Moskva patriarxatiga qarashli Rus pravoslav cherkovining (RPTS MP) sobiq ruhoniysi Iakov Voronsov Qozog‘istonda giyohvandlik moddalarini saqlash bilan bog‘liq ish bo‘yicha olti yilga ozodlikdan mahrum etildi. Konstitutsiyaning qabul qilinishi munosabati bilan e’lon qilingan amnistiyani hisobga olgan holda, jazo muddati to‘rt yilga qisqartirildi, deb xabar beradi Vlast.kz.
Sud, shuningdek, Voronsovdan jabrlanganlarga kompensatsiya jamg‘armasiga 86,5 ming tenge (taxminan 200 dollar) va sud xarajatlari uchun davlat daromadiga yana 39,5 ming tenge (88 dollar) undirish haqida qaror chiqardi.
Voronsov psixotrop moddaning analogini o‘ta yirik miqdorda, sotish maqsadisiz qonunga xilof ravishda sotib olish va saqlashda aybdor deb topildi (Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 296-moddasi 4-qismi). Tintuv vaqtida uning uyidan metkatinon analogi — 2,44 gramm miqdoridagi modda topilgan.
Sud qarorini sharhlar ekan, advokat G‘alim Nurpeisov ayblovni isbotlanmagan deb hisoblashini bildirdi.
«Bu modda Iakov Voronsovning uyidan topilgan — demak, u aybdor. Ammo ushbu moddaning unga tegishli ekanini, uni kimdan va qachon sotib olganini, bu modda bilan aloqasi bo‘lganini tasdiqlovchi hech qanday dalil bo‘lmagan. Shuning uchun biz boshidanoq bu yerda uni aybdor deb topish uchun yetarli dalillar yo‘qligini aytgan edik», — deydi advokat.
Ishni Olmaotadagi Medeu tuman sudi №2 ko‘rib chiqdi. Birinchi sud majlisi 16 sentyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Majlis boshida davlat ayblovchisi ayrim guvohlar o‘z xavfsizligidan xavotirlanayotganini bildirib, sud jarayonini yopiq tarzda o‘tkazishni so‘ragan. Himoya tomonining e’tirozlariga qaramay, sud prokurorning iltimosini qanoatlantirgan. Bu qarorga norozilik sifatida Voronsov ochlik e’lon qilgandi.
❗Iyeromonax Iakov Voronsov Qozog‘istonda o‘zining urushga qarshi ochiq pozitsiyasi bilan tanilgan. U Rossiyaning Ukrainaga harbiy bosqinini ochiq tanqid qilgan, Rus pravoslav cherkovi rahbariyati siyosatini qoralagan va Qozog‘istonda Moskva patriarxatidan mustaqil pravoslav jamoasini ro‘yxatdan o‘tkazishga uringan.
O‘z pozitsiyasi sababli Voronsov Moskvadagi cherkov instituti tomonidan ruhoniylik unvonidan mahrum qilingan, shundan so‘ng Qozog‘istonda unga nisbatan ta’qiblar boshlangan. 13 fevralga o‘tar kechasi u qo‘lga olingan. Olmaota ma’muriy sudi iyeromonaxni giyohvandlik vositalarini tibbiy maqsadlarsiz iste’mol qilishda aybdor deb topib, 10 sutkaga qamoq jazosini tayinlagan. Keyinchalik ruhoniyga narkotika iste’moli joyini tashkil etish yoki saqlash hamda giyohvandlik moddalarini sotish maqsadisiz saqlash bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan, 25 fevral kuni esa tergov sudi uni yana qamoqqa olgan.
Iakov ota o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etadi va ishni soxtadan uydirilgan deb atyadi.
13 may kuni tergovchi Voronsovga nisbatan ehtiyot chorasini ixtisoslashtirilgan psixiatriya muassasasiga joylashtirish bilan almashtirishni so‘raydi. Advokati G‘alim Nurpeisovning so‘zlariga ko‘ra, himoya tomoni psixiatriya ekspertizasidan o‘tkazishni rad etgan, biroq Voronsov shunga qaramay majburiy davolanishga yuborilgan. Uning psixiatriya shifoxonasidan SIZOga qaytarilgani 13 iyul kuni ma’lum bo‘ladi.
«Shifokorlar unda hech qanday ruhiy og‘ishlar aniqlamadi va sog‘lom insonni aslida yo‘q kasallikdan davolashdan bosh tortishdi», — deya o‘shanda Qozog‘istondagi Inson huquqlari va qonun ustuvorligi byurosi vakillari ma’lum qilgandi.
Voronsov ishi bo‘yicha tergov yoz oxirida yakunlandi. Sud boshlanishidan biroz oldin G‘alim Nurpeisov himoyasi ostidagi shaxsga yangi ayblov xulosasi topshirilganini ma’lum qildi. Unda narkotika iste’moli joyini tashkil etish yoki saqlash bo‘yicha ayblov (Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 302-moddasi 1-qismi) chiqarib tashlangan, giyohvandlik moddalarini qonunga xilof ravishda saqlash haqidagi modda esa qoldirilgan.



