Qirg‘iziston chetga yoqilg‘i olib chiqishni to‘liq taqiqladi

bpetroleum.kg sayti fotosurati

Qirg‘iziston avtomobil va temir yo‘l transporti orqali neft va neft mahsulotlarini mamlakatdan chetga olib chiqishga vaqtinchalik taqiq joriy qildi. Tegishli qarorni 13 iyul kuni respublika Vazirlar Mahkamasi raisi Adilbek Qosimaliyev imzoladi.

Cheklovlar ichki bozor to‘liq ta’minlanguniga qadar yoki Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII)ning yagona neft va neft mahsulotlari bozori shakllanguniga qadar amal qiladi. Taqiq benzin, dizel yoqilg‘isi va boshqa neft mahsulotlariga tatbiq etiladi.

Nafta, mazut va pech yoqilg‘isi uchun istisno nazarda tutilgan. Ularni Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan keyinchalik qayta ishlangan mahsulotlarni Qirg‘izistonga qaytarish sharti bilan mamlakat tashqarisida qayta ishlash uchun olib chiqishga ruxsat beriladi. Shuningdek, transport vositalarining shtatdagi yoqilg‘i baklaridagi yoqilg‘i mazkur taqiq doirasiga kirmaydi.

Ayni paytda hukumat avtomobil transporti orqali neft mahsulotlarini import qilish tartibini soddalashtirdi. 2027 yil 1 aprelga qadar benzin tashuvchi mashinalar orqali yoqilg‘i olib kirishga doir avvalgi cheklovlar amal qilishi to‘xtatildi. Import qiluvchilar xavfsizlik talablariga rioya etishi, soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi, tovarga ilova qilinadigan hujjatlar hamda muvofiqlikni baholashga oid hujjatlarga ega bo‘lishi shart.

Shuningdek, 15 iyundan 30 sentyabrgacha Qirg‘izistonda benzin, dizel yoqilg‘isi va avtogaz uchun chakana sotuvning eng yuqori narxlari amal qiladi.

Ushbu choralar yoqilg‘i tanqisligi yuzaga kelishi mumkinligi haqidagi xavotirlar fonida qabul qilindi. Iyul oyi boshida Qirg‘iziston Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon, O‘zbekiston va Turkmanistonga neft mahsulotlarini barqaror yetkazib berishni ta’minlashda yordam so‘rab murojaat qilgan edi. Qozog‘iston ushbu murojaatni olganini rasman tasdiqladi.

Qirg‘izistonga yonilg‘i-moylash materiallarining asosiy yetkazib beruvchisi hali ham Rossiya bo‘lib qolmoqda. Mamlakat neft mahsulotlari importining 90–95 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi, benzin importida esa Rossiyaning ulushi deyarli 100 foizga yaqin. Shu bilan birga, Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari oqibatida neftni qayta ishlash hajmi qisqardi va Rossiya ichki bozorida uzilishlar yuzaga keldi. Iyun oyida Rossiya benzinining Markaziy Osiyo va Afg‘onistonga yetkazib berilishi may oyiga nisbatan 34 foizga kamaydi. Qirg‘iziston hukumati xavf omillari sifatida Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik, xalqaro logistika zanjirlarida ehtimoliy uzilishlar hamda jahon neft narxlarining o‘sishini ham qayd etmoqda. Shu sharoitda respublika yoqilg‘i yetkazib berishning qo‘shimcha manbalarini izlashga kirishdi.