Olmaota shahri Ixtisoslashtirilgan tumanlararo tergov sudi Rossiya so‘roviga binoan qo‘lga olingan chechen faoli Mansur Movlayevning ekstraditsiya maqsadida qamoqda saqlash muddatini 20 oygacha uzaytirdi. Bu haqda uning advokati Yelena Jigalenok Vlast.kz nashriga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, odatda ekstraditsiya maqsadida qamoqda saqlashning eng ko‘p muddati 12 oyni tashkil etadi. Agar shu vaqt ichida shaxsni topshirish to‘g‘risidagi so‘rov kelib tushmasa yoki ekstraditsiya rad etilsa, u ozod qilinadi va mamlakatni tark etishi mumkin.
«Ushbu holatda Rossiya tomonidan ekstraditsiya qilish haqida rasmiy so‘rov yuborilgan va Qozog‘iston Bosh prokuraturasi uni qanoatlantirgan», — dedi Jigalenok.
Shu bilan birga, Movlayevni ekstraditsiya qilish hozircha amalga oshirilmayapti. Bunga BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan vaqtinchalik himoya choralari, shuningdek, uning Qozog‘iston Oliy sudida ko‘rib chiqilayotgan kassatsiya shikoyati sabab bo‘lmoqda.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, shaxsni topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilingach, Qozog‘iston qonunchiligi qamoqda saqlash muddatini 12 oydan ortiq vaqtga uzaytirishga ruxsat beradi. Bu muddat ekstraditsiyani so‘rayotgan davlat qonunchiligida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilishning eng yuqori muddatigacha davom etishi mumkin.
«Hozir barcha umid BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining vaqtinchalik choralariga bog‘liq. Qozog‘iston ularga rioya qilib, Mansurni Rossiyaga topshirmasligiga umid qilamiz. Kassatsiya shikoyati bo‘yicha qaror iyul oyi oxiri — avgust oyi boshida chiqishi kutilmoqda», — dedi Jigalenok.
Movlayev Checheniston rahbari Ramzan Qodirov rejimiga qarshi chiquvchi «Adat» muxolifat harakati ishtirokchisi hisoblanadi.
2020 yili Rossiyada Movlayev giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi aybi bilan sudlangan. Biroq, chechen faollari Ibrohim va Baysangur Yangulbayevlarning ta’kidlashicha, unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi soxtalashtirilgan.
2022 yili shartli ravishda muddatidan oldin ozodlikka chiqqanidan so‘ng, Movlayevning aytishicha, uni Checheniston politsiyasi xodimlari o‘g‘irlab ketgan va maxfiy qamoqxonada ushlab turishgan. Keyinchalik u qochishga muvaffaq bo‘lib, Qirg‘izistonga borgan, so‘ngra Rossiyaga topshirilish xavfi tufayli u yerni ham tark etgan. Qochib ketganidan so‘ng Movlayev Olmaota shahrida yashay boshlagan va murabbiy bo‘lib ishlagan. Shu bilan birga, Rossiyada unga nisbatan ekstremizmga oid jinoyat ishi bo‘yicha federal qidiruv e’lon qilingan.
2025 yil may oyida faol Rossiya so‘roviga binoan Olmaotada qo‘lga olingan. 2026 yil yanvar oyida Qozog‘iston Bosh prokuraturasi uni ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi so‘rovni qanoatlantirgan. 23 fevral kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Movlayevning shikoyatini ro‘yxatga oldi va ish to‘liq ko‘rib chiqilgunga qadar Qozog‘istonga uni ekstraditsiya qilishdan tiyilib turishni tavsiya qildi.



