Turkmanistonning janubi-sharqida joylashgan Mari viloyatida elektr uzilishlari kuzatilmoqda. Viloyatning katta qismida elektr kuniga atigi bir necha soatga beriladi, deb xabar beradi “Azatliq” radiosi (Ozodlik radiosining mintaqaviy byurosi).
Mahalliy aholi jurnalistlarga aytishicha, elektr ta’minotidagi uzilishlar bir necha oydan buyon davom etmoqda, ammo so‘nggi kunlarda vaziyat yanada og‘irlashgan. Ko‘plab tumanlarda elektr ertalab ikki soat, kunduzi esa uch soatgagina berilyapti. Shu vaqt ichida odamlar telefonlarini tezroq quvvatlab olishga harakat qilishmoqda, chunki kechasi yoritish uchun doimiy ravishda qo‘l chiroqlaridan foydalanishga to‘g‘ri keladi.
«Elektr bo‘lgan paytda oilamizdagi barcha a’zolar hammom eshigi oldida navbatga turib, tez-tezdan cho‘milishga majbur bo‘ladi. Shu ikki soat ichida suv idishlarini to‘ldirish, mobil telefonlarni quvvatlash, kiyimlarni dazmollash va boshqa ko‘plab ishlarni bajarib ulgurishimiz kerak», — deya «Ozodlik» muxbirining suhbatdoshi shikoyat qiladi.
Muammoni yanada og‘irlashtirayotgan omillardan biri — hozir viloyatda havo harorati 40 darajagacha ko‘tarilganidir. Bundan tashqari, aholi uylariga elektr energiyasi past kuchlanishda — me’yordagi 220 volt o‘rniga atigi 110–120 volt bilan yetkazib berilmoqda. Shu sababli ko‘plab maishiy texnika vositalari, jumladan muzlatgichlar va konditsionerlar ishlamayapti.
Bunday elektr ta’minoti rejimi tufayli idoralar va tijorat tashkilotlari faoliyati ham deyarli izdan chiqqan. Do‘kon egalari naqd pulsiz to‘lovlarni qabul qilish uchun terminallardan foydalana olmayapti, banklarda esa bankomatlar orqali naqd pul yechib olishda muammolar yuzaga kelmoqda.
Mari shahri va boshqa shaharlar aholisi qorong‘i ko‘chalarni tasvirga olib, videolarni internetga joylamoqda hamda ularga elektr energiyasi muntazam o‘chirilayotgani haqidagi hikoyalarni ilova qilmoqda. Biroq, ularning aytishicha, so‘nggi vaqtlarda bunday harakatlar hukumat organlari e’tiborini tortmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bunday materiallar mualliflarini topib, ularni gadjetlaridagi videofayllarni o‘chirib tashlashga majbur qilmoqda.
Shu bilan birga, davlat ommaviy axborot vositalarida viloyatdagi elektr energiyasi tanqisligi haqida xabar berilmayapti. Mari viloyati ma’muriyati hamda Turkmaniston Energetika vazirligi jurnalistlarning qo‘ng‘iroqlariga javob bermagan.
Ayni paytda mamlakatning ushbu qismida Mari IES — Markaziy Osiyodagi eng yirik elektr stansiyalaridan biri faoliyat yuritadi. Biroq, bunday yirik energetika inshootining mavjudligi mahalliy aholiga deyarli naf keltirmayapti — ular hamon elektr energiyasi ta’minotidagi muntazam uzilishlarga chidashga majbur.
Ehtimol, bu holatga stansiyada ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining katta qismi eksport qilinayotgani ham ta’sir ko‘rsatayotgan yuzlishi mumkin. Jumladan, ochiq manbalarda keltirilishicha, Mari IES Afg‘oniston, Eron, Pokiston va O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib beradi.



