BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi Qozog‘istondan Yuliya Yemelyanovani Rossiyaga ekstraditsiya qilmaslikni talab qildi

Yuliya Yemelyanova. Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi rossiyalik faol Yuliya Yemelyanova ishi bo‘yicha shoshilinch choralar qo‘lladi va Qozog‘istondan uni Rossiyaga ekstraditsiya qilmaslikni talab qildi. Bu haqda KazTAG agentligiga Yemelyanova hamda chechenistonlik faol Mansur Movlayevning xalqaro jarayonlardagi manfaatlarini himoya qilayotgan yurist Vadim Drozdov ma’lum qildi.

Drozdovning so‘zlariga ko‘ra, 5 oktyabr kuni Yemelyanova manfaatlarini ko‘zlab, Qo‘mitaga individual shikoyat taqdim etilgan. Shu bilan birga, yurist Qo‘mitadan shoshilinch choralar ko‘rishni hamda shikoyat ko‘rib chiqilguniga qadar Qozog‘istondan faolni Rossiyaga ekstraditsiya qilmaslik, deportatsiya qilmaslik yoki boshqa yo‘l bilan topshirmaslikni talab qilishni so‘ragan.

8 oktyabr kuni Qo‘mita ushbu iltimosni qanoatlantirgan. Tasdiqlovchi xatda Qozog‘istonga shikoyat nusxasi yuborilgani va undan olti oy ichida shikoyatning maqbulligi hamda ishning mohiyati yuzasidan ma’lumot va mulohazalar taqdim etish so‘ralgani qayd etilgan.

Drozdovning tushuntirishicha, Qo‘mita Yemelyanova Rossiyaga topshirilgan taqdirda, unga qayta tiklanmas zarar yetkazilishi xavfi mavjudligi sababli vaziyat shoshilinch aralashuvni talab qiladi, degan xulosaga kelgan. Shu bilan birga, shoshilinch choralarning qo‘llanilishi Qo‘mita uning shikoyati bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilganini anglatmaydi. Da’vo qilinayotgan huquqbuzarliklar keyinchalik ishning mohiyati bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.

Yurist ta’kidlashicha, Qo‘mitaning qarori ekstraditsiya xavfi butunlay bartaraf etilganini anglatmaydi. Yemelyanova va Mansur Movlayev hanuz Qozog‘istonda hibsda saqlanmoqda, ularni Rossiyaga ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi qarorlar esa o‘z kuchida qolmoqda.

«Shuning uchun hozir Qozog‘istonning BMTning tegishli shartnomaviy organlari tomonidan belgilangan shoshilinch choralarga amalda rioya qilishi prinsipial ahamiyatga ega», — dedi Drozdov.

U, shuningdek, Qozog‘iston Qo‘mita talablarini bajarmasligi mumkinligidan xavotir bildiradi. U bunga dalil sifatida «Abdussamatov va boshqalar Qozog‘istonga qarshi» hamda «Tursunov Qozog‘istonga qarshi» ishlarini keltirgan. Ushbu ishlarda BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi so‘ralgan shoshilinch choralarga zid ravishda arizachilarni boshqa davlatga topshirishni mamlakatning xalqaro majburiyatlarini buzish deb baholagan.

«Mansur Movlayev ishi ham ekstraditsiya xavfi saqlanib qolayotganidan dalolat beradi», — deya qo‘shimcha qiladi Drozdov.

Yuliya Yemelyanova — Rossiya muxolifatchisi Aleksey Navalniyning Sankt-Peterburgdagi shtabida sobiq xodim bo‘lgan. 2021 yilda Rossiyada unga nisbatan o‘g‘irlik to‘g‘risidagi modda bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, faol go‘yoki Sankt-Peterburgda taksichining telefonini o‘g‘irlagan. Yemelyanova aybini tan olmagan va ish soxtalashtirilganini aytgan. Ish sudga oshirilganidan keyin faol mamlakatni tark etgan. Rossiyadan ketgach, u emigrantlar va ukrainalik qochqinlarga yordam berish loyihalarida ishtirok etgan.

O‘tgan yilning 31 avgustida u Olmaota aeroportida ushlangan. Yemelyanova Qozog‘istonga tranzit orqali kelgan bo‘lib, Gruziyadan Vetnamga uchib ketayotgan bo‘lgan. Muxolifatchi Rossiya tomonidan davlatlararo qidiruvga berilgani sababli hibsga olingan. 11 fevral kuni Qozog‘iston uni Rossiyaga topshirish niyatida ekani haqida xabar berilgan. Shu oyning o‘zida G‘arbiy Qozog‘iston viloyati ma’muriy sudi rossiyalik faolga siyosiy boshpana berishni rad etgan. Huquq himoyachilari ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida u boshpana berishni rad etish bo‘yicha takroriy qaror olgan.

Hozirda faol Olmaota shahrida hibsda saqlanmoqda. «Farg‘ona» nashri yozishicha, 24 sentyabr kuni Ostonadagi kassatsiya sudi ham Yemelyanovaga boshpana berishni rad etgan. Bu avvalgi rad javoblari ustidan shikoyat qilish mumkin bo‘lgan so‘nggi sud instansiyasi edi.