OAV: TBAVdagi noroziliklar bo‘yicha hukm qilingan ayrim shaxslar amnistiyaga tushdi, Mamadshoyevaga tayinlangan jazo muddati qisqartirildi

Ulfatxonim Mamadshoyeva. newreporter.org sayti fotosurati

Tojikistonning Tog‘li-Badaxshon avtonom viloyati (TBAV)dan bo‘lgan ayrim faollar, hokimiyatni ag‘darish maqsadida o‘tkazilgan deb aytilayotgan norozilik namoyishlarida ishtirok etgani uchun hukm qilingan shaxslar amnistiyaga tushdi. Jumladan, jurnalist Muhammadsulton Mavlonozarov ozodlikka chiqdi, uning hamkasbi Ulfatxonim Mamadshoyevaga esa tayinlangan jazo muddati qisqartirildi. Bu haqda Pamir Inside nashri vaziyatdan xabardor ikki manbaga tayanib xabar berdi.

Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilda TBAVda bo‘lib o‘tgan voqealar ishtirokchilaridan bir qismi 16 iyun kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tomonidan imzolangan amnistiya to‘g‘risidagi qonun doirasida amnistiyaga tushgan mahkumlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Ulfatxonim Mamadshoyevaga jazo muddati uch yilga qisqartirildi. 2022 yil dekabrida u 21 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan edi.

Faol Ramzi Vazirbekov va bloger Xushom Jumayevning har biriga jazo muddati bir yilga qisqartirilgan.

Nashr shuningdek 2022 yilda Tog‘li Badaxshondagi norozilik namoyishlari bilan bog‘liq holda hibsga olingan shaxslardan biri ozodlikka chiqqanini yozadi. Uning familiyasi keltirilmagan. Ma’lum bo‘lishicha, uning jazo muddatining tugashiga bir yil qolgan edi.

Dushanbe uchun nozik hisoblangan ushbu mintaqa bo‘yicha qolgan mahkumlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q, deb xulosa qiladi Pamir Inside.

Tojikiston rasmiy organlari amnistiyaga tushgan shaxslar bo‘yicha batafsil ma’lumot bermagani va mazkur ro‘yxatda TBAV faollari bor-yo‘qligiga aniqlik kiritmagani ta’kidlanadi.

Nashr qo‘shimcha qilishicha, 2021–2022 yillarda huquq-tartibot organlari fikriga ko‘ra Tog‘li Badaxshondagi norozilik namoyishlariga aloqador bo‘lgan 300 ga yaqin kishi turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan. So‘nggi bir necha yil ichida esa ulardan oltitasi jazoni o‘tash muassasalarida vafot etgan.

TBAV faollariga nisbatan qo‘llangan repressiyalar huquq himoyachilari noroziligiga sabab bo‘ldi. Xususan, 2024 yil iyul oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining asossiz hibsga olishlar bo‘yicha ishchi guruhi Tojikiston hukumatini jurnalist Ulfatxonim Mamadshoyeva, tadbirkor Sorbon Yunoeyev, huquq himoyachilari Faromuz Irgashev va Manuchehr Xoliqnazarovni zudlik bilan ozod qilishga chaqirgandi. Ekspertlar mazkur shaxslarga nisbatan hibsga olish va hukmlarni asossiz hamda bir qator muhim xalqaro me’yoriy hujjatlarni buzuvchi deb baholagan. Shuningdek, BMT vakillari Tojikiston hukumatidan mahkumlarga kompensatsiya va yetkazilgan zarar uchun boshqa turdagi qoplamalarni ta’minlashni talab qilgan.

6 iyun kuni Rahmon tomonidan imzolangan amnistiya to‘g‘risidagi qonun 18 ming kishiga taalluqli bo‘lib, ularning 11 mingi ozodlikka chiqishi kutilmoqda, yana 6,7 ming kishining jazo muddati qisqartiriladi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, ushbu ro‘yxatga ayrim jurnalistlar va blogerlar ham kiritilgan. Jumladan, o‘tgan yili hokimiyatni ag‘darishga urinish ishi bo‘yicha 8 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan Ruxshona Hakimova ham shu ro‘yxatda bo‘lgan. Jurnalistning yaqinlari ma’lumotiga ko‘ra, uning jazo muddati uch yilga qisqartirilgan.