Afg‘onistonlik shoira Mujda O‘zbek toliblarni tanqid qiluvchi she’rlari uchun qamoqqa olindi

Afg‘onistonlik shoira Mujda O‘zbek

Afg‘onistonning Taxor viloyatida «Tolibon» harakatining razvedka kuchlari shoira va maktab o‘qituvchisi Mujda O‘zbekni hibsga oldi. U amaldagi hukumat siyosatini tanqid qiluvchi she’rlar yozishda ayblanmoqda. Afg‘oniston ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, ayol sentyabr oyi oxiridan beri hibsda saqlanmoqda.

Hibsga olish haqida Rukhshana Media va Afghanistan International nashrlari viloyatdagi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Mujda O‘zbek eri bilan birga Xo‘jag‘ar tumanida hibsga olingan. Keyin ular viloyatning ma’muriy markazi — Toluqan shahriga olib ketilgan. Shoiraning eri kafillik taqdim etilganidan so‘ng ozod qilingan, biroq uning o‘zi qamoqda qolgan.

Manbalarning ta’kidlashicha, hibsga olinishiga nafaqat «Tolibon» siyosatini tanqid qiluvchi she’rlari, balki Afg‘oniston parlamenti yuqori palatasining sobiq a’zosi, «Afg‘oniston milliy islom harakati» o‘zbek harakati yetakchisi Abdul-Rashid Do‘stumning qizi Raxila Do‘stum bilan ehtimoliy aloqalari ham sabab bo‘lgan.

Raxila Do‘stum shoiraning hibsga olinishini ochiq qoralab, buni tashvishli va asossiz holat deb atagan. U Mujda O‘zbekni ozod qilishga chaqirib, she’rlar va fikrlar jinoyat deb hisoblanmasligi kerakligini ta’kidlagan.

Mujda O‘zbek — Afg‘onistonda yashovchi o‘zbeklar vakilasi, shoira, yozuvchi va besh farzandning onasi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili «Tolibon»ning oliy rahbari Haybatulla Oxunzoda norozilik va muhabbat mavzusidagi she’rlar yozishni taqiqlagan.

«Tolibon»ning Taxor viloyatidagi vakillari hibsga olish holati yuzasidan ochiq izoh bermagan. Ayolga rasman qanday ayblovlar qo‘yilgani, uning hozirgi ahvoli va qayerda saqlanayotgani haqidagi ma’lumotlar cheklangan.