Rossiya so‘roviga ko‘ra Ostonada hibsga olingan Ukraina fuqarosi Lyubov Rojanskaya Qozog‘istonni tark etdi va hozirda Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan birida bo‘lib turibdi. Bu haqda uning advokati Aleksey Pryanishnikov 8 oktyabr kuni Deutsche Welle nashriga ma’lum qildi.
Rojanskaya 1 oktyabr kuni Ostonada Rossiya hukumati so‘roviga asosan hibsga olingan. Rossiya tomoni uni bolani o‘g‘irlashda gumon qilmoqda.
Hibsga olinganidan keyin uch kun o‘tgach, Qozog‘iston sudi unga nisbatan ehtiyot chorasini belgilashi kerak edi. Biroq, bu amalga oshmagan. Natijada ayol tergov hibsxonasidan ozod qilingan va shundan so‘ng mamlakatni tark etgan, deb ma’lum qiladi advokat.
Rojanskayani ozod qilish uchun Ukraina hukumati, jumladan, Tashqi ishlar vazirligi va Oliy Radaning inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubines harakat qilgan.
Shu bilan birga, Rossiyaning Rojanskayani ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) orqali yuborilgan so‘rovi qaytarib olinmagan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Rojanskaya 2026 yil 1 oktyabr kuni nevarasini Ukrainaga qaytarish uchun Ostonaga uchib kelgan. Bolani 2021 yilda onasi Rossiyaga olib ketgan edi.
Bolaning onasi, Ukraina fuqarosi Alla Sonchik (ikkinchi nikohidan so‘ng — Andreyeva) 2018 yilda tug‘ilgan o‘g‘li va qaynonasi Lyubov Rojanskaya bilan Odessada yashagan. 2020 yilda bolaning otasi bilan ajrashganidan keyin Sonchik rossiyalik dengizchi Vitaliy Andreyevga turmushga chiqqan. 2021 yilda u o‘g‘li bilan yangi turmush o‘rtog‘ining oilasini ko‘rish uchun Kaliningrad viloyatiga borgan va o‘sha yerda qolgan.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan keyin Andreyeva o‘zi va o‘g‘li uchun Rossiya fuqaroligini olgan. Ayni paytda, Ukrainadagi sud jarayonlari natijasida bolaning yashash joyi uning otasi istiqomat qiladigan Odessa shahri etib belgilangan. Ukrainaning NV.ua nashri ma’lumotlariga ko‘ra, bolaning otasi Ukraina Mudofaa kuchlarida xizmat qiladi.
Bolaning ukrainalik qarindoshlari bir necha yil davomida onasi bilan kelishib, uni Ukrainaga qaytarishga harakat qilgan.
2023 yilda Rojanskaya tomonidan nevarasini olib kelishga vakolat berilgan ikki nafar ukrainalik Kaliningrad viloyatiga borgan. 2025 yil oktyabr oyida ular Rossiya chegarasini noqonuniy kesib o‘tish, josuslik va odam o‘g‘irlashga suiqasd qilishda ayblanib, qattiq rejimli koloniyaga 15 va 16 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Rossiya sudi, shuningdek, Rojanskayani taxmin qilinayotgan odam o‘g‘irlash jinoyatining tashkilotchisi deb sirtdan e’tirof etgan.
2026 yil yozida bolani topshirish bo‘yicha muzokaralar qayta boshlangan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, bolaning Rossiyadagi qarindoshlari uni otasiga berishga va tegishli kelishuvni Qozog‘istonda rasmiylashtirishga rozi bo‘lishgan.
Pryanishnikovning fikricha, muzokaralar Rojanskayani hibsga olish uchun bahona sifatida ishlatilgan bo‘lishi mumkin. Uning aytishicha, Rossiya tomoni uchrashuv aynan Qozog‘istonda o‘tkazilishini talab qilgan. Rojanskayaning kelish sanasi kelishilgan vaqt esa Kaliningraddagi sud uni sirtdan hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqargan davrga to‘g‘ri kelgan. Shundan so‘ng uni qidirish to‘g‘risidagi hujjatlar KXSHT orqali Qozog‘istonga yuborilgan.
Pryanishnikov Rojanskaya ishida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bilan bog‘liq siyosiy omillar bor, deb hisoblaydi va uning Octonada hibsga olinishini Rossiya maxsus xizmatlarining provokatsiyasi sifatida baholaydi.
«Rossiyaning huquqni qo‘llash amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, to‘g‘ridan to‘g‘ri yuqori avlod qarindoshlariga nisbatan bunday [bolani o‘g‘irlash] ishlari qo‘zg‘atilmaydi», — deydi advokat.
So‘nggi oylarda Qozog‘iston Rossiyaga ekstraditsiya qilish bilan bog‘liq bir qator shov-shuvli ishlar markazida qoldi. Yaqinda o‘nlab mamlakatlardan 150 nafardan ortiq huquq himoyachisi va faol Ostonadan chechenistonlik faol Mansur Movlayev va Aleksey Navalniy shtabi sobiq xodimi Yuliya Yemelyanovani Moskvaga topshirmaslikni talab qildi.
Ularning har ikkisi ham Olmaotada ekstraditsiya maqsadida hibsda saqlanmoqda. Sentyabr oyida Movlayev tergov hibsxonasida ikki marta o‘z joniga qasd qilishga uringan. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Qozog‘istonni faollarning shikoyatlari ko‘rib chiqilguniga qadar ularni Rossiyaga topshirmaslikka chaqirdi.



