O‘zbekiston va BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi mojaro hududlaridan qaytarilgan shaxslar uchun reabilitatsiya markazini tashkil etish masalasini muhokama qildi

“Yo‘l xaritasi” imzolanishi. BMT TKB matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi (TKB) 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha yangi «yo‘l xaritasi»ni imzoladi. Tomonlar, shuningdek, qator qo‘shma tashabbuslarni muhokama qildilar. Ular qatorida jangovar mojarolar hududlaridan qaytarilgan fuqarolar uchun yordam markazini tashkil etish masalasi ham bor. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar qildi.

O‘zbekiston delegatsiyasining xalqaro tuzilma vakillari bilan muzokaralari Nyu-York shahrida BMTning Terrorizmga qarshi kurash haftaligi doirasida bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida qurolli mojarolar hududlaridan qaytarilgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va jamiyatga qayta integratsiyalash bo‘yicha Xalqaro kompetensiyalar markazini tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanishicha, bunday markazni tashkil etish tashabbusini O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zlagan nutqi davomida ilgari surgan edi.

DXX va TKB vakillarining ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasiga tayangan holda mazkur tuzilma reabilitatsiyaning moslashuvchan strategiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha global bilimlar maydoniga aylanishi mumkin. Markaz faoliyati soha mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, repatriantlar uchun ta’lim hamda kasbiy rivojlanish yo‘nalishlarini yaratish, shuningdek, ekstremizmning oldini olish va uning tarqalishini barvaqt bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Tomonlar O‘zbekiston va BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi o‘rtasida 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni imzoladilar. Mazkur hujjat strategik sheriklikning yangi bosqichini boshlab berib, O‘zbekistonga terrorizmga qarshi kurash sohasida keng ko‘lamli ekspert va texnik ko‘mak ko‘rsatilishini ta’minlaydi.

Aytish mumkinki, Davlat xavfsizlik xizmati va BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlik uzaytirildi. Chunki bundan avval ham 2024–2025 yillarga mo‘ljallangan shunga o‘xshash hujjat amal qilgandi.

Umuman olganda, muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston hukumati va BMT TKB o‘rtasidagi hamkorlikning ijobiy sur’atlarda rivojlanayotgani qayd etildi. Xususan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining malakasini oshirish, jangarilar tomonidan yangi texnologiyalardan foydalanilishining oldini olish hamda terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma dasturlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

ℹ️ BMTning Terrorizmga qarshi kurash haftaligi 26 iyundan 2 iyulgacha Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir BMTga a’zo davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, shuningdek, ekspertlar hamjamiyatini birlashtirib, zamonaviy tahdidlarni muhokama qilish va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global terrorizmga qarshi strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha amaliy choralar ishlab chiqish uchun eng nufuzli maydonchalardan biri hisoblanadi.