Sankt-Peterburgda patent asosida ishlayotgan migrantlarga savdo, fitnes va go‘zallik salonlarida ishlash taqiqlandi

Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov patent asosida ishlayotgan xorijiy fuqarolarni ishga jalb qilish taqiqlangan sohalar ro‘yxatini kengaytirdi. Cheklovlar chakana savdo, fitnes-klublar, sport obyektlari, sartaroshxonalar, go‘zallik salonlari, shuningdek, ayrim tibbiy va sog‘lomlashtirish xizmatlariga taalluqli.

«Delovoy Peterburg» nashrining xabar berishicha, o‘zgartishlar gubernatorning 2025 yil 5 dekabrdagi 89-pg-sonli qaroriga kiritilgan. Ushbu qaror bilan avvalroq patent asosida ishlovchi xodimlarni taksi va kuryerlik xizmati sohalariga jalb qilish taqiqlangan edi. Yangilangan ro‘yxat 2026 yil 15 oktyabrda e’lon qilindi.

Cheklovlar oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar va tamaki mahsulotlarining chakana savdosiga, shuningdek, meva-sabzavot, go‘sht, baliq, non va qandolat mahsulotlariga ixtisoslashgan do‘konlarga ham taalluqli. Taqiq sport klublari va fitnes-markazlari faoliyati, sport ta’limi, ayrim tibbiy xizmatlar, sartaroshxonalar va go‘zallik salonlarini ham qamrab oladi.

Ish beruvchilarga xorijiy xodimlar sonini yangi talablarga 2026 yil 15 dekabrga qadar muvofiqlashtirish topshirilgan. «Delovoy Peterburg» nashri xabariga ko‘ra, qaror rasmiy e’lon qilinganidan o‘n kun o‘tgach kuchga kiradi.

«Vedomosti. Severo-Zapad» nashrining xabar berishicha, cheklovlar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) davlatlari — Belarus, Qozog‘iston, Armaniston va Qirg‘iziston fuqarolariga, shuningdek, yuqori malakali mutaxassislarni ham qo‘shganda, ishlash uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan xorijliklarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Hukumat cheklovlarni norasmiy bandlikka qarshi kurashish va xorijiy ishchi kuchini jalb qilishni tartibga solish zarurati bilan izohlaydi. 2025 yil dekabrida Beglov 2026 yil davomida patent asosida ishlovchi xodimlarni taksi va kuryerlik xizmati sohalariga jalb qilishni taqiqlovchi qarorni imzolagan edi.