«Astana» Xalqaro moliya markazi (AXMM) sudi Ukrainadagi «Naftogaz» kompaniyasi foydasiga qabul qilingan arbitraj qarorini Qozog‘iston hududida tan olish va ijro etish haqidagi o‘z farmoyishini bekor qildi, deb xabar berdi Reuters. Nizo Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasidan gaz tranziti hajmlarini ta’minlamagani uchun taxminan 1,4 milliard dollar miqdoridagi jarimani undirish masalasiga taalluqli.
Avvalroq Shveysariyadagi Xalqaro savdo palatasi (ICC) huzuridagi arbitraj «Naftogaz» foydasiga qaror chiqargan edi. May oyida esa AXMM sudi ushbu qarorni tan olish va uni Qozog‘iston hududida ijro etishga ruxsat bergandi. Endi esa Qozog‘iston sudi mazkur arbitraj qarorini ijro etish bo‘yicha vakolatga ega emas degan xulosaga kelib, avvalgi farmoyishini bekor qildi, deb ta’kidlaydi agentlik.
Shu bilan birga, AXMM sudining may oyidagi qaroridan so‘ng Qozog‘iston hukumati ushbu nizodan deyarli darhol o‘zini chetga oldi. Adliya vazirligi respublika bu qarorni o‘z hududida ijro etmasligini va mazkur masalaga «hech qanday aloqasi yo‘qligini» ma’lum qildi.
Naftogaz» va «Gazprom» o‘rtasidagi nizo 2019 yilda tuzilgan Rossiya gazini Ukraina hududi orqali tranzit qilish bo‘yicha shartnomadan kelib chiqqan. 2022 yilda Rossiya Ukraina hududiga keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng, «Soxranovka» nuqtasi orqali tranzit amalga oshirish imkoni bo‘lmay qolgan. Shunga qaramay, «Naftogaz» «Sudja» punkti orqali xizmat ko‘rsatishda davom etgan, ammo «Gazprom» utkazib berish xizmatlari uchun to‘liq to‘lov qilishdan bosh tortgan.
2022 yil sentyabr oyida «Naftogaz» Shveysariyadagi Xalqaro savdo palatasi (ICC) arbitrajiga murojaat qilgan. 2025 yil iyun oyida arbitraj tribunali Ukraina kompaniyasi da’volarini to‘liq qanoatlantirgan, 2026 yil yanvar oyida esa Shveysariya Federal sudi «Gazprom»ning apellyatsiya shikoyatini rad etgan. Shundan so‘ng «Naftogaz» Rossiya kompaniyasi aktivlarini undirish maqsadida arbitraj qarorini turli yurisdiksiyalarda tan olish va ijro etishga erishish ishlarini boshlagan.



