AQSh noqonuniy migrantlarga yordam bergan ikkita o‘zbek kompaniyasi rahbarlarining mamlakatga kirishini taqiqladi

AQSh Davlat departamenti Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy immigratsiyaga yordam bergani aniqlangan O‘zbekiston fuqarolariga viza cheklovlarini joriy qildi, deb xabar beradi Davlat departamenti matbuot xizmati.

Cheklovlar vizalarni rasmiylashtirish xizmatini ko‘rsatuvchi ikkita o‘zbek kompaniyasi rahbarlari va yuqori lavozimli xodimlariga nisbatan joriy etilgan. Ular «asosiy maqsadi Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy borishni istagan chet elliklarga atayin turizm xizmatlarini taqdim etishgan». Marshrutlar aeroportlar va quruqlikdagi o‘tish joylari orqali Markaziy Amerikadagi tranzit punktlariga borib taqalgan, u yerda migrantlar keyinchalik AQSh chegarasini noqonuniy ravishda kesib o‘tishga urinayotganda qo‘lga olingan.

Bayonotda cheklovlar joriy etilgan kompaniya va shaxslar nomi keltirilmagan.

Choralar Immigratsiya va fuqarolik to‘g‘risidagi qonunning — Immigration and Nationality Act (INA) 212(a)(3)(C) bo‘limiga muvofiq ko‘rilgan. Ushbu qoida odatda AQSh tashqi siyosati uchun jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxslarning mamlakatga kirishini taqiqlaydi.

«Qo‘shma Shtatlar milliy xavfsizligimiz yoki immigratsiya qonunlarimizni buzishga qaratilgan har qanday urinishga toqat qilolmaydi», — deb ta'kidlaydi Davlat departamenti. Departament shuningdek, «chegaralarimiz va milliy xavfsizligimizni himoya qilish uchun odam kontrabandasi tarmoqlarini faol ravishda ta'qib qilishini» ma'lum qildi.

AQSh tomoni O‘zbekiston hukumatiga alohida minnatdorchilik bildirgan.

«Qo‘shma Shtatlar yana bir bor AQShga noqonuniy immigratsiyani tashkil etayotgan jinoiy tarmoqlarga qarshi kurashda yaqin hamkorlik qilayotgani uchun O‘zbekiston hukumatiga chuqur minnatdorchilik bildiradi», — deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

Avvalroq, 2026 yil yanvar oyida AQSh hukumati O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi 75 mamlakat fuqarolariga immigratsiya vizalarini rasmiylashtirishni to‘xtatib qo‘ygan edi.

  • Qozog‘iston sun’iy intellekt poygasida AQSH va Xitoy o‘rtasida qanday muvozanat saqlamoqda

  • Toliblarga qarshi muxolifat yetakchilari mamlakat kelajagi borasida turlicha fikr bildirdi

  • Mashhur san’atkorning Japarov oldida o‘zini qanday tutgani Qirg‘izistonda hokimiyatga sig‘inish va siyosiy o‘zgarishlar haqidagi bahslarga sabab bo‘ldi

  • Muhim minerallar, sun’iy intellekt — «Markaziy Osiyo — Koreya» formatidagi uchrashuvda yana nimalar muhokama qilindi?