Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi mamlakat prezidentligiga nomzodlikka birinchi da’vogardan ariza qabul qildi

Aymen Kasenov. Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi sayti fotosurati

Qirg‘izistonning Saylov va referendumlar o‘tkazish bo‘yicha markaziy komissiyasi mamlakat prezidentligiga birinchi da’vogardan ariza qabul qildi. U o‘z nomzodini mustaqil ravishda ilgari surish niyatida bo‘lgan Aymen Kasenovdir. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi xabar berdi.

Ariza 14 oktyabr kuni topshirilgan. Shu kuni avvalroq Markaziy saylov komissiyasi raisi Tinchtik Shaynazarov 24.kg nashriga bergan intervyusida komissiya haligacha prezidentlikka nomzodini qo‘yish istagida bo‘lgan birorta shaxsdan ariza olmaganini aytgan edi.

Aymen Kasenov — 52 yoshli bishkeklik fuqaro. Uning neft-gaz sohasi va davlat tuzilmalarida ish tajribasi bor. 2007 yildan 2015 yilgacha u «Gazpromneft-Qozog‘iston» kompaniyasi bosh direktori lavozimida ishlagan. 2015–2016 yillarda Bishkek merining maslahatchisi bo‘lgan, 2016–2018 yillarda esa Rossiya-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi boshqaruvi tarkibiga kirgan.

Kasenov prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga birinchi marta urinayotgani yo‘q. 2021 yilda ham u davlatning oliy lavozimi uchun kurashgan va saylovchilar ovozlarining 0,91 foizini olgan.

Kasenov Bi-bi-siga bergan izohida saylov kampaniyasida ishtirok etish niyatini tasdiqladi va o‘zining saylovoldi dasturi «Jer, suu, amanat» («Yer, suv, ishonch») deb nomlanishini ma’lum qildi.

«Mening aytadigan gaplarim bor. Dastur tayyor. Hozircha qolganini oshkor qila olmayman — bu tashviqot hisoblanadi», — dedi u.

Qirg‘izistonda prezidentlik saylovlari 2027 yil 27 yanvarga belgilangan. Nomzodlarni ilgari surish jarayoni 2026 yil 25 sentyabrda boshlangan va 13 noyabrda yakunlanadi. Avvalroq siyosatchilar Omurbek Suvanaliyev va Siymik Japikeyev ham saylovda ishtirok etish niyatini bildirishgan edi. Biroq, Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Kasenov rasmiy ariza topshirgan birinchi nomzod bo‘lgan.

Mamlakat qonunchiligiga muvofiq, prezidentlikka nomzod kamida 35 yoshda bo‘lishi, davlat tilini bilishi va mamlakat hududida jami kamida 15 yil yashagan bo‘lishi kerak. Nomzodni ro‘yxatga olish uchun saylovchilarning kamida 30 ming imzosini to‘plash va 1 million som (11,4 ming dollar) miqdorida saylov garovi to‘lash talab etiladi. Bu mablag‘ davlat budjetiga o‘tkaziladi va nomzod saylovda g‘alaba qozongan taqdirda ham, nomzodini qaytarib olgan holda ham unga qaytarilmaydi.