Qozog‘istonda Aqto‘be viloyatida 12 kishining hayotiga zomin bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi sabablarini o‘rganish uchun hukumat komissiyasi tuzildi. Bosh vazir Oljas Bektenov tegishli topshiriq berdi, deb xabar qiladi Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati.
Komissiya tarkibiga ichki ishlar, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash va transport vazirliklari mas’ul xodimlari, shuningdek, Aqto‘be viloyati hokimligi rahbariyati kiritildi. Bosh vazir o‘rinbosari Kanat Bozumbayev uning raisi etib tayinlandi.
Bosh vazir komissiyaga zudlik bilan ishni boshlash, avariya sabablarini har tomonlama o‘rganish, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning oila a’zolariga birinchi navbatda yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rishni topshirdi, deyiladi xabarda.
23 oktyabr kuni Samara-Chimkent trassasida DAF yuk mashinasi Jurgenev qishlog‘idan viloyat markaziga ketayotgan «GAZel» yo‘lovchi mikroavtobusi bilan to‘qnashib ketgan. Hodisa Aqto‘be viloyatining Aytekebi tumanidagi Bogetsay qishlog‘i chekkasida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yuk mashinasi qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan. Oqibatda «GAZel»ning ikkala haydovchisi va 10 nafar yo‘lovchisi halok bo‘lgan, besh kishi kasalxonaga yotqizilgan.
Aqto‘be viloyati hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanganlarning barchasi Xromtau tuman kasalxonasiga yetkazilgan. Shifokorlar ulardan uch nafarining ahvolini og‘ir, ikki nafarining ahvolini o‘rtacha deb baholamoqda. Yana bir kishi kasalxonaga yotishdan bosh tortgan. Voqea joyiga viloyat hokimi Asxat Shaxarov yetib kelgan.
Holat yuzasidan jinoiy ish ochilgan. «Hodisa joyida politsiya xodimlari va tergov-tezkor guruhi ishlamoqda, hodisaning barcha holatlari o‘rganilmoqda. Zaruriy tergov harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi viloyat IIB xabarida.


