Toshkentda texnologik diplomatiya bo‘yicha Osiyo simpoziumi bo‘lib o‘tdi

Forum. ITSM fotosurati

Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida texnologik diplomatiya bo‘yicha Osiyo simpoziumi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar Markaziy Osiyo mamlakatlarining sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va kiberxavfsizlik sohalaridagi hamkorligini muhokama qildilar. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.

Simpozium O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Global texnologik diplomatiya instituti (Tech Diplomacy Global Institute, TDGI) tomonidan tashkil etildi. Unda Markaziy Osiyo va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlat organlari, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar, texnologik va biznes sektorlari, oliy ta’lim muassasalari hamda ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev, Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl hamda TDGI asoschisi va prezidenti Ayumi Mur Aoki so‘zga chiqdi.

Simpozium 2025 yil 1 noyabrda YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida Texnologik diplomatiya bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinganidan keyin boshlangan tashabbusning davomi bo‘ldi. Hujjat sun’iy intellekt va boshqa raqamli texnologiyalar rivojlanayotgan sharoitda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni, shuningdek, diplomatik xizmatlarni yangi texnologik tahdidlar va kiberxavfsizlik sohasidagi muammolarga tayyorlashni nazarda tutadi.

Ishtirokchilar uchta davra suhbati o‘tkazdilar. Birinchi suhbatda Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinganidan so‘ng erishilgan natijalar va uning qoidalarini milliy darajada joriy etish masalalari muhokama qilindi. Ikkinchi suhbat Markaziy Osiyo mamlakatlarida raqamli ko‘nikmalarni birgalikda rivojlantirish, innovatsiyalar va mutaxassislar tayyorlashga bag‘ishlandi. Uchinchi suhbatda esa mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadamlar va xalqaro miqyosda ilgari surish rejalashtirilayotgan ustuvor yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi.

Muhokamalarda O‘zbekiston va Qozog‘istonning tegishli idoralari, BMT Taraqqiyot dasturi, moliya va texnologiya kompaniyalari, universitetlar hamda ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etdi. Davra suhbatlarini North Highland konsalting kompaniyasining katta boshqaruvchi direktori Nayla Bet Gavel olib bordi.

Simpozium davomida Ayumi Mur Aoki Samarqand deklaratsiyasini amalga oshirish bo‘yicha Toshkent bayonotini taqdim etdi. Hujjat tashabbusni amalga oshirishning keyingi yo‘nalishlarini belgilaydi hamda texnologik diplomatiya sohasidagi mintaqaviy ustuvor vazifalarni xalqaro kun tartibiga olib chiqishni nazarda tutadi.

Tadbirda, shuningdek, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Birlashgan Arab Amirliklari, Gruziya, Hindiston, Indoneziya, Qozog‘iston, Qatar, Quvayt, Ummon, Pokiston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Falastin va Yaponiya diplomatlari hamda vakillari qatnashdi. Mehmonlar orasida Malayziya, Mo‘g‘uliston, Polsha va Shveysariya vakillari ham bor edi.

Dasturning ishbilarmonlik qismi yakunlanganidan so‘ng simpozium ishtirokchilari Islom sivilizatsiyasi markazining muzey ekspozitsiyalari bilan tanishdilar. Ularga multimedia va interaktiv majmualar, ko‘p tilli raqamli tizimlar hamda sun’iy intellektdan foydalanuvchi yechimlar namoyish etildi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.