Tojikistonda hibsga olingan shaxs o'limidan so'ng olti nafar politsiya xodimi sudga tortiladi

Ozodi radiosi fotosurati

Tojikistonda giyohvand moddalar savdosiga aloqadorlikda gumon qilinib hibsga olingan 36 yoshli Ko'lob fuqarosi Maqsudjon Saidovning o'limi bo'yicha olti nafar politsiya xodimi sudga tortiladi. Bu haqda tergov bilan tanish manbalarga tayanib, Ozodi radiosi xabar berdi.

Nashrning xabar berishicha, Saidov 8 yanvar kuni hibsga olingan va so'roq qilish uchun Dushanbega olib ketilgan. U metamfetamin sotish va tarqatishda gumon qilingan. Bir necha kundan so'ng u politsiya hibsxonasida vafot etgan. 12 yanvar kuni uning jasadi qarindoshlariga topshirilgan.

Saidovning do'stlari Ozodi radiosiga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan jasadda kaltaklash va kuyish izlari borligini aytishgan. Ularning aytishicha, oiladan dafn marosimini iloji boricha tezroq o'tkazish va ommaviy bayonotlar bermaslik so'ralgan. Rasmiylar bu ma'lumotga rasman izoh berishmagan.

Prokuratura hozircha politsiya xodimlariga qo'yilgan aniq ayblovlarni ma'lum qilmagan. Ozodi radiosi manbalarining ta'kidlashicha, ular qasddan og'ir tan jarohati yetkazish va mansab vakolatini suiiste'mol qilishda ayblanmoqda. Biroq, nashr manbalariga ko'ra, ularning hech biriga qiynoq qo'llash ayblovi qo'yilmagan.

Birinchi sud majlisi sanasi hali e'lon qilinmagan. Manbalarga ko'ra, oltita ayblanuvchidan kamida ikkitasi hibsda.

Tojikistonda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga qarshi ishlar kamdan-kam hollarda sudgacha yetib boradi. Mamlakat Adliya vazirligining ma'lumotlariga ko'ra, 2018 va 2025 yillar oralig'ida 13 kishi qiynoq qo'llashda aybdor deb topilgan, shu davrda politsiya va xavfsizlik xodimlariga qarshi yuzdan ortiq rasmiy shikoyatlar berilgan.

Inson huquqlari faollari hibsda saqlash joylarida yomon muomala qilinayotgani keng tarqalayotgan muammo ekanini ta'kidlashadi. BMTning Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi ham Tojikistonda hibsda saqlash joylarida o'lim holatlari haqidagi xabarlardan xavotir bildirgan va rasmiylarni bunday holatlar bo'yicha tezkor va xolis tergov o'tkazishga chaqirgan.