«Astana» xalqaro moliya markazida (AXMM) 16 oktyabr kuni Kendala Critical Minerals Ltd. nomli yangi xususiy kompaniya ro‘yxatdan o‘tkazildi. Uning yagona aksiyadori Nyu-Yorkda shtab-kvartirasi joylashgan Amerikaning KazAmerican Critical Minerals, Inc. kompaniyasi bo‘ladi. Bu haqda «Kursiv.kz» xabar berdi.
Yangi kompaniyaning ustav kapitali 1 ming dollarni tashkil etadi.
AXMM hujjatlariga ko‘ra, Kendala Critical Minerals muhim minerallar, strategik metallar va kamyob yer elementlarini geologik qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash, shuningdek, ularning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanishni rejalashtirmoqda.
Kompaniyaning vazifalari qatoriga yer osti boyliklaridan foydalanish huquqlarini boshqarish, metallurgiya ishlab chiqarish korxonalari uchun texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash va sanoat hamkorlari bilan tayyor mahsulot yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish ham kiradi.
KazAmerican Critical Minerals o‘zining rasmiy saytida Qozog‘istondan AQSH va hamkor mamlakatlar bozorlariga batareyalar ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan metallar — nikel, kobalt va litiy, shuningdek, kamyob yer elementlarini yetkazib berishning integratsiyalashgan zanjirlarini yaratish rejalarini ma’lum qilgan. Xomashyo va tayyor mahsulotlarni tashish uchun kompaniya Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishidan foydalanishni rejalashtirmoqda.
Hozirda Qozog‘istonda KAZ Critical Minerals kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Uning nomi KazAmerican Critical Minerals kompaniyasi nomiga o‘xshash bo‘lsa-da, ular o‘rtasidagi aloqani tasdiqlovchi ma’lumotlar mavjud emas.
KAZ Critical Minerals kompaniyasining yakuniy benefitsiari — Qozog‘istonda kamyob va muhim metallar sohasidagi loyihalarni rivojlantirayotgan Amerikaning Cove Capital investitsiya kompaniyasidir.
Ushbu loyihalardan biri Qarag‘anda viloyatidagi volfram konini o‘zlashtirishga taalluqli. Cove Capital va «Tau-Ken Samruk» milliy kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan Cove Kaz Capital Group qo‘shma korxonasi Shet tumanidagi Shimoliy Qatpar va Yuqori Qayraqti konlarini o‘zlashtirmoqda.
Loyiha doirasida konlar, tog‘-kon boyitish majmuasi va gidrometallurgiya zavodini qurish ko‘zda tutilgan. Investitsiyalar hajmi 1,1–2 milliard dollarga baholanmoqda. Yakuniy texnik-iqtisodiy asosni 2027 yil oxirigacha tayyorlash, qazib olishni esa 2030 yilda boshlash rejalashtirilgan. Korxona ammoniy paravolframat, shuningdek, mis, vismut va molibdenning qo‘shimcha konsentratlarini ishlab chiqaradi.
Bundan tashqari, Cove Capital «Kazgeologiya» kompaniyasi bilan hamkorlikda Sharqiy Qozog‘iston viloyatidagi Gremyachinskiy uchastkasida va Qo‘stanay viloyatidagi Aqbulak uchastkasida nodir yer metallarini qidirish ishlarini olib bormoqda.
ℹ️ AQSHning Markaziy Osiyo muhim minerallariga qiziqishi mintaqa katta xomashyo zaxiralariga egaligi bilan bog‘liq. The National Interest nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston hissasiga dunyodagi uran zaxiralarining qariyb 40 foizi, marganes zaxiralarining 39 foizi va xrom zaxiralarining 31 foizi to‘g‘ri keladi. Shuningdek, mintaqada litiy, mis, rux va volframning katta zaxiralari mavjud. Mintaqa mamlakatlari orasida zaxiralar hajmi bo‘yicha Qozog‘iston yetakchilik qiladi.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyodan mineral xomashyo eksportining atigi 2,1 foizi AQSH hissasiga to‘g‘ri keladi. Amerika rasmiylari bu ulushni oshirishni maqsad qilgan.
The National Interest nashri AQSH investitsiyalari uchun asosiy to‘siqlardan biri sifatida 1974 yilgi Savdo to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan Jekson — Venik tuzatishini ko‘rsatadi. Ushbu tuzatish Qirg‘izistondan tashqari Qozog‘iston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga AQSH bilan doimiy normal savdo munosabatlari (PNTR) maqomini berishga hanuz to‘sqinlik qilmoqda. O‘nlab yillarga mo‘ljallangan konchilik loyihalari uchun bunday rejimning mavjud emasligi qo‘shimcha siyosiy noaniqlikni keltirib chiqaradi.
Cheklovlarni bekor qilishga qaratilgan urinishlar AQSH Kongressida 2006 yildan buyon davom etmoqda. Bu tashabbuslarni Jo Bayden va Donald Tramp ma’muriyatlari qo‘llab-quvvatlagan, biroq hozirgacha tuzatishni bekor qilishga erishilmagan.



