9 oktyabr kuni Turkmanistonda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) tashkil etilganining 35 yilligiga bag‘ishlangan sammit bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchi davlatlar prezidentlari bir qator hujjatlarni tasdiqladilar. Ular orasida tashkilotning jahon axborot makonidagi ijobiy imijini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror ham bor. Bu haqda MDHning rasmiy sayti xabar berdi.
Ushbu qarorni qabul qilish tashabbusi Tojikiston tomonidan ilgari surilgan. BMT va MDH ustavlariga asoslangan hujjat axborot va raqamli makonda Hamdo‘stlik imijiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlarning oldini olishga qaratilgan. Mamlakatlar MDH imijini himoya qilish, uni targ‘ib etishda bir-biriga ko‘maklashish hamda Hamdo‘stlik va uning fuqarolariga nisbatan salbiy munosabatni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan axborotlarni tarqatmaslik majburiyatini oldilar. Shuningdek, radikalizmga chaqiruvchi, millatlararo va dinlararo adovatni qo‘zg‘atuvchi mazmundagi kontentni tarqatish taqiqlanishi alohida belgilab qo‘yilgan.
Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan sammitda ishtirokchi yana sakkizta davlat rahbari qatnashdi. Ular — Ilhom Aliyev (Ozarbayjon), Aleksandr Lukashenko (Belarus), Qosim-Jomart To‘qayev (Qozog‘iston), Sadir Japarov (Qirg‘iziston), Vladimir Putin (Rossiya), Emomali Rahmon (Tojikiston), Shavkat Mirziyoyev (O‘zbekiston), Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, shuningdek, MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev.
Tor doiradagi yig‘ilishni ochar ekan, Serdar Berdimuhamedov obyektiv qiyinchiliklarga qaramay, Hamdo‘stlik hamkorlik poydevorini saqlab qolishga va uning o‘zaro manfaatli xususiyatini ta’minlashga erishganini ta’kidladi.
«Savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanmoqda, ayniqsa, so‘nggi yillarda umumiy tovar ayirboshlash hajmida ijobiy o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda, siyosiy-diplomatik hamkorlikning mazmunli kun tartibi kengaymoqda», — dedi Berdimuhamedov.
Qosim-Jomart To‘qayev MDHni 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishni taklif qildi. Uning ta’kidlashicha, amaldagi Konsepsiya 2007 yilda tasdiqlangan va olti yil avval yangilangan, keyingi dasturlar esa «ko‘pincha bir-biri bilan muvofiqlashtirilmagan». Shuningdek, u 2027–2030 yillarga mo‘ljallangan MDHning ustuvor sanoat-texnologik loyihalari portfelini shakllantirish tashabbusini ilgari surdi hamda 2027 yilning birinchi choragida Ostonada MDH shafeligida sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus forum o‘tkazishni taklif qildi. To‘qayev o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Qozog‘istonning MDH mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 40 milliard AQSH dollarini tashkil etganini, joriy yilning dastlabki yetti oyida esa bu ko‘rsatkich 10 foizga oshganini ma’lum qildi.
Vladimir Putinning aytishicha, 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Rossiyaning MDHdagi hamkorlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 110 milliard dollardan oshgan, joriy yilning birinchi yarmida esa yana 12 foizga o‘sgan. U Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasidagi tijorat operatsiyalarida milliy valyutalar ulushi 90 foizdan oshganini ta’kidladi.
«Yanada tezroq harakat qilish mumkinmi? Ha, mumkin. Buning uchun nima qilish kerak? To‘siqlarni bartaraf etish kerak», — dedi Putin. Shu bilan birga, u milliy darajada ayrim cheklovlarni saqlab qolish ba’zan manfaatliroq bo‘lishini va bu integratsiya sur’atlarini ongli ravishda sekinlashtirishini tan oldi.
Shavkat Mirziyoyev oddiy tovar almashinuvidan to‘liq qiymat zanjirlarini birgalikda yaratishga o‘tish zarurligini ta’kidladi. U oziq-ovqat mahsulotlari va o‘g‘itlar eksportiga cheklovlar joriy etilishidan oldin oldindan xabardor qilish va maslahatlashuvlar o‘tkazish mexanizmini joriy etishni taklif qildi. Shuningdek, u Ichki ishlar vazirlari kengashiga transchegaraviy kiberjinoyatlarga tezkor javob qaytarish uchun MDHning Qo‘shma aloqa markazini tashkil etish choralarini ishlab chiqishni topshirish tashabbusini ilgari surdi.
Emomali Rahmon Dushanbe tomonidan 2027–2036 yillarni kelajak avlodlar manfaati yo‘lida tinchlikni mustahkamlash bo‘yicha Xalqaro o‘n yillik deb e’lon qilish tashabbusini eslatdi. Ushbu tashabbus jahon hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Rahmonning ma’lum qilishicha, 2027 yil iyun oyida Dushanbe shahrida mazkur o‘n yillikning rasmiy ochilishiga bag‘ishlangan yuqori darajadagi xalqaro konferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan. U MDH mamlakatlarini ushbu tadbirda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Sadir Japarov MDH davlatlari rahbarlarini 2027 yil oktyabr oyida Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadigan «Bishkek+25» ikkinchi Global tog‘ sammitida ishtirok etishga taklif qildi. Madaniy-gumanitar hamkorlik doirasida u 2028 yilda qirg‘iz adabiyotining buyuk namoyandasi Chingiz Aytmatov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan MDH shafeligida qo‘shma tadbirlar o‘tkazishni taklif etdi.
Hamdo‘stlik tarixida ilk bor kengaytirilgan yig‘ilishda Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkian ishtirok etdi. U «MDH+» formati qatnashchilariga tabrik so‘zi bilan murojaat qildi.
Sammit ishtirokchilariga MDHda raislik 2027 yil 1 yanvardan o‘zi rahbarlik qilayotgan mamlakatga o‘tishini inobatga olgan holda, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham murojaat qildi.
«Biz kelgusi yili aniq va sezilarli natija beradigan masalalarni e’tibor markaziga qo‘yish niyatidamiz. Bular – iqtisodiyot, yangi texnologiyalar, transport, xavfsizlik, ta’lim, ilm-fan va inson salohiyatini rivojlantirishdir», — dedi Mirziyoyev.
Yig‘ilishlar yakunlari bo‘yicha bir qator hujjatlar imzolandi. Ular orasida MDH tashkil etilganining 35 yilligi munosabati bilan davlat rahbarlarining bayonoti, tarixiy xotirani saqlash to‘g‘risidagi bayonot, Hamdo‘stlik mamlakatlarida 2030 yilgacha aholi ro‘yxatini o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror va boshqa hujjatlar bor.
Bundan tashqari, kelgusi yillarga bag‘ishlangan mavzular ham tasdiqlandi: 2028 yil — Ijtimoiy taraqqiyot va hayot sifatini yaxshilash yili, 2029 yil esa MDH transport bog‘liqligi yili deb e’lon qilindi. Eslatib o‘tamiz, Hamdo‘stlikda 2026 yil Sog‘liqni saqlash yili, 2027 yil esa Huquqiy ma’rifat yili deb belgilangan.
MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi 2027 yil oktyabr oyida Buxoro shahrida bo‘lib o‘tadi.



