Joriy yilning yanvar–mart oylarida Qirg‘izistonda eng yuqori o‘rtacha ish haqi moliyaviy vositachilik va sug‘urta sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Ushbu sohada o‘rtacha oylik ish haqi 92,1 ming som (1053 AQSH dollari)ni tashkil etdi. Bu haqda Economist.kg nashri respublika Milliy statistika qo‘mitasi hisobotiga tayanib xabar berdi.
Nashr ta’kidlashicha, shu tariqa moliya sektori an’anaviy ravishda eng yuqori maosh to‘lanadigan sohalardan biri hisoblangan qazib chiqarish sanoatini ortda qoldirdi. Hisobot davrida mazkur soha 90,5 ming som (1035 AQSH dollari)lik o‘rtacha ish haqi bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.
Eng yuqori o‘rtacha ish haqi qayd etilgan sohalar qatoriga quyidagilar ham kirdi:
✅ axborot va aloqa — 79,9 ming som (914 AQSH dollari);
✅ davlat boshqaruvi — 68,7 ming som (785 AQSH dollari);
✅ qayta ishlash sanoati — qariyb 66,2 ming som (757 AQSH dollari);
✅ energetika sohasi — taxminan 64,3 ming som (735 AQSH dollari).
2026 yilning birinchi choragida Milliy statistika qo‘mitasi tahlilchilari hisob-kitoblariga ko‘ra, eng yuqori ish haqi o‘sishi qishloq, o‘rmon xo‘jaligi va baliqchilik sohasida faoliyat yurituvchilarda kuzatildi. Ularning maoshi o‘tgan yilning dastlabki uch oyiga nisbatan qariyb 35 foizga oshgan. Biroq pul ifodasida o‘rtacha ish haqi 37,7 ming som (431 AQSH dollari)ga yetgan.
Mamlakatda eng yuqori maosh oluvchi moliya sohasi xodimlarining ish haqi esa 28,8 foizga ko‘paygan. Shuningdek, kasbiy, ilmiy va texnik faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar, ko‘chmas mulk sohasi vakillari, energetika tarmog‘i xodimlari hamda quruvchilarning maoshlari ham eng tez o‘sgan toifalar qatoridan joy olgan.
Ish haqining o‘sish sur’ati bo‘yicha eng past ko‘rsatkich ta’lim sohasi xodimlarida qayd etilgan — ularning maoshi qariyb 6 foizga oshib, o‘rtacha 27,4 ming som (313 AQSH dollari)ni tashkil qilgan.
Bundan tashqari, bir sohada hatto manfiy natija kuzatilgan. Hisobot davrida xizmat ko‘rsatish faoliyati sohasida band bo‘lganlarning ish haqi 2,9 foizga qisqargan. Ushbu toifa xodimlarining o‘rtacha oyligi 29,5 ming som (337 AQSH dollari)ni tashkil etgan.
Ta’kidlanishicha, Qirg‘iziston mehnat bozori nafaqat daromadlarning umumiy o‘sishi, balki iqtisodiyot tarmoqlari o‘rtasida yetakchilikning o‘zgarishi hisobiga ham shakllanmoqda. Shu bilan birga, turli sohalar o‘rtasidagi ish haqi tafovuti hali ham katta bo‘lib qolmoqda. Masalan, moliya sohasi xodimlarining o‘rtacha maoshi san’at, ko‘ngilochar va dam olish sohasi xodimlari hamda o‘qituvchilarning ish haqidan uch baravardan ham ko‘proqdir.



