Latviya O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni vaqtincha to‘xtatmoqchi

Ichki ishlar vaziri Yanis Dombrava

Latviya Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni ma’lum muddatga to‘xtatib turishni taklif qildi. Bu haqda 2026 yil 29 sentyabr kuni Jauns.lv portali xabar berdi. Bunga O‘zbekiston fuqarolari Latviyaga kelganidan ko‘p o‘tmay jinoyat sodir etgan bir nechta holat, jumladan, voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar sabab bo‘lgan.

«Biz chora ko‘rishimiz shart. Shuning uchun O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni ma’lum muddatga to‘xtatib turishni va bu vaqt ichida Latviyaga jamoat tartibi va xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan shaxslarning kirib kelishini oldini olish uchun O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlik qilishni taklif qilyapmiz», — dedi 29 sentyabr kuni Ichki ishlar vaziri Yanis Dombrava.

Tashabbus hozircha taklif darajasida qolmoqda. Dombrava masalani 29 sentyabr kuni Vazirlar kabineti majlisi kun tartibiga kiritishga urindi, ammo vazirning o‘zi X ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, koalitsiya hamkorlari masalani kun tartibiga kiritishga rozi bo‘lmagan.

Inbox.lv Baltijas Balss nashriga tayanib xabar berishicha, ushbu majlis Seym saylovlaridan oldingi so‘nggi majlis bo‘lgan. Vazir masala yaqin oradagi hukumat majlislaridan birida ko‘rib chiqilishiga umid qilmoqda.

BB.lv portali aniqlik kiritishicha, Ichki ishlar vazirligi o‘z taklifida Immigratsiya to‘g‘risidagi qonunning 8-moddasi 2-qismiga tayanmoqda.

Shuni ta’kidlash lozim, vazirlik Latviyada O‘zbekiston fuqarolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha batafsil statistik ma’lumotlarni keltirmagan. Rasmiy Toshkentning bu masalaga munosabati esa hozircha ma’lum emas.