Qozog‘iston startapi saratonni erta aniqlash texnologiyasi bilan xalqaro AI tanlovida g‘olib bo‘ldi

manshuq.com сайти фотосурати

Qozog‘istonning BACKEER startapi Portugaliyada o‘tkazilgan Women's Health × EmbryoNet-AI Startup Competition xalqaro tanlovining ikki nafar g‘olibidan biri bo‘ldi. Jamoa sun’iy intellektdan foydalangan holda ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash texnologiyasini taqdim etdi, deb xabar beradi Digital Business.

Juldiz Mirxiyeva va Qanag‘at Qantoreyeva tomonidan asos solingan startap tolali-optik biosensorlar asosida biomarkerlarni tez va yuqori aniqlikda aniqlash imkonini beruvchi platformani ishlab chiqqan. Texnologiyaning asosiy maqsadi ko‘krak bezi saratonini erta tashxislash samaradorligini oshirish, shuningdek, laboratoriya tadqiqotlarini tezroq va aniqroq qilishdan iborat.

Mukofot sifatida BACKEER 100 ming yevrogacha bo‘lgan qiymatda texnik qo‘llab-quvvatlashni qo‘lga kiritadi. Jamoa ushbu yordamni o‘z biosensorlari uchun sun’iy intellekt platformasi va foydalanuvchi interfeysini yaratishga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda.

Tanlovda Yevropa, Markaziy Osiyo, Afrika va dunyoning boshqa mintaqalaridan jami 165 ta startap, ilmiy laboratoriya va tadqiqot guruhi ishtirok etgan. Barcha loyihalar ayollar salomatligi sohasidagi muammolarni hal etishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan.

Hakamlar hay’ati ishlanmalarni bir nechta mezonlar asosida baholagan. Ular orasida sog‘liqni saqlash tizimiga ehtimoliy ta’siri, ilmiy va tijorat istiqbollari, ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatlari, EmbryoNet-AI platformasi bilan mosligi, shuningdek, taklif etilayotgan yechimlarning axloqiy talablarga muvofiqligi va barqarorligi kabi jihatlar joy olgan. Tanlov yakunlariga ko‘ra, Qozog‘istonning BACKEER startapi bilan bir qatorda Janubiy Afrika Respublikasining Netalis Medical kompaniyasi ham g‘olib deb topilgan.