘rinadi, chunki Annaberdiyevdan oldin viloyat rahbari bo‘lgan shaxs lavozimidan ketganidan so‘ng sudga berilgan va 25 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Bundan tashqari, Bolqon viloyatiga yangi hokim tayinlandi, bu lavozimni Rovshen Jumayev egalladi. U Xo‘jamurod Oshirmurodov o‘rniga keldi. Oshirmurodov esa Lebap viloyatiga rahbar etib tayinlangan edi. Lebap viloyati hokimi Durdi Gendjiyev ishdan bo‘shatildi. U bir vaqtning o‘zida viloyat rahbari va Davlat suv xo‘jaligi qo‘mitasi raisi lavozimlarini egallab kelgan. Ehtimol, endi u faqat qo‘mita faoliyatiga e’tibor qaratadi.
Va nihoyat, mamlakat prezidenti Nesil gazetasi bosh muharriri Artiqguli Xo‘jaberdiyevni ish faoliyatidagi jiddiy kamchiliklar uchun lavozimidan ozod qildi. Uning o‘rniga olti oylik sinov muddati bilan Halligo‘zel Shanazarova tayinlandi.
Hukumat majlisida kichik Berdimuhamedov nafaqat davlat organlaridagi kadrlar o‘zgarishlari haqida ma’lum qildi. Prezident, shuningdek, respublika erishgan bir qator yutuqlarni ta’kidladi. Jumladan, uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki olti oyida Turkmaniston yalpi ichki mahsuloti 6,3 foizga o‘sishni qayd etgan.



