Afg‘oniston FM to‘lqinlaridagi so‘nggi xalqaro radiodan ham ayrildi: toliblar BBC radiosi eshittirishlarini to‘xtatdi

«Tolibon» harakati hukumati Afg‘oniston bo‘ylab FM-uzatkichlar orqali Britaniya teleradiokorporatsiyasi (BBC) dasturlarini uzatishni to‘xtatdi. 13 oktyabr kuni bu haqda BBCning o‘zi rasmiy bayonotida ma’lum qildi: korporatsiyaning dariy, pushtu va ingliz tillaridagi radio dasturlari endi mamlakatdagi FM chastotalarida efirga uzatilmaydi.

«Afg‘oniston bo‘ylab millionlab odamlar aniq yangiliklar va axborot manbai sifatida BBCga tayanadi. Biz vaziyatni hal qilish uchun hukumat bilan ish olib bormoqdamiz», — deyiladi bayonotda.

Afg‘onistonga radioeshittirishlar qisqa va o‘rta to‘lqinlarda, sun’iy yo‘ldosh orqali hamda internetda davom etmoqda. BBC News sayti aniqlik kiritishicha, korporatsiyaning FM orqali eshittirishlari ilgari har hafta mamlakatdagi katta yoshli aholining 20 foizdan ortig‘ini qamrab olgan. Hozirda BBC, jumladan, toliblar qizlarning yuqori sinflarda o‘qishini taqiqlagan sharoitda ular uchun ta’lim dasturlarini ham tayyorlaydi.

«Tolibon» hukumati Axborot va madaniyat vazirligi vakili Hubayb G‘ufron Reuters agentligiga BBC faoliyati «takroriy qoidabuzarliklar sababli vaqtincha» to‘xtatilganini aytdi. U aynan qanday qoidabuzarliklar nazarda tutilayotganiga izoh bermagan. Afg‘onistonning «Hasht-ye subh» gazetasi o‘z manbalariga tayanib, toliblar BBCni o‘zlarining media siyosatini buzishda ayblaganini yozadi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, korporatsiya efirni to‘xtatish haqidagi buyruqni bu haqda ommaga ma’lum bo‘lishidan to‘rt kun oldin olgan.

Ehtimoliy sababni Afghanistan International telekanali ma’lum qildi. Uning manbalariga ko‘ra, hukumat a’zolarining g‘azabiga BBCning Qobul qulaganining yilligiga bag‘ishlangan hujjatli filmida toliblarning sobiq gubernatori Abdulloh Sarxadiy bilan o‘tkazilgan intervyu sabab bo‘lgan. BBC muxbiri Kavun Hamush avgust oyida e’lon qilgan reportajda Sarxadiy dastlab toliblar 2001 yilda portlatib yuborgan Bomiyondagi Budda haykallari haqidagi savollarga javob berishdan qochgan, ammo keyinchalik: «Men uni o‘z qo‘llarim bilan vayron qildim», deb tan olgan. «Biz qilgan va qilayotgan barcha ishlar Allohning ko‘rsatmalari va qonunlariga muvofiq… Biz butlarni sotmaymiz, balki ularni sindiramiz. Nega men afsuslanishim kerak? Bu Allohning irodasi edi», — degan u.

Sarxadiy 1990-yillarda Sarxadiy Bomiyonda toliblarning harbiy qo‘mondoni bo‘lgan va bir necha yil davomida AQSHning Guantanamo qamoqxonasida saqlangan. Harakat hokimiyatga qaytgach, u dastlab Bomiyon, keyin esa Jo‘zjon viloyati gubernatori bo‘lgan. Hujjatli film e’lon qilinishidan biroz oldin u Qunduzdagi harbiy korpus qo‘mondonining o‘rinbosari etib tayinlangan. Afghanistan International ta’kidlashicha, u haykallarni yo‘q qilishdagi shaxsiy ishtiroki haqida birinchi marta ochiqchasiga gapirgan.

BBCning Afg‘oniston xizmati 1981 yildan beri faoliyat yuritadi. 2022 yilda toliblar «Amerika ovozi» va «Ozodlik» radiosi eshittirishlarini taqiqlaganidan so‘ng BBC mamlakat ichida radioefirga ega bo‘lgan yagona xalqaro yangiliklar tashkiloti bo‘lib qolgan edi, deb yozadi The Desk. Toliblar Afg‘oniston ommaviy axborot vositalarini qattiq nazorat qiladi: efirda musiqa qo‘yish taqiqlangan, ayollar esa erkaklar bilan bir kadrda ko‘rinishi mumkin emas. «Chegara bilmas reportyorlar» tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, repressiyalar va senzura tufayli Afg‘oniston jurnalistlar majburiy emigratsiyasining jahon miqyosidagi markazlaridan biriga aylangan.