Saudiya Arabistoni O‘zbekistondan 100 nafar tibbiyot xodimini ishga joylashtirishga tayyor. Tajribali mutaxassislarga esa oyiga 2500 dollargacha maosh taklif etilishi mumkin. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Tibbiyot sohasidagi mehnat migratsiyasi masalalari ikki davlat rasmiylari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilingan. Muzokaralarda O‘zbekistonning Er-Riyaddagi elchixonasi vakillari, Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi Kadrlar departamenti rahbarlari hamda xususiy Vigour Locomotion Medical Center klinikasi rahbariyati ishtirok etgan.
Tomonlar, xususan, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik masalalarini muhokama qilgan. Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligida qayd etilishicha, hozirgi kunda mamlakatdagi xususiy shifoxona va tibbiyot markazlariga 4,5 ming nafar shifokor va hamshira kadrlari yetishmayapti. Shu sababli hamkorlik dasturlarini amalga oshirishning birinchi bosqichida o‘zbekistonlik 100 nafar shifokor va yordamchi tibbiyot xodimlari uchun bo‘sh ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, mehnat shartnomalariga ko‘ra, ish beruvchi xodimlarning iqomasi (rasmiy yashash va ishlash ruxsatnomasi), turar joyi, ichki transport xarajatlari, tibbiy sug‘urtasi hamda yillik aviachipta xarajatlarini to‘liq qoplab beradi.
Ish haqi yosh shifokorlar uchun 4 500–5 600 saudiya riali (taxminan 1 200–1500 AQSH dollari), tajribali mutaxassislar uchun 5 600–9 300 saudiya riali (1 500–2 500 dollar), hamshiralar uchun esa 3000–3 750 saudiya riali (800–1000 dollar) miqdorida belgilangan.
Saudiya tomoni ma’lumotiga ko‘ra, ehtiyoj asosan oilaviy shifokorlar, akusher-ginekologlar, fizioterapevtlar, dermatologlar, bolalar psixologlari hamda yuz-jag‘ jarrohlari kabi mutaxassisliklar bo‘yicha mavjud.
Saudiya Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarining yuqori kasbiy malakasi, mehnatsevarligi va intizomliligini alohida qayd etishdi. Ularning ta’kidlashicha, ingliz tilini biladigan va kasbiy etika qoidalariga qat’iy amal qiladigan nomzodlarga talab ayniqsa yuqori.
Saudiya tomoni shuningdek mehmonlarga Er-Riyad viloyatida zamonaviy ko‘p tarmoqli sog‘lomlashtirish markazi qurish loyihasini ham taqdim etgan. Diplomatlar orqali o‘zbekistonlik investorlar ushbu muhim tashabbusni amalga oshirishda ishtirok etishga taklif qilingan. Rasmiylar qayd etishicha, sanatoriy binolarini qurish jarayonida Markaziy Osiyodan boshqa mutaxassislar ham jalb qilinishi mumkin — jumladan haydovchilar, muhandislar, duradgorlar, elektriklar va boshqa ishchi kasb egalari.
Uchrashuvda iyul oyi oxirida Saudiya Arabistoni sog‘liqni saqlash vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga rejalashtirilgan tashrifi muhokama qilingan. Shuningdek, turli formatlarda muzokaralar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Kutilishicha, ushbu tashrif natijasida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga chiqadi. Birinchi navbatda, o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarini xorijda ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.



