BMTning Afg‘onistonga ko‘maklashish missiyasi (UNAMA) toliblar hukumati tomonidan ayollar va qizlarning hibsga olinishi hamda ushlab turilishi holatlaridan «chuqur tashvishda» ekanini bildirdi. Bu haqda UNAMA 8 oktyabr kuni tarqatgan matbuot bayonotida ma’lum qildi. Unda mamlakatning turli hududlarida ayollarni hibsga olish bilan tahdid qilish holatlari ham qayd etilgan.
UNAMA ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil iyul oyidan sentyabr oyiga qadar Hirot va Kobul shaharlarida kamida 52 nafar ayol va bir nafar qiz hibsga olingan yoki ushlab turilgan. Boshqa ayollarga ham hibsga olish bilan tahdid qilingan. Missiyaning ta’kidlashicha, bunday holatlarning haqiqiy soni ancha ko‘p bo‘lishi mumkin. Ko‘plab jabrlanganlar o‘z xavfsizligi uchun xavotirlangani sababli sodir bo‘lgan voqealar haqida xabar bermaydi.
Hibsga olish holatlari toliblarning kiyinish qoidalari buzilgani haqidagi gumonlar bilan bog‘liq bo‘lgan. Ayollar chadra kiymagani, sochlarini yopmagani, yorqin rangli ro‘mollar o‘ragani yoki kosmetikadan foydalangani uchun ushlangan. Yana bir sabab — ayollar mahram hamrohligisiz jamoat joylarida paydo bo‘lishgan. Hibsga olinganlarning barchasi bir necha soatdan so‘ng ozod qilingan.
UNAMA shuningdek, ayollarga, jumladan, do‘kon egalariga nisbatan og‘zaki haqoratlar, kaltaklash va tahdid qilish holatlaridan ham xavotir bildiradi. Missiya bunday xatti-harakatlar ayollar va qizlarning erkin harakatlanish, o‘z fikrini erkin ifoda etish va shaxsiy mustaqillik huquqlarini buzishini ta’kidlaydi. Bundan tashqari, hibsga olish va ushlab turish holatlari ularning jamiyatda yomon otliqqa chiqishi hamda yanada yakkalanib qolishiga olib kelmoqda.
UNAMA toliblar hukumatini ayollar va qizlarga nisbatan kamsituvchi amaliyotlarga barham berishga chaqirdi. Missiya barcha afg‘onistonliklarning huquqlari va qadr-qimmatini hurmat qilishni, shuningdek, Afg‘onistonning o‘z zimmasiga olgan inson huquqlariga oid xalqaro huquq normalariga muvofiq majburiyatlarini bajarishni talab qildi.



