Tojikiston tibbiyot muassasalarida 1100 nafar shifokor yetishmasligi kuzatilmoqda. Eng katta kadrlar tanqisligi Xatlon va Sug‘d viloyatlari, shuningdek, respublika bo‘ysunuvidagi tumanlar shifoxonalarida qayd etilgan. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirining birinchi o‘rinbosari Salomuddin Yusufiy matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi «Aziya-Plyus».
Mulozimning aniqlik kiritishicha, boshqa idoralar tasarrufidagi tibbiyot muassasalarida 117 nafar, respublika darajasidagi muassasalarda esa 78 nafar mutaxassis yetishmaydi.
Tojikiston shifoxonalari eng ko‘p oilaviy shifokorlar, psixiatrlar va ftiziatrlarga muhtoj.
Bugungi kunda mamlakat tibbiyot muassasalarida 22 763 nafar shifokor va 65 496 nafar o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimi faoliyat yuritmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu o‘tgan yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan mos ravishda 2,7 va 2,6 foizga ko‘pdir. Shuningdek, o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlari shtatlari 100 foiz to‘ldirilgani ta’kidlanadi.
Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, tibbiyot mutaxassislarining xorijga ketish sur’ati ham pasaygan. Agar 2025 yilda respublikadan 51 nafar shifokor va 266 nafar o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimi chiqib ketgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarim yilligida xorijga 16 nafar shifokor va o‘rta tibbiy ma’lumotga ega 148 nafar mutaxassis yo‘l olgan.
Yusufiy sog‘liqni saqlash sohasi korrupsiya darajasi bo‘yicha yetakchi uchlikka kiritilgani haqidagi ijtimoiy tadqiqot natijalariga ham munosabat bildirdi. Mansabdor tizimda bunday holatlar mavjudligini tan oldi, biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi pora olish va berishga qarshi kurash choralarini ko‘rayotganini ta’kidladi.
Masalan, 2026 yilning yanvar–iyun oylarida korrupsiya bilan bog‘liq 32 ta holat qayd etilgan bo‘lib, ularda 20 nafar tibbiyot xodimi ishtirok etgani aniqlangan. Yusufiyning ta’kidlashicha, bu borada vaziyat yaxshilanmoqda, chunki o‘tgan yilning shu davrida 27 nafar sog‘liqni saqlash tizimi xodimi ishtirokida 37 ta korrupsiya holati qayd etilgan edi.
Avvalroq o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning 16,7 foizi tibbiyot muassasalarida pora berish yoki talab qilinishiga duch kelganini bildirgan. Bunday holatlar, ayniqsa, tug‘ruqxonalar, tuman va shahar shifoxonalari hamda sog‘liqni saqlash markazlarida ko‘proq uchragan.
Aytish joizki, eng ko‘p korrupsiya kuzatiladigan sohalar sifatida ta’lim tizimi va Ichki ishlar vazirligi tuzilmalari qayd etilgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, shuningdek, qalbaki mahsulotlarni yo‘q qilish ishlari haqida ham ma’lumot berdi. Joriy yilning birinchi olti oyida Tojikistonda 107,6 tonna tibbiy mahsulot, jumladan, gigiyena vositalari va biologik faol qo‘shimchalar yo‘q qilingan.
Xususan, gap me’yoriy talablarga javob bermaydigan mahsulotlar, yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari, shuningdek, muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan dorilar haqida bormoqda.
Yusufiy qo‘shimcha qilishicha, bu yo‘nalishda ham ijobiy o‘zgarish kuzatilmoqda, chunki yo‘q qilingan tibbiy mahsulotlar hajmi 2025 yil yanvar–iyun oylaridagi ko‘rsatkichlarga nisbatan 22 tonnaga kamaygan.



